Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:48

Ta‘lim kreditini qanday olish mumkin?


OzodJavobning navbatdagi sonida O‘zbekiston oliygohlarida shartnoma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun beriladigan imtiyozli kreditning bankdan olish tartib-qoidalari borasida suhbatlashamiz.

Surxondaryolik Anvar ismli talaba yigit Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining ikkinchi bosqichida ta‘lim oladi.

Anvar OzodJavobga murojaat qilib, bankdan ta‘lim krediti olish tartibi borasida so‘radi.

"O‘tgan yili o‘qishim uchun shartnoma pulini to‘lashga rosa qiynaldik. Uydagi ho‘kizni sotdik. Keyin bobomning pensiya pullarini yig‘ib to‘ladik. Bu yil ta‘lim krediti olish haqida o‘ylayapmiz. Lekin kredit olish uchun garovga narsa qo‘yish kerak deydi. Mashina qo‘ysa bo‘ladi deyishdi. Lekin bizning mashinamiz yo‘q. Boshqa biror narsani garovga qo‘yish mumkinmi? Keyin xohlagan bankdan olsa bo‘ladimi? Qanday hujjatlar tayyorlash kerak? Olgach, pulni qachon qaytarish kerak? Qancha foiz to‘lash kerak? Iltimos shular haqida batafsil ma‘lumot bersangiz" deya murojaat qildi talaba yigit Ozodlikka.

O‘zbekiston oliygohlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta‘lim kreditlari berish O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining 2001 yilning 26 iyundagi qaroridan keyin yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur qarorga ko‘ra, ta‘lim krediti oliygohlarning kunduzgi bo‘limida shartnoma asosida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan talabalarga beriladi.

Ta‘lim kreditini mamlakat banklaridan talabaning o‘zi yoki uning ota-onasi hamda vasiylikka olgan shaxs nomiga olish mumkin.

“Aloqabank”ning Andijondagi bo‘limlaridan birining xodimiga ko‘ra, talaba faqat o‘zi doimiy qayddan o‘tgan hududdagi banklardangina ta‘lim krediti olishi mumkin.

- Ta‘lim krediti fuqaro yashaydigan hududdagi banklarning filiallarida beriladi. Masalan qaysi tumanning fuqarosi bo‘lsa, shu tumandagi filiallarda beriladi. Minibanklarda ta‘lim krediti ajratilmaydi, deydi bank xodimi.

Kreditni rasmiylashtirish uchun bankka quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

a) ta‘lim krediti berish to‘g‘risidagi ariza;
b) talaba va oliygoh o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt);
v) yashash joyidan ma‘lumotnoma;
g) kreditni qaytarishning ta‘minlanishi to‘g‘risida hujjat (Garov);
d) pasport;


“Xalq banki”ning Surxondaryodagi bo‘limlaridan birining xodimiga ko‘ra, agar talabada garovga qo‘yish uchun biror narsa bo‘lmasa, unga kredit berilmaydi.

- Zalog obyazatelьno, zalogsiz bo‘lmaydi.

Ozodlik: Qishloq joyda garovga nima qo‘yish mumkin?

- Uchinchi shaxs kafilligini qo‘yish mumkin.

Ozodlik: Uchinchi shaxs kafilligi deganingiz qanaqa bo‘ladi?

- O‘qituvchilarning ish haqini garovga qo‘yadida. Agar u to‘lamasa, men to‘lab beraman degan kafolatnoma beradi. Qarindoshi bo‘lishi mumkin, qo‘shnisi bo‘lishi mumkin. Farqi nima bizga? U notariusdan o‘tkazib beradi.

Ozodlik: Uchinchi shaxs kafolatidan boshqa qishloq joyda garovga yana nima qo‘yish mumkin?

- Mashina qo‘yishi mumkin.

Ozodlik: Mashinasi bo‘lmasachi?

- Boshqa texnika bo‘lishi mumkin, savdo do‘konlari bo‘lishi mumkin.

Ozodlik: Uyini qo‘ya oladimi?

- Yo‘q.

Ozodlik: Uydagi mebel bo‘lsa-chi?

- Yo‘q, ularni qo‘ya olmaydi.

Ozodlik: Katta summadagi garnitur bo‘lishi mumkin uyida.

- Yo‘q, ularni ololmaymiz, deydi “Xalq banki” xodimi.

Demak, amaldagi tartibga ko‘ra, kredit ta‘minoti sifatida garovga quyidagilar qo‘yilishi mumkin:

a) mol-mulk;
b) qimmatli qog‘ozlar;
v) bank yoki boshqa kredit muassasalarida chet el valyutasida yoki so‘mdagi depozit ko‘rinishidagi mablag‘;
g) bank, sug‘urta kompaniyasining kafolati- sug‘urta polisi;
d) uchinchi shaxs kafilligi;


Kredit olish uchun talab qilinadigan mashina, turar joy bo‘lmagan binolar yoki qimmatbaho buyumlarni topishning iloji bo‘lmagani bois aksar talabalar bankdan kredit olish imkonsiz ekanidan gapirishadi.

