Линклар

Шошилинч хабар
04 май 2024, Тошкент вақти: 21:45

Bu yil o‘quvchini maktabga hozirlash necha pulga tushmoqda?


O‘zbekiston mahalliy matbuotiga so‘zlagan rasmiylar hisobicha, o‘quvchini maktabga tayyorlash bu yil 70-80 ming so‘mga tushmoqda. Xalq ta‘limi vazirligining Ozodlikka so‘zlagan rasmiylari va ota-onalar esa bu summaning 100-140 ming so‘mdan 200 ming so‘mgacha borishi, ayni paytda, maktab bozorlarida bu yilgi narx hamda assortiment birmuncha yaxshilanganini aytmoqdalar.

O‘zbekiston rasmiy matbuotida berilgan xabarlarga ko‘ra, bu yil jami 398ta bozor va 276ta savdo majmusida maktab yarmarkalari tashkil etilgan.

10 avgustdan 30 avgustga qadar davom etadigan yarmarkalarda o‘quvchilar uchun o‘quv qurollari, sumka va boshqa zarur buyumlarni xarid qilish mumkin.

Ikki kun muqaddam Shahrixon tumanidagi maktab bozoriga borib, uch o‘quvchi -- 1-sinf, 5-sinf va 7-sinfga boradigan bolalarini kiyintirib qaytgan andijonlik ayol Salomatxon Karimova bu yilgi bozordan ko‘ngli biroz to‘lganini aytdi.

- Har holda daftar-ruchkalari ham, kundaliklar, sumkalar ancha arzonlashgandek. Bitta daftar 300 so‘mdan 500 so‘mgacha, kundalik ming so‘mdan boshlanadi, 5 minggacha bor. Ruchka 200-300 so‘m, rangli qalam 3 ming so‘mgacha. Sumkalariyam pulizga yarasha - 10 ming -15 ming so‘mdan to 50 ming - 60 minggacha ketadi u yog‘i. Lekin hammaga buyum borda. Istab borgan narsangizni olib qaytasiz,- deydi Ozodlik bilan suhbatda Salomatxon opa.

U 1-sinfga boradigan o‘g‘li uchun 50 ming so‘m atrofida, 5-sinfga boradigani uchun 100 ming, 7-sinfga boradigani uchun esa 150 ming so‘mcha pul sarflaganini aytadi.

- 1-sinf bolaga endi prezident sovg‘asi beriladi. Shuning uchun faqat forma bilan botinka olasiz. 5-,7-sinfga boradiganlariga endi tanlab-tanlab, pulimizga yarasha oldik. Shu 100-150 ming so‘mdan bo‘ldida. Qudamiz ham ikki qatordan yozlik-qishlik qilib olibdi 6-sinfdagi nevarasiga. "Chiroyli kiyimlar oldik, 140 ming so‘m ketdi", deyaptiyu,- deydi Salomatxon opa.

Bu ayolning aytishicha, u yashab turgan hududlarda yildan-yilga bolalarini maktabga yuborishda puldan qisilganidan shikoyat qilayotganlar ozaymoqda.

- Shu bozorlarda o‘zimizda chiqqan arzon daftar-ruchkalar bor. Shu o‘zimizning Shahrixonlarda chiqqanlariyam borda. Matolaram shu Toshkentlardan kelgan, shekilli. Keyin mahalladanam kam ta‘minlanganlarga kelib aytishyapti: "Bolangizga nima olib beraylik?" deb,- deydi Salomat opa.

Xalq ta‘limi vazirligining Farg‘ona viloyatidagi hududiy bo‘limlaridan birining maktab bozorlari uchun mas‘ul vakili bu hududlarda bolalarni maktabga yo‘llash bu yil o‘tgan yilgidan farq qilmasligini aytadi.

"Endi pulingizga qarabda, 1-sinfga o‘quv quroli prezidentimiz tomonidan beriladi, polniy komplekt. 2-sinfdan to bitiruvchi sinflaram kitoblarni maktabdan ijara oladi. Ijarayam unaqa qimmatmas. 5-6 ming so‘mdan 13 ming so‘mgacha. Endi u yoq-bu yog‘i 50-60 ming so‘mdan boshlansa, kichik sinflargada bu, katta sinflarga, juda borsa, 150 ming so‘m - undan qimmat bo‘lmaydi. Hozir hammaning qurbi bemalol yetadida bunga", dedi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatlashgan farg‘onalik maorif xodimi.

Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida ham qariyb ayni manzara.

- Faqat biz tomonlarda Toshkentdagidan biroz qimmat bo‘ladi. Chunki, o‘zi Toshkentdan olib kelishadida tovarlarni,- dedi Samarqand shahridagi maktablardan birining ismini ochiqlamagan o‘qituvchisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu shaharda o‘quvchini maktabga yo‘llash 90-100 ming so‘mdan 200 ming so‘mga qadar bormoqda.

Ayni paytda prezident sovg‘asining narxi va tarkibi bilan qiziqdik.

- Bu yil bitta prezident sovg‘asi 24 ming so‘m bo‘layapti. Shu portfel beriladi, ichi to‘la qalami, ruchkasi bilan penal beriladi. Daftar, kundalik bo‘ladi. 1-sinf bolasiga o‘quv quroli sotib olmaydi ota-ona. Faqat forma oladi, tamom,- dedi Xalq ta‘limi vazirligining hududiy bo‘limlaridan birining ismini oshkor qilmayotganimiz mutaxassisi.

Ayni mavzuda peshma-pesh xabarlar, foto va video reportajlar uzatayotgan mahalliy o‘zbek matbuotida esa bu yil o‘quvchini maktabga yuborish uchun ketadigan harajat miqdorini rasmiylar 70-80 ming so‘m, deb baholagani xabar qilinmoqda.

Real harajat bundan biroz baland bo‘lsada, ota-onalar uchun bu muammo emasligini aytgan Ozodlik suhbatdoshlari asl muammo o‘qish boshlangach, boshlanishini aytmoqda.

- Shu o‘qish boshlanmasdan yig‘-yig‘ boshlangani rasvoda o‘zi. Bolani sentyabrda bir amallab jo‘natib olasiz, bu qiyinmas. Keyin shu har bir oy-ikki oyda bir yig‘-yig‘i bor. Kitoblarning ijarasi bor. Metallolom, qog‘ozga pul, deb kelishadi kamiga. Remont. Shunaqa rasxodlari ezvoradi ota-onalarni, deydi Salomatxon opa.

Hozir O‘zbekistonda jami 1066 ta umumiy ta‘lim maktabi, 232 ta o‘rta-maxsus va o‘rta-maxsus kasb-hunar ta‘limi muassasalari bor.

Xalq ta‘limi vazirligi e‘lon qilgan rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, respublikadagi maktablarda 4 yarim milliondan oshiqroq o‘quvchi tahsil olmoqda.
XS
SM
MD
LG