Линклар

28 avgust kuni Tyumen shahrida o‘tkazilgan navbatdagi reyd davomida¸ mahalliy politsiyaning bildirishicha¸ yuzdan oshiq muhojir hisbga olingan. 47 nafari deportatsiyaga topshirilgan bu muhojirlar orasida “Turkiston Islom partiyasi” va “Tablig‘i Jamoat” ekstremistik tashkiloti a‘zolarining ham borligi aytilmoqda.

Tyumen politsiyasi muhojirlar orasidan ekstremist qidirmoqda


2013 yilning 28 avgustida Tyumen shahar Ichki ishlar va FSB xodimlari shahar atrofidagi sanoat, qurilish, savdo va yashash ob‘ektlarida navbatdagi “zachistka” amaliyotini olib bordi.

Noqonuniy muhojirlarni aniqlash va Rossiyadan badarg‘a qilishga qaratilgan bu amaliyot davomida politsiya O‘zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon va Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan 700 kishini tekshiruvdan o‘tkazdi, deya ma‘lumot berdi Ozodlik muxbiriga Rossiya Ichki ishlar vazirligining Tyumen viloyati bo‘yicha boshqarmasi referenti, katta leytenant Dmitriy Konovalov:

- 100 nafardan ziyod odam ma‘muriy javobgarlikka tortildi, 47 xorijlikning ishi deportatsiya qilinish uchun sudga topshirildi. Qolgan 60 kishining shaxsi aniqlanmoqda. Tyumen shahrida qo‘lga olingan o‘zbekistonlik ikki kishining “Turkiston Islom partiyasi” xalqaro terrorchilar tashkiloti a‘zosi ekani aniqlandi. Undan tashqari, yana bir tojikistonlikning “Tablig‘i jamoat” terrorchilik tashkiloti vakili ekani ma‘lum bo‘ldi. Bu shaxs allaqachon ko‘rsatilgan ekstremistik tashkilotda faoliyat yuritgani to‘g‘risida ko‘rsatma berayapti, deydi Tyumen politsiya boshqarmasi rasmiysi Dmitriy Konovalov.

Rasmiylar iddaosicha¸ ekstremizmda ayblanayotganlardan “Ekstremistik materiallar federal ro‘yxati”ga kiritilgan va Rossiya hududida tarqatilishi man etilgan kitob va broshyuralar musodara qilingan.

Ozodlik bilan suhbatda politsiya vakili Tyumen atroflarida olib borilgan maxsus reyd “xalqaro ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha kompleks amaliyot” deb atalishini qo‘shimcha qildi.

Hibs etilganlar to‘g‘risida FSB buyrug‘i asosida ortiqcha ma‘lumot bera olmasligini gapirgan Dmitriy Konovalov¸ nima uchun oddiy mehnat muhojirlari orasida olib borilayotgan “tozalash”ga “xalqaro ekstremizmga qarshi amaliyot” degan nom berilganini o‘zi ham tushuntira olmasligini gapiradi:

- Xuddi shunday tadbir bugun, 29 avgust kuni, Tobolsk shahrida olib borildi. 21 kishi ushlandi. Bu yerda ham “Ekstremistik materiallar federal ro‘yxati”ga kiritilgan 40 yaqin kitob musodara qilindi. Bundan tashqari, bu yerda katta miqdorda geroin va sintetik narkotiklar topildi, dedi Tyumen viloyati bo‘yicha boshqarmasi referenti, katta leytenant Dmitriy Konovalov Ozodlik bilan muloqot davomida.



Tyumen shahar politsiyasida narkotiklar noqonuniy saqlanishi va ekstremistik faoliyat olib borilgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishga tayyorgarlik ko‘rilayotganini bildirishdi.

Rossiyadagi “Fuqaroviy ko‘mak” tashkiloti rahbari Yelena Ryabinina hozircha bu shaxslar qaysi davlat tomonidan qidiruvga berilgani noma‘lum qolayotganini gapirdi.

- Bu vaziyatda tushunarsiz qolayotgani – gap ektraditsiya qilish to‘g‘risida ketayaptimi yoki ularga Rossiyaning o‘zida biror ayblov qo‘yiladimi... Biz¸ albatta¸ FSB va mahalliy prokuraturaga so‘rovnoma yuboramiz va bu masala yuzasidan aniqlik kiritishga urinib ko‘ramiz, dedi Ozodlik muxbiriga Yelena Ryabinina.

Tyumen dindorlarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha “peshqadam”


Tyumen viloyati Federal xavfsizlik xizmati va politsiyasi O‘zbekiston so‘rovi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan fuqarolarni ushlab ekstraditsiya qilishda ilg‘orlik qilayotgan Rossiya mintaqalaridan biridir.

2013 yil iyulida mahalliy huquq-tartibot idoralari Tyumen aeroportida rossiyalik dindor Usmon Muhiddinovni hibsga oldi. Mahbusning yaqinlari Muhiddinovning 1992 yilda O‘zbekistondan chiqib ketganiga qaramasdan, “diniy-ekstremistik tashkilotlar tuzganlik” va “O‘zbekiston Respublikasiga xavf soluvchi faoliyat” yuritganlikda ayblanib xalqaro qidiruvga berilganini ta‘kidlamoqda.

2011 yil mart oyida Tyumen jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan Qirg‘izistonning O‘sh shahrida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklarni tashkil etganlik va ishtirok etganlikda ayblanayotgan 27 yoshli Xayrullo Abdurasulov Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi talabi bilan hibsga olingan edi.

2010 yilning 5 mart kuni Rossiyaning Tyumen viloyat tergov hibsxonasida O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-moddasi asosida konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblanib qariyb ikki yil ushlab turilgan asli namanganlik dindor Abdullajon Isoqov hibsdan ozod etilgan edi.

Tyumendan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishi Strasburg mahkamasi talabiga ko‘ra to‘xtatilgan mahbuslardan yana biri¸ 2005 yili 13 may Andijondagi qirg‘inga guvoh Abdumuttalib Karimovdir. Karimov 2008 yilning 11 iyunida Mariy El viloyatining Yoshkar Ola shahrida qo‘lga olingan edi.

Tyumen viloyati sudi Rossiya Bosh prokuraturasining 2005 yilning avgustida O‘zbekiston so‘roviga ko‘ra hibsga olingan Bayramali Yusupovni ekstraditsiya qilish haqida chiqargan qarorini bekor qilgan edi.

Noviy Urengoy shahridagi mahalliy masjid imomi, asli o‘zbekistonlik Isomiddin Akbarov 2010 yilning 10 oktyabrida noma‘lum shaxslar tomonidan aynan Tyumen shahri yaqinida otib ketilgan edi.
XS
SM
MD
LG