Линклар

logo-print
Ucell rahbariyati MTSning O‘zbekistondagi sobiq sho‘‘basi - "O‘zdunrobita"dan qolgan chastotalarni sotib olishga qiziqish bildirmoqda. Ucell egasi bo‘lgan Shvetsiyadagi TeliaSonera shirkati hanuz prezident qizi Gulnora Karimova bilan pora oldi-berdilariga oid iddaolar tekshirilayotgan tergovlar markazidadir.

Ucell Texnik direktori Gurkan Arslon shirkat ayni damda MTSning O‘zbekistondagi sobiq sh‘basi - "O‘zdunrobita"dan qolgan chastotalarni sotib olishga qiziqish bildirayotganini ma‘lum qildi.

Mezon.uz Internet nashriga bergan intervьyusida Gurkan Arslon O‘zbekistonda ikkinchi yirik mobil aloqa operatori bo‘lib qolayotgan Ucell qamrov doirasi hamda xizmat sifatini oshirishga harakat qilayotganini aytdi.

Jumladan, yil oxiriga qadar shirkat mamlakatning 95 foizini qamrab olishini ta‘kidlagan Ucell mulozimi internet nashri muxbirining: "Sobiq MTS-O‘zbekistonga oid chastotalarini xarid qilishga qiziqmayapsizmi?" degan savoliga javoban:

"Qiziqayapmiz. Lekin bu masalani davlat hal qiladi", deb javob berdi.

Hozircha Ucell shirkati Texnik direktori Gurkan Arslon janoblarining o‘zi bilan suhbatlashish imkoni bo‘lmadi.

Shuningdek, Ucell egasi TeliaSonera shirkatining jamoatchilik bilan aloqalarini yuritayotgan BGR Group vakili Jon Lo ham hozircha bu borada biror qo‘shimcha izoh berilmasligini aytdi.

Biroq ayni damda TeliaSonera shirkati o‘z sho‘‘basi bo‘lgan Ucellning O‘zbekistondagi faoliyati uchun olingan chastotalar evaziga O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga bergani iddao qilingan poraga oid tergovlar markazida qolmoqda.

TeliaSonera rahbarlarining O‘zbekistondagi mobil aloqa chastotalarini sotib olish uchun Gibraltarda ro‘yxatga olingan Takilant Ltd. shirkati vositasida Gulnora Karimovaga 20 million AQSh dollari miqdorida pora berganiga oid iddaolar ilgari surilgan edi.

Hozir Shvetsiya, Shveytsariya hamda Frantsiya prokurorlari bu iddaolar bo‘yicha tergov olib borayotgan bir paytda shirkatning Toshkentdagi sho‘‘basi rahbari og‘zidan yangi to‘lqinlarni xarid qilish istagi yangragani jamoatchilik e‘tiborini tortmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistondagi mobil aloqa bozori giganti bo‘lgan MTS-O‘zbekiston aloqa operatori o‘rnini kim egallaydi, degan savol javobini kutayotgan millionlab o‘zbekistonlar qiziqishi ham Gurkan janoblari bayonotiga e‘tiborni tortmoqda.

Zero, 2012 yilning 17 iyulida faoliyati to‘xtatilguniga qadar "O‘zdunrobita" shirkati aloqasi mamlakatning 94 foizini qamrab oluvchi, abonentlari soni 9 yarim milliondan ortgan eng yirik aloqa operatori edi.

Ayni damda “O‘zdunrobita” shirkati bankrot, deb e‘lon qilingan va uning kimoshdi chiqarilgan 510 million dollarlik mulki davlat tassarufiga o‘tkazilgani rus matbuotida xabar qilingan.

MTSning Moskvadagi rahbariyati bu xabarlar yuzasidan biror rasmiy izoh bergani yo‘q.

Bu shirkat foydalangan mobil aloqa chastotalari uchun sotib olingan haq esa, O‘zbekiston qonunchiligiga binoan, litsenziya bekor qilingan kundan binoan o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblanadi.

1996 yilda Coscom nomi bilan ish boshlagan va 2007 yildan boshlab TeliaSonera ixtiyoriga o‘tgan Ucell hozir O‘zbekistonda Beeline operatoridan keyingi ikkinchi yirik mobil aloqa operatori bo‘lib qolmoqda.

Shirkat rasmiylar berigan ma‘lumotga ko‘ra, hozir bu operator abonentlari soni 10 milliondan ortiqdir.

Ammo Ucell operatorining xizmat sifati pastligidan shikoyatlar ko‘p va bu boradagi savollarga javob bergan Texnik direktori Gurkan Arslon qo‘shimcha chastotalarni xarid qilish sifat darajasini sezilarli ravishda oshirishini aytgan.

O‘zbekistondagi qonunchilikka binoan esa davlat hududidagi mobil aloqa chastotalariga egalik haqqi O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish davlat qo‘mitasiga berilgan.

Hozircha MTS-O‘zbekiston shirkati litsenziyasi bekor qilinishi ortidan mamlakatdagi mobil aloqa foydalanuvchilarining 94 foiziga xizmat ko‘rsatgan bu shirkat foydalangan chastotalar sotilganmi, sotilgan bo‘lsa, kimga sotilganiga oid biror rasmiy ma‘lumot yo‘q.
XS
SM
MD
LG