Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:53

Shanba kungi hodisadan keyin Muhammad Solihning uyi qattiq qo‘riqlanmoqda


Muhammad Solihning Istambuldagi uyi shanbaga o‘tar kechasi noma‘lum shaxslar tarafidan o‘qqa tutildi.
Muhammad Solihning Istambuldagi uyi shanbaga o‘tar kechasi noma‘lum shaxslar tarafidan o‘qqa tutildi.
Ozodlik bilan suhbatlashgan Turkiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xodimiga ko‘ra¸ 24 avgustda o‘qqa tutilgan Istanbuldagi Muhammad Solih yashaydigan uy qattiq qo‘riqlanmoqda.

24 avgustga o‘tar kechasi O‘zbekiston xalq harakati rahbari Muhammad Solihning Istanbuldagi uyi o‘qqa tutildi. Voqea guvohlariga ko‘ra, o‘qlar Muhammad Solih istiqomat qiladigan uyning kirish eshigiga tekkan va deraza oynalarini sindirgan.

Muxolifat yetakchisining Ozodlikka aytishicha, hech kimga zarar yetmagan.
Ozodlik bilan suhbatlashgan Turkiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xodimiga ko‘ra¸ Istanbul politsiyasi hodisa yuzasidan surishtiruv olib bormoqda.

Vazirlik xodimiga ko‘ra, xodisani Turkiya ichki ishlar vazirligi nazoratga olgan.

Ayni paytda, O‘zbekiston muxolifati yetakchisining Istanbuldagi uyi oldingiga nisbatan ancha kuchaytirilgan tarzda qo‘riqlanayotgani aytildi.


O‘q uzganlar gilzalarni yig‘ishtirib olishgan


Solih uyini qo‘riqlayotgan soqchi tungi soatlarda o‘q uzgan noma‘lum shaxslarning avtomobilda bo‘lganini aytgan. Shuningdek, o‘q uzganlar ikki kishi bo‘lgani ham taxmin qilinmoqda.

Yana bir taxminlarga ko‘ra, o‘q uzganlar yuzlarini yashirishmagan va mashinadan tushib gilzalarni terib olishgan.

Bu taxminni qisman tasdiqlagan Muhamad Solih 26 avgust kuni ham politsiya hodisa bo‘yicha tekshiruvlarni davom ettirganini aytdi:

- Meni Turkiyada biror dushmanim yo‘q. Men bir siyosatchiman. Men olib borayotgan siyosatga barham bermoqchi bo‘lganlar o‘q uzdi, deb taxmin qilaman xolos. Hujum kim tomonidan uyushtirilgani hozircha ma‘lum emas va menga aynan kim hujum qilgani borasida aniq tahmin yo‘q¸ ammo juma kuni shanbaga o‘tar kechasi bo‘ldi, ya‘ni dam olish kunlari arafasida sodir etilganining o‘zidan maxsus qilingani ko‘rinib turibdi,- dedi Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik bilan suhbatlashgan Turkiya Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xodimiga ko‘ra¸ ayni paytda Muhammad Solihning Istanbuldagi uyi qattiq qo‘riqlanmoqda.


Tazyiqlar bilan yuzma-yuz


O‘zbekiston muxolifati arboblariga nisbatan hujumlar ilk bora bo‘layotgani yo‘q. 2011 yilning 24 sentyabr kuni, o‘zbek muxolifati faollaridan biri Fuad Rustamxo‘jayev Ivanovo shahrida o‘z uyi oldida otib ketilgan edi.

2012 yil 22 fevral kuni Shvetsiyaning Stromsund shahrida O‘zbekistondagi Karimov rejimini oshkora tanqid qilib kelgan taniqli ulamo Obid qori Nazarovga o‘z uyi pod‘ezdida suiqasd uyushtirilgan edi.

Yaqin tarixga nazar solsak, o‘zbek muxolifat yetakchilariining tahdid bilan yuzma-yuz bo‘lgan holatlari ko‘pligini ko‘ramiz.

2001 yil 15 iyunida Qashqadaryolik muxolifatchi¸ parlament deputati Shovriq Ro‘zimurodov qo‘lga olindi va sal o‘tmay jasadi oilasiga qaytarildi. Shovriq Ro‘zimurodovning tergov davomidagi oqibatida o‘lgani aytiladi.

1999 yili O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining terrorizmga qarshi bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Botir Tursunov va Interpolning O‘zbekiston bo‘limi boshlig‘i polkovnik Mahmud Xayitovlar, Rossiyada tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan sobiq militsioner Bahrom Mo‘minoxunov ishtirokida Muhammad Solihga qarshi amalga oshmay qolgan suiqasd haqida Ozodlik radiosi rus hizmati maqola e‘lon qilgan edi.

Bu radiomaqolada Muhammad Solihga qarshi suiqasd qilishdan oxirgi daqiqada voz kechgan sobiq militsioner Bahrom Mo‘minoxunovning iqrori o‘rin olgan.


Muhammad Solih haqida


Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solih 1949 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan.
Toshkent Davlat Universiteti(hozirgi Milliy Universitet)ning Jurnalistika fakultetini, Moskvadagi Oliy Adabiyot kursini tugatgan.

Muhammad Solih yoshligidan kommunistik tuzum muxolifi bo‘lgan.

Solih o‘zining dunyoqarashiga Sovet Armiyasi safida Chexoslovakiyada xizmat qilgan paytida 1968 yilgi "Praga bahori"ning Sho‘rolar tuzumi tomonidan bostirilishining ham ta‘sir qilganini aytgan.

Muhammad Solihning ilk she‘riy kitobi 1977 yilda nashr etilgan, shundan so‘ng u avangard shoir sifatida tanilgan.

SSSRning so‘nggi yillaridagi oshkoralik siyosati Muhammad Solihni o‘tkir publitsistga aylantirdi.

U O‘zbekistondagi paxta yakkaxokimligi, Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik fojea mavzularida ko‘plab maqolalar e‘lon qildi.

Muhammad Solih 1988 yilda O‘zbekistonda tashkil etilgan ilk norasmiy muxolif harakat - "Birlik"ning asoschilaridan biri bo‘ldi. Muhammad Solih muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasini 1990 yilda tashkil etdi.

Muhammad Solihning nomzodi O‘zbekistonda 1991 yil dekabrida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Islom Karimovga raqib sifatida ilgari surilgan, rasman 12,7 foiz ovoz to‘plagani xabar qilindi.

O‘zbekistonda muxolifatga qarshi boshlangan tazyiqlar 1993 yilda Muhammad Solihni vatanni tark etishga majbur qildi. O‘zbekiston hukumati Muhammad Solihni 1999 yilgi 16 fevral portlashlarining tashkilotchilaridan biri deb ayblagan, lekin O‘zbekiston Oliy sudida ko‘rsatma bergan va keyin qamoqxonada hayotdan ko‘z yumgan Zayniddin Asqarov Muhammad Solih haqidagi ko‘rsatmalarini qiynoqlar natijasida olinganini Ozodlikka bildirgan edi.

2011 yildagi "Arab bahori" dan ruhlangan o‘zbek muxolifatchilarini, Berlin shahrida qator O‘zbek muxolif guruhlarini o‘zida birlashtirgan O‘zbekiston Xalq Harakatiga asos solishdi. Muhammad Solih bu qurultoyda O‘zbekiston Xalq Harakatining raisi etib saylandi.
XS
SM
MD
LG