Линклар

“Sho‘rtan” futbol klubi shifokori o‘z joniga qasd qildi


Sharifjon Karimovning jasadi Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Qovchin qishlog‘i qabristonidagi daraxtga osilgan holda topildi.

Sharifjon Karimovning jasadi Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Qovchin qishlog‘i qabristonidagi daraxtga osilgan holda topildi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston oliy ligasida to‘p suruvchi “Sho‘rtan” futbol klubi bosh shifokori Sharifjon Karimov o‘z joniga qasd qildi. Shifokorning o‘zini osishiga hozirda futbol klubi xodimlari va uning homiylariga nisbatan olib borilayotgan jinoyat ishi sabab bo‘lgani aytilmoqda.

22 avgust kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston oliy ligasida to‘p suruvchi “Sho‘rtan” futbol klubi bosh shifokori, 51 yashar Sharifjon Karimov o‘z joniga qasd qildi. Shifokorning jasadi Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani Qovchin qishlog‘i qabristonidagi daraxtga osilgan holda topildi.

Qashqadaryo viloyati sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Karimov asfiksiya va bo‘g‘ilish oqibatida jon taslim etgan.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) va 205-moddasi (Mansab vakolatini suiiste‘mol qilish) bilan ayblanib, tergovlarga jalb qilingan Sharifjon Karimovning javobgarlikdan qutulish maqsadida o‘z joniga qasd qilgani aytilmoqda.

Qarshi tumani IIB xodimining ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlik muxbiriga aytishicha, Karimov o‘limi oldidan xat qoldirib, unga “Sho‘rtan” futbol klubi va “Sho‘rtangazkimyo” majmuasida sodir etilayotgan qonunbuzarliklarni tilga olgan.

Hozirda shifokorning o‘limi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi hamda u so‘nggi xatida yozib qoldirgan iddaolar “Sho‘rtan” klubi ma‘muriyatiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga qo‘shib o‘rganilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni nazorat taftish boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan “Sho‘rtangazkimyo” majmuasiga nisbatan olib borilayotgan rejali tekshirish hamda jinoyat ishi doirasida “Sho‘rtan” klubi boshlig‘i I. Norchayev hamda Qashqadaryo viloyati sobiq prokurori X. Turdiboyevlar hibsga olingan. Ular poraxo‘rlikda ayblanishmoqda.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasining matbuot xizmati 22 avgust kuni Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, sobiq prokurorning lavozimdan chetlatilganini tasdiqladi. Lekin uning hibsga olinganiga oid xabarni izohsiz qoldirdi.

Shuningdek, jinoyat ishi doirasida “Sho‘rtan” klubi boshlig‘i Ilhom Norchayev ham hibsga olinib, Buxorodagi Otbozor qamoqxonasiga joylashtirilgan.

Tekshirishlar natijasiga ko‘ra, adliya katta maslahatchisi bo‘lgan Turdiboyev go‘yo klub boshlig‘i Ilhom Norchayev vositasida “Sho‘rtangazkimyo” ma‘muriyatini “Sho‘rtan” futbol klubi faxriylarini sport formalari va anjomlari bilan ta‘minlash, shuningdek, mo‘‘jaz stadion qurib berishga majburlash orqali mansab vakolatini suiiste‘mol qilgan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, futbol bahonasida viloyatning Kasbi tuman prokurori Abduvohid Jo‘ralov ham lavozimidan chetlatilgan.

O‘zbekistonda futbolga majburiy homiylik hukumat rahbarlari tomonidan rag‘batlantirilishi va bu ish mulozimning xizmat pillapoyalari bo‘ylab o‘sishiga zamin bo‘lishi ma‘lum.
XS
SM
MD
LG