Toshkentdagi “Turon bank” bo‘limlaridan birining xodimiga ko‘ra, bunday holatda talaba uchun kredit ta‘minotiga garov sifatida eng osoni sug‘urta kompaniyasidan kafolat olishdir.

- Talabalarga eng yaxshisi sug‘urta polis taqdim etish.

Ozodlik: Sug‘urta polisiga qancha to‘lash kerak bo‘ladi, masalan 5 million so‘m olmoqchi bo‘lsa?

- 5 milliondan endi sug‘urta kompaniyalarining foizi bo‘ladi hisoblab beradigan, ma‘lum bir protsentdan hisoblab beradi. Masalan 0,2 bo‘lishi mumkin yoki 0,1dan hisoblab berishi mukkin. Buni sug‘urta kompaniyasining o‘zi nima qiladi. Deylik, 0,2dan bo‘ladigan bo‘lsa, 10 ming so‘mdan to‘laydi yiliga, deydi “Turon bank” xodimi.

Shuningdek, suhbatdoshimizning aytishicha, talabaning katta miqdorda pensiya puli oladigan pensioner qarindoshi bo‘lsa, uning kafilligi ham o‘tishi mumkin.

- Pensioner bo‘lsa, agar pensiyasi yetsa, qabul qilsa bo‘ladi. Ta‘lim uchun kontrakt summasi 5 million so‘m bo‘lishi mumkin, 5,5 million bo‘lishi mumkin. Bizlar uni bo‘lamiz, oyiga qanchadan to‘laydi o‘rganamiz. Agar pensioner pensiya yoshiga yetib pensiya oladigan bo‘lsa, u haqli to‘lab berishga. Chunki uning nevarasi bo‘lsa yoki o‘g‘li bo‘lsa. Bizning nizomlarda ham ko‘rsatib o‘tilgan, o‘zimizning ichki siyosatda ko‘rsatib o‘tilgan. Bu yerda aytiladiki, ota-onasi pensiya yoshida bo‘lsa yoki nafaqada bo‘lsa yoki boquvchisi bo‘lsa, o‘shalarga bersa bo‘ladi degan joyi bor, deydi “Turon bank” xodimi.

Ta‘lim krediti bakalavrlarga 10 yilgacha, magistrlarga esa 5 yilgacha bo‘lgan muddatlarga beriladi.

Ta‘lim kreditining foizi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo‘lmagan miqdorda, ya‘ni yillik 14 foiz qilib belgilangan.

“Asaka” bankning viloyat bo‘limlaridan birining xodimiga ko‘ra, kredit foizlarini har oyda to‘lay olmagan talaba mahkamaga tortilishi mumkin.

- Foizi har oyda qaytariladi. Asosiy qarz o‘qishni bitirgandan keyin uchinchi oydan boshlab qaytariladi.

Ozodlik: Mabodo foizini to‘lay olmasachi?

- Chora ko‘riladi. Sudga berilib, garovdagi mol-mulk hisobidan undiriladi. Sudga, prokuraturaga beriladi. Institutga xabar beriladi, deydi “Asaka” bankning viloyat bo‘limlaridan birining xodimi.

Qarz oluvchi kredit shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganda vakolatli banklar kredit berishni vaqtincha yoki to‘liq to‘xtatib qo‘yishlari mumkin.

Talaba oliy o‘quv yurtini bitirganidan 3 oy o‘tgach kreditni qaytarishni boshlashi shart.

Ta‘lim krediti olgan talaba o‘qish tugamasdan talabalar safidan chiqarilsa, 3 oy muddatda ta‘lim krediti va unga qo‘shilgan foizlar bo‘yicha qarzlarni to‘liq qaytarishi kerak. Oliygoh rahbariyati ham talabalar safidan chiqarish haqidagi buyruq chiqqan kundan 10 ish kuni mobaynida bankka xabar berishi talab etiladi. Aks holda oliygoh ma‘lum qilinmagan vaqt uchun foizlarni bankka to‘lashga majbur bo‘ladi.

Hukumat qaroriga ko‘ra, chin yetimlar va mehribonlik uyida tarbiyalangan talabalar, bolalikdan birinchi va ikkinchi guruh nogironlariga ta‘lim krediti foizsiz beriladi.

Shuningdek, kam ta‘minlangan oilalardan chiqqan talabalar uchun kredit uchun qo‘shilgan foizlar summasining 50 foizini Ish bilan ta‘minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi to‘lab berishi ko‘zda tutilgan.

Aziz mushtariy¸ agar sizning bugungi savollarga muqobil javoblaringiz bo‘lsa, yoki o‘z tajribangizda sinalgan holatlar bilan Ozodlik olgan javoblarni to‘ldira olsangiz, o‘z fikr-mulohazalaringizni sharh sifatida qoldirishingizni so‘raymiz.

Shuningdek, yana qaysi savollarga javob topishni istaysiz - OzodJavobga murojaat qiling.

Savollaringizni Skype orqali OzodSkype yoki ErkinMikrofon manzillariga yo‘llashingiz mumkin.

Shuningdek, telefon orqali +420 602 612 713 va +420 221 123 381 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, savollaringizni berishingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG