Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:53

Tojikistonda yana ikki o‘zbek maktabi tojikchalashtirildi


Tojikistonning Vahdat shahridagi o‘zbek maktabi o‘quvchilari.
Tojikistonning Vahdat shahridagi o‘zbek maktabi o‘quvchilari.
Tojikistonning Dang‘ara tumanidagi o‘zbek tilida tahsil beradigan ikki maktabda 1 sentyabrdan boshlab darslar tojik tilida o‘tiladigan bo‘ldi. Tojik rasmiylarining aytishlaricha¸ bunga ota-onalarning arizalari sabab bo‘lgan.

Dang‘ara tumanining Bobotubxona va Lavak qishloqlaridagi o‘zbek tilli maktablarida o‘qiyotgan 300dan ortiq o‘quvchining ota-onasi maktablardagi darslar tojik tilida o‘tilishini so‘rab tuman Xalq maorifi bo‘limiga murojaat qilgani aytiladi.

Dang‘aralik Xoldona Yo‘ldosheva shunday so‘rovga qo‘l qo‘yganlardan biri:

- Biz hammamiz bunga tayyormiz. Kelinlarim tojik, dadam o‘zbek, onamning dadasi tojik. Aralash bo‘lib ketganmiz, chunki Tojikistonda yashaymiz. Nevaralarim endi tojikcha o‘qiydi va ularning oliygohlarga o‘qishga kirishi yengillashadi, deydi Ozodlik muxbiri gaplashgan Xoldona Yo‘ldosheva.

Shu paytgacha tumandagi uchta ikki tilli maktab ham to‘laligicha tojikchalashtirilgan edi. Shu maktablardan biri direktori Nurillo Abdulloyevning aytishicha, maktab tojikchalashtirilganidan so‘ng o‘quvchilarning oliy o‘quv yurtiga kirish ko‘rsatkichi yaxshilangan:

- O‘quvchilar uzoq yillar mobaynida hech qayerga o‘qishga kirolmas edi. Chunki maktabni o‘zbek tilida bitirgani bilan, tojik oliy o‘quv yurtlariga imtihon topshirolmas edi. Bunday ahvolni ko‘rgan ota-onalarning o‘zlari darslarni tojikchalashtirish tashabbusi bilan chiqdilar. Hozir sobiq o‘quvchilarimizdan besh nafari xorijga o‘qishga ketgan va o‘nlab o‘quvchilarimiz o‘zimizdagi oliygohlarda tahsil olayapti. Mening ikki kelinim ham tojik va bolalar uyda ko‘proq tojikcha gapiradi, lekin adabiy tilni o‘rganish uchun maktab kerak, deydi Nurillo Abdulloyev.

Dang‘ara tumani Xalq maorifi bo‘limi mulozimi Jo‘raxon Yusupov, o‘zbek tilidagi maktablar o‘qituvchilari ishsiz qolishdan xavfsirab maktablarning to‘la tojikchalashtirilishiga qarshi chiqib kelganini bildirdi:

- Ular hamma maktablar tojikchalashtirilsa¸ biz ko‘chada qolamiz¸ deb qo‘rqishdi. Biz ularga aytdik, bu ota-onalarning taklifi, o‘zlaring ular bilan maslahat qilib ko‘ringlar, sizlar tojik tilida ham dars o‘ta olasizlar, farzandlaring kelajagini o‘ylanglar, deb. Ular kengashib rozi bo‘lishdi va bugun ularning aksariyati maktabda ishlayapti, deydi Jo‘raxon Yusupov.

Tojikistonlik mustaqil jurnalist Haydar Boboyev ota-onalarning o‘zlari maktablarni tojikchalashtirish haqida ariza yozganlariga ishonmasligini aytadi:

- Ota-onalar guruh-guruh bo‘lib yozmagani tabiiy, balki bir-ikki ota-ona shunday iltimos qilgandir. Ularni ham to‘g‘ri tushunish kerak, chunki oliygohlardagi o‘qishlar tojikcha, kirish imtihonlari ham. Hozir o‘zbeklar orasida farzandlarini tojik yoki rus tilidagi maktablarga berish holatlari ko‘paydi. O‘zbeklar Tojikiston aholisining 24 foizini tashkil etadi, albatta¸ oliygohlarda ularga ona tilida o‘qish yo‘qligi achinarli hol. Bir tomondan qaraganda, davlat tilida tahsil olgan o‘quvchi o‘zining kelajagi uchun yo‘l ochadi. Boshqa tomondan esa¸ bu to‘g‘ri emas. Har bir davlat o‘z fuqarosining ona tilida maktablar ochishi va oliygohlarda ham o‘qishi uchun sharoit yaratib berishi kerak, dedi jurnalist Haydar Boboyev.

Dang‘ara tumanidagi 70 maktabda 31 mingdan ortiq o‘quvchi tahsil oladi. Bu o‘quvchilarning 4000 nafarga yaqinini o‘zbeklar tashkil etadi.

Hozir tumanda to‘liq o‘zbek tilida o‘qitiladigan bir maktab va ikki tilda tahsil beradigan uch maktab qolgan, xolos.
XS
SM
MD
LG