Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:56

OAV tanqididan so‘ng Zarafshon qamog‘idagi mahbusning sharoiti yaxshilandi


Vazira Alimova va turmush o‘rtog‘i (marhum) Turg‘un Alimov.
Vazira Alimova va turmush o‘rtog‘i (marhum) Turg‘un Alimov.
Zarafshon shahridagi qattiq tartibli qamoq koloniyasi ma‘muriyati mahbus Isroil Alimovning sharoitini yaxshiladi. Diniy ayblovlar bilan ozodlikdan mahrum qilingan Alimovning sharoiti yaxshilanishiga huquq himoyachilari va mustaqil axborot vositalaridagi tanqidiy maqolalar sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Zarafshon shahridagi KIN 64/48 raqamli qattiq tartibli koloniyada 15 yillik jazo muddatini o‘tayotgan Isroil Alimovning qamoqdagi sharoiti yaxshilangani haqida mahbusning onasi Vazira Alimova O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromovga ma‘lum qildi.

Sur‘at Ikromov Ozodlik bilan suhbatda avgust oyida o‘g‘lini ko‘rish uchun Zarafshon qamog‘iga borgan Vazira Alimovani koloniya nozirlari yaxshi kutib olganini va o‘g‘li bilan uch kunlik uchrashuvga birinchi marta ruxsat berishganini va keksa ona olib borgan posilka ham qaytarilmaganini aytadi.

- U g‘isht zavodida ishlarkan. Bir oyda ishlagan pulidan 2-3 ming so‘mni knijkasiga qo‘yib qo‘yisharkan. Hozir oyiga 50 ming so‘mdan qo‘yishayotgan ekan, deb Vazira opa xursand bo‘lib gapirdilar. Hozir Isroil Alimov ozib ketgan. 13 yildan beri qamoqxonada. Bir yarim yildan keyin jazo muddati tugab qamoqdan chiqishi kerak,- deydi Sur‘at Ikromov.

Besh farzandning onasi, 80 yashar Vazira Alimova joriy yil iyun oyida o‘g‘lini ko‘rish uchun qamoqxonaga borganida nozirlar uchrashuvga ikki kun vaqt bergan. Keksa onaning posilkasi qabul qilinmagan.

Sur‘at Ikromovga ko‘ra, qonun bo‘yicha mahbuslarning yaqinlari bilan uchrashishiga 3 kun vaqt beriladi. Ammo Vazira Alimovaga 13 yil davomida diniy ayblovlar bilan qamalgan o‘g‘li bilan faqat ikki kun uchrashishga ruxsat berib kelingan.

Qator mustaqil nashrlar, jumladan, Ozodlik shu voqea haqida tanqidiy maqolalar chop etganidan keyin koloniya ma‘muriyati Isroil Alimovning sharoitini yaxshilagan.

Sur‘at Ikromov Ozodlik bilan suhbatda tanqidiy maqolalardan keyin GUIN (Jazoni o‘tash bosh boshqarmasi) Zarafshon koloniyasi nozirlariga nisbatan chora ko‘rgan bo‘lishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilmadi.

- Ko‘p jurnalistlar chiqish qilganidan keyin bu albatta yuqoriga yetib boradi. Yuqoriga yetib borganidan keyin iloji boricha hammasini to‘g‘irlashga harakat qilishadi. Ularda maxsus prokuror bo‘ladi. Usha keladi, tekshiradi. Kerak bo‘lsa, kim to‘g‘risida axborot ketgan bo‘lsa, u bilan gaplashadi. Balki shuning uchun Isroilning sharoiti yaxshi bo‘lgan bo‘lishi mumkin,- deydi Sur‘at Ikromov.

Huquq himoyachisi mahbus Isroil Alimovning sharoiti yaxshilangani Zarafshon koloniyasidagi hamma mahbusning sharoiti yaxshilandi deyish uchun asos bo‘lmasligini ham qo‘shimcha qildi.

- Menimcha, bu hamma mahbusga talluqli emas. U yerda “strogiy rejim”. Bu juda og‘ir masala. Mahbusning sharoitini yaxshilash deganda ota-onalaridan, yaqinlaridan kelgan hamma oziq-ovqatni, kiyim kechakni qabul qilinishi tushuniladi.

Ularni qattiq ishlatishadi lekin pulini juda kam to‘lashadi. Pulini to‘lab tursa, u yerda o‘zini do‘koni bor o‘sha yerdan puliga oziq-ovqatlar sotib olishi mumkin. Shu manoda sharoit yaxshilangani to‘g‘risida gap ketayapti, deydi huquq himoyachisi.

1977 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Isroil Alimov “Xizb ut-Tahrir” diniy oqimiga a‘zolik ayblovi bilan 2000 yil 4 oktyabrda hibsga olingan va 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Oilada kenja, ya‘ni, beshinchi farzand bo‘lgan Isroil Alimov qo‘lga olinguniga qadar oilali bo‘lmagan. Uning jazo muddati 2015 yilda tugab ozodlikka chiqishi kutilmoqda

Sur‘at Ikromovga ko‘ra, Isroilning akasi 1971 yilda tug‘ilgan Ismoil Alimov ham 2003 yil 23 iyunda diniy motivlar bilan 8 yilga qamalgan.

2-3 yil qamoq jazosini o‘tagan Ismoil Prezidentdan kechirim so‘raganidan keyin amnistiyaga muvofiq ozod qilingan.
XS
SM
MD
LG