Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 05:53

Piterda hibsdagi migrantlarni himoya qilish markazi ochildi


Sankt-Peterburgda mehnat muhojirlarini hibsga olish amaliyotlari davom etayotgan bir paytda, inson haqlari toptalishiga befarq bo‘lmagan shaharliklar tomonidan ko‘ngilli guruh tuzildi. Guruh a‘zolari noinsoniy sharoitda saqlanayotgan migrantlarni oziq-ovqat bilan ta‘minlashdan tortib, ularga huquqiy yordam berishga urinmoqdalar.

Piterlik bir guruh faollar so‘nggi oy davomida olib borilgan “zachistka”lar paytida ushlangan muhojirlarga ko‘mak berish markazini ishga tushirdi.

Huquq himoyachilari va oddiy peterburgliklardan iborat bu uyushmaning FMS, politsiya, OMON va boshqa davlat idoralarining hibs etilgan o‘zbek, tojik, qirg‘iz va boshqa millat vakillariga qilayotgan zulm-zo‘ravonliklariga qarshi kurashish uchun tashkil topgani aytilmoqda.

“Peterburglik kuzatuvchilar” ko‘ngillilar tashkiloti yetakchisi, guruh faoli Aleksandra Krilenkova Ozodlik bilan suhbatda hibsdagi migrantlarga ko‘maklashish markazi faoliyati haqida so‘zlab berdi.

- Guruhimiz “Huquq barcha uchun” deb nomlanadi. U bir necha hafta oldin – Moskva va Peterburgda xorij fuqarolarining ommaviy ravishda hibs etilishi va migratsiya qonunchiligiga kiritilgan qator o‘zgartishlar ortidan tuzildi. Ommaviy qama-qamalar amalga oshirilishi to‘g‘risida qonun tomonidan o‘zgartishlar joriy qilindi, ammo ularni saqlash joylarini kengaytirish masalasi ko‘tarilmadi ham! Bizda, Peterburgning Krasnoye Selosida yagona xorij fuqarolarini saqlash markazi mavjud. Bu joy 176 kishiga mo‘ljallangan. Ammo bir hafta oldin bu yerda 310 kishi bor edi, deydi bunday sharoit insonning hatto vaqtinchalik saqlanishiga ham to‘g‘ri kelmasligini gapirgan Aleksandra Krilenkova.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:35 0:00
Бевосита линк


Krilenkova o‘z guruhi hozirda “Peterburglik kuzatuvchilar”, “OGON – Jamoatchilik Kuzatuv Birlashgan Guruhi”, “Memorial” va boshqa jamoatchilik tuzilmalari bilan hamkorlikda ishlayotganini bildirdi.

Birgalikda olib borilayotgan maxsus kuzatuvlar natijasida¸ Krilenkovaga ko‘ra¸ Peterburg izolyatorlari va politsiya bo‘linmalarida huquqiy maqomi mavhum bo‘lgan minglab muhojir saqlanayotgani aniqlangan.

Politsiya reydlari davomida qo‘lga olingan muhojirlarning ma‘muriy ishlari mahalliy sudlarda “konveyyerga” qo‘yilgan, deya davom etadi suhbatdosh:

- “Potokka” qo‘yilgan sud mahkamalari yuzaga keldi. Ya‘ni odamlarni ommaviy ravishda sudlarga olib kelib, u yerda qolipga solingan qarorlar chiqarilmoqda: nechta odam olib kelinsa – shunchasiga deportatsiya qarori urib berilayapti. Ularni ham tushunsa bo‘ladi: bir kunda ko‘pi bilan o‘nta ishni ko‘rib chiqa oladigan fuqarolik sudyalari 30 ortiq ishni ko‘rishga majburlanayapti. Tarjimonlar yoki, ayrim hollarda, advokatlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi, deydi huquq himoyachisi.

Aleksandraning so‘zlariga ko‘ra, muhojirlarning aksariyati taqdim etayotgan ishga ruxsatnoma va patentlarning tekshiruv chog‘ida qalbaki ekani aniqlanmoqda.

“Aslida sud bunday holatni aniqlab, muhojirni ozod qilishi va firibgarlik asosida jinoiy ish qo‘zg‘atishi kerak, chunki muhojirlar bu yerda - jabrlanuvchidir”, deydi Krilenkova:

- Qonunga muvofiq, odamlar protokol tuzilgungacha 3 soat, protokol tuzilganidan keyin 48 soat ushlab turilishi mumkin. Bunday ommaviy hibs etishlar davomida esa muhojirlar kunlab qamoqxonalarda qolmoqda. Sud bu ishlarni ko‘rib chiqishdan bosh tortishi kerak, deydi oblavalar paytida ushlanganlar huquqlari mutlaqo toptalayotganini ta‘kidlagan Aleksandra Krilenkova.

“Huquq barcha uchun” guruhi rahbaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, asosan O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon fuqarosi bo‘lgan mahbuslar sudgacha politsiya bo‘linmalari, keyin Krasnoye Selo shaharchasida joylashgan Xorij fuqarolarini saqlash markazi, Zaxarьevskiydagi maxsus priyomnik, ayrim hollarda esa sud pristavlariga qarashli kvartiralarda saqlanmoqda.

Huquq himoyachisi “tozalash” amaliyotlari boshlangan birinchi kunlarda muhojirlarning hatto OMON va politsiya avtobuslarida saqlangani ham qayd etilganini aytadi.

Aleksandra Krilenkova yangi tuzilgan migrantlar huquqlarini himoya qilish markaziga Peterburgda istiqomat qilayotgan o‘zbek va boshqa millat diasporalari, oddiy ko‘ngillar yordami kerak, deydi:

- Bizga juda yordamingiz kerak. Bizga tarjimonlar zarur, sudlarda kuzatuvchi sifatida ko‘ngillilar kerak. Ayniqsa, ikki tilda so‘zlasha oladiganlar yetishmayapti. Biz yordamga kelganlarni o‘rgatamiz, nima qilish kerakligini tushuntiramiz. Bizning bor-yo‘g‘i ikkita advokatimiz bor, moddiy yordam bermoqchi bo‘lganlar advokatlar bilan o‘zlari kelishib, ko‘maklashishlari mumkin, deydi “Huquq barcha uchun” ko‘nggillilar guruhi rahbari Aleksandra Krilenkova.

Sankt-Peterburgda hibsga olingan mehnat muhojirlariga yordam berish istagida bo‘lganlar guruhning VKontakte va Facebookdagi sahifalariga murojaat qilishlari, bevosita guruh rahbari Aleksandra Krilenkova bilan +7-921-412-05-04 raqamli qo‘l telefoni orqali bog‘lanishlari mumkin.
XS
SM
MD
LG