Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:04

O‘zbeklar Moskva meri saylovlarida faol


O‘zbekistonlik mardikorlar xizmatidan ham muxolifatchi Aleksey Navalniy, ham Moskva shahar hokimi Sergey Sobyanin foydalanmoqda.
O‘zbekistonlik mardikorlar xizmatidan ham muxolifatchi Aleksey Navalniy, ham Moskva shahar hokimi Sergey Sobyanin foydalanmoqda.
2013 yilning 8 sentyabriga belgilangan Moskva hokimi lavozimiga saylovlarga tayyorgarlik jarayonida o‘zbekistonlik mardikorlar faollik ko‘rsatayotgani kuzatilmoqda. Deyarli barcha nomzodlar migrantlarga qarshi ekanini yashirmayotgan bo‘lsa-da, ham muxolifatchi Aleksey Navalьniy, ham Moskva shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Sergey Sobyanin siyosiy kurashda o‘zbek muhojirlari mehnatidan foydalanayotgani qayd etildi.


O‘zbeklar Navalniyga tarafdor


Kuni kecha Moskva shahar transport politsiyasi “Park kulturi” metro bekatida kechki 7:30larda Moskva meri lavozimiga muxolifat nomzodi Aleksey Navalьniy nomidan varaqalar tarqatayotgan o‘zbek muhojirlarini hibsga oldi.

Hech qayerda rasman qaydda turmagan 1973 va 1964 yilda tug‘ilgan o‘zbekistonliklar zaruriy ruxsatnoma va hujjatlarsiz metroda targ‘ibot-tashviqot faoliyatini yuritganlikda ayblanmoqda.

Qo‘lga olingan 39 yoshli andijonlik Shuhratjon Ahmedov NTV telekanali muxbirlariga do‘stiga ko‘maklashishga chiqqani, ammo Navalniy o‘zi kim ekanini bilmasligini gapirib berdi.

- Qog‘oz tarqatayotgan edim. Navalskiymi.... Navalniymi... bilmadim kimligini. Menga do‘stim qo‘ng‘iroq qildi, biz metro oldida uchrashdik, keyin men tarqatdim. Shunchaki, 100 rublga yordamlashvordim, deydi Shuhratjon Ahmedov.

Politsiyada tashviqot materiallarini noqonuniy tarqatganlikda ayblanayotgan o‘zbekistonliklarga nisbatan protokol tuzilgani va ular ma‘muriy javobgarlikka tortilganini ma‘lum qilishdi.

- Biz Aleksey Navalniy saylov shtabidan, ham mer lavozimiga nomzodning o‘zidan Moskva metropolitenida bu ishlar bilan shug‘ullanmaslikni so‘raymiz. Buning uchun ko‘chalar, maydonlar mavjud. Qonun asosida metroda ham taqiqlanmagan tashviqot ishlarini olib borish mumkin, lekin mana bu ishlar noqonuniydir, deya o‘zbek muhojirlaridan olingan varaqalarga ko‘rsatadi Moskva metropolitenidagi 4-politsiya bo‘limi boshlig‘i muovini Oleg Gagarin.


O‘zbeklar Sobyaninga tarafdor


Ayni paytda, o‘zining millatchilik va migrantlarga qarshi chiqishlari bilan tanilgan nomzod Aleksey Navalьniy avgust boshlarida o‘zining asosiy raqibi Sergey Sobyaninga murojaat qilib, “hokim tomonidan jo‘natilgan o‘zbeklar” uning nomi yozilgan bannerlarni ko‘p qavatli uylar balkonlaridan olib tashlayotganidan arz qilgan edi.


“Nega Sizning meriyangiz plitkalarni o‘g‘irlayapti?” degan savolga javob bermayapsiz. “Nega Sizning meriyangiz ko‘kalamzorlashtirishda o‘g‘irlik qilyapti?”, degan savolimga ham javob bermayapsiz. Balkim Siz nega DEZlik o‘zbeklaringiz odamlarning balkonlaridagi “Navalьniy” yozuvlarini o‘g‘irlayotganiga tushuntirish berarsiz?” – deb yozdi Navalьniy shaxsiy blogida.

Muxolifatchi “bannerlar – saylov shtabi shaxsiy mulki ekani” va “odamlar uni o‘z ixtiyori bilan bepul o‘rnatganini” ko‘rsatdi.

“O‘zbeklaringiz baland binolarga ruxsatnomasiz chiqib ishlayapti. Ular axir tushib ketib o‘ladiku... O‘lmagani boshqa o‘zbeklarga moskvaliklarning uylariga osongina kirish yo‘llarini ko‘rsatib beradi. Bu esa turarjoy o‘g‘irliklari soni ko‘payishiga olib keladi” –deya kuyindi Aleksey.


Moskva meri lavozimi uchun kurashayotgan Aleksey Navalniy saylovoldi dasturini aynan “gastarbayterlarga qarshi” shiorlar asosida tuzdi.

- Nima uchun Dumada ko‘pchilikni va Moskva shahar dumasida 90 foizni egallab kelayotgan “Yagona Rossiya” Markaziy Osiyo va Kavkazorti respublikalari bilan viza rejimini joriy qilmayapti? Nima uchun har qaysi o‘zbek yoki tojik oddiy pasport bilan bu yerga kirib kelib, istaganicha qolishi mumkin? – deya yig‘ilgan moskvaliklarga murojaat qildi Navalьniy chiqishlaridan birida.

O‘zbek muhojirlari nafaqat Moskva shahar hokimi saylovlarida, balki prezident saylovida Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlagani “Lujniki” stadioni va Kreml oldiga mitingga kelgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Shu bilan birga, kuzatuvchilar migrantlarga qarshi millatchi yoshlar va boshqa jamoatchilik tashkilotlarining faollashganini bevosita shahar meri Sergey Sobyanin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning migrantlarga qarshi chiqishlari bilan bog‘lamoqda.

Eslatib o‘tamiz, 8 sentyabrga mo‘ljallangan Moskva meri lavozimi uchun kommunist Ivan Melnikov, “Yabloko” partiyasi namoyandasi Sergey Mitroxin, “Adolatli Rossiya” raisi Nikolay Levichev, LDPR boshqaruvi a‘zosi Mixail Degtyarev, o‘z nomzodini o‘zi ilgari surayotgan Sergey Sobyaning va RPR-Parnas harakati yetakchisi Aleksey Navalьniylar kurashmoqda.
XS
SM
MD
LG