Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:37

Hasharchilar ta‘minoti tashkilotlarga yuklandi


O‘zbekistonning janubiy tumanlarida paxta terimiga safarbar etiladigan hasharchilarga joy tayyorlash homiy tashkilotlarga taqsimlab berildi. Har bir tashkilot hasharchilarning yotoq joyini ta‘mirlab, ularning qozoniyu samovarigacha ta‘minlashi lozim.

Paxta terimi mavsumi yaqinlashgani sayin O‘zbekiston janubidagi tumanlar hokimiyatlari bu kampaniyaga qattiq tayyorgarlik ko‘rishga kirishdi.

Surxondaryo viloyatidagi mas‘uliyati cheklangan tashkilotlardan biri rahbarining ismi oshkor qilinmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, hasharchilar yotadigan joylarni ta‘mirlash uchun ham davlat¸ ham xususiy tashkilotlar homiylikka majburlanmoqda:

- Tuman hokimligida shu oyning boshlarida yig‘ilish bo‘lgan edi. Bu yig‘ilishga barcha davlat va xususiy korxonalar rahbarlari chaqirtirildi. Har bir tashkilotga eski klublar, kolxozlarning eski idoralari bo‘lib berilgan. Mana endi remont qilib yotibmiz. Qozonini, samovarini topishni mahallalar bo‘yniga yuklagan. Buning hammasi o‘zimizning mablag‘imiz hisobidan bo‘layapti. Ha, endi bir, ikki oyni o‘tkazish uchun sharoit qilishga harakat qilayapmiz. Haligi bir qo‘shiq bor edi, “Garchi paxta yengil, og‘ir tosh senda, Ish desa eng yosh, eng keksa senda”. Hozir shunaqa bo‘layapti, dedi korxona rahbarlaridan biri.

Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Jarqo‘rg‘onneft” ochiq hissadorlik jamiyatining o‘zini tanishtirmagan mulozimi ham ular chekiga tushgan dala shiyponi hasharchilarni qabul qilishga tayyor ekanligini aytdi:

- Bizga Oqqo‘rg‘on tomonda bitta shiypon birkitilgan edi. Shuni remont qilib, dush, tualet qurib tayyorlab qo‘ydik. O‘zimiz ham, boshqalar ham, xullas hamma yotoq bilan paxtaga chiqadi, dedi korxona mulozimi.

Jarqo‘rg‘on tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi ham dala shiyponlarini paxta terimiga tayyorlash homiy tashkilotlarga taqsimlab berilganini tasdiqladi:

- Hasharchilarni qabul qiladigan barcha joylar tappa-tayyor. Bular homiy tashkilotlarga biriktirilgan edi, samovarlarigacha olib borib qo‘yishgan. Terim boshlanish vaqtini aytishsa bo‘ldi, hamma hasharchi safarbar etiladi, dedi hokimlik mulozimi.


“Lider"lar” nafaqa uchun paxta teradi


Jarqo‘rg‘on tumanida mavsumni tez tugallash maqsadida mardikor ayollarning ham terimga jalb qilinayotgani aytiladi.

Ozodlikning Jarqo‘rg‘ondagi manbasining aytishicha, tumanda mardikor ayollardan iborat paxta terish guruhlari tuzilmoqda:

- Biz bu guruhga “Liderlar” deb chiroyli nom qo‘ydik. Bu madad guruhlari. Masalan, shu paytgacha bu mardikor ayollarni to‘plab¸ piyoz yoki sabzi o‘tatgan ayol “lider” bo‘layapti. Ularning aksariyati kam ta‘minlangan oilalardan, erlari Rossiyadagi ayollar. Ochig‘ini aytganda, bu ayollar paxta terimida ishtirok etishga majbur, chunki ularning hammasi bolalari uchun nafaqa oladi. Agar paxta terimida ishtirok etmasa, nafaqadan mahrum bo‘ladi, dedi jarqo‘rg‘onlik manba.

O‘zbekistonda mustaqillik bayrami o‘tgach paxta terimiga ommaviy safarbarlik boshlanishi kutilyapti.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, majburiy bolalar mehnati bois xalqaro bosimlar ostida qolgan O‘zbekiston hukumati maktab o‘quvchilarini paxta yig‘im-terimiga ommaviy jalb etmaslikka harakat qilmoqda.

Bolalar o‘rniga davlat byujetidan moliyalanadigan korxonalar, jumladan shifoxonalar xodimlari va maktab o‘qituvchilarini dala ishlariga majbur etmoqda.

Ozodlik Toshkentdagi kasalxonalar shifokoru-hamshiralarining paxta terimiga olib chiqilishi va ularning maoshlaridan pul ushlab qolinayotgani haqida xabar bergan edi.
XS
SM
MD
LG