Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:41

Axborot vositalari milliy uyushmasi erkin jamiyat faollarini nishonga olmoqda


O‘zbekistondagi nodavlat teleradiokanallarni rivojlantirish uchun xalqaro grantlar hisobidan tashkil qilingan uyushma erkin jamiyat faollarini qoralash ma‘rakasida ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assosatsiyasi tarkibiga kiruvchi Farg‘ona viloyatidagi Ruxsor-TV juma va shanba kunlari Ozodlik muxbiri qoralangan “Chiriyotgan odam” ko‘rsatuvini efirga uzatdi.

Ko‘rsatuvda bir vaqtlar Farg‘onada istiqomat qilgan va hozir Pragada faoliyat olib borayotgan Ozodlik muxbiri Farrux Yusufiy "ko‘rnamaklik"da ayblandi.

O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assosatsiyasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda “Chiriyotgan odam” nomli ko‘rsatuv maxsus buyruqqa ko‘ra nodavlat telestudiyalar tarmog‘idagi faqat bitta studiya tarafidan efirga uzatilganini aytdi.

Ko‘rsatuv muallifi bo‘lgan Ruxsor-TVsi rahbar o‘rinbosari bu telelavhani izohlashdan bosh tortdi.

Ko‘rsatuvni tomosha qilgan Marg‘ilondagi manbamizga ko‘ra¸ “Chiriyotgan odam” telelavhasi Ozodlik muxbirining Farg‘onada yashaydigan yaqinlariga ruhiy tazyiq o‘tkazishni maqsad qilgan.

Bu ko‘rsatuv erkin matbuotga qilingan hujumlar zanjiridagi navbatdagi halqa deya qabul qilindi.

Joriy yilning 17 iyul kuni Farg‘ona telekanalida Ozodlik muxbiri Mehribon Bekiyeva tanqid qilingan “Nonko‘rlik” degan ko‘rsatuv efirga uzatilgan edi.

Bundan oldin esa O‘zbekistondagi nodavlat telestudiyalar tarmog‘iga kiruvchi telestudiyalar inson huquqlari faoli Nadejda Otayevaning oila a‘zolariga qarshi “Haqiqat urug‘i” ("Zerno pravdi") filmini namoyish qilgan edi.

Bu eshittirishlarga jurnalist va huquq faollari nomini qora qilish urinishlari sifatida qaralmoqda.

Bosh qarorgohi Parijda joylashgan “Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi” vakili Nadejda Otayevaning aytishicha, keyingi paytda O‘zbekiston muxolifati va fuqarolik jamiyati faollariga qarshi bir nechta ko‘rsatuv O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assosatsiyasi tarkibiga kiruvchi telekanallar tarafidan efirga uzatilgan.

- Tasarrufimizdagi ma‘lumotlarga ko‘ra¸ bu filmlarda mamlakat tashqarisiga chiqib ketgan 58 kishiga qarshi axborotlar bor. Bu 58 kishi O‘zbekiston haqida tanqidiy fikrni ifoda qilayotgani bois tazyiq nishoni bo‘ldi. Bu kishilarni jamoatchilik oldida izza qilish uchun oshkora tuxmat ma‘rakasi olib borilmoqda. Hozir mamlakatga ekstraditsiya qilingan diniy faollarnimng rafiqalari ishtirokidagi filmlar namoyish qilinmoqda. Bu filmlarda dindorlarning rafiqalari bosim ostida o‘z erlariga qarshi gapirishga majburlanmoqda¸- deydi suhbatdosh.

Otayevaning ta‘kidicha¸ rasmiy Toshkent shu yo‘l bilan fuqarolarning siyosiy faolligini so‘ndirmoqchi.

Keyingi ikki-uch oy ichida O‘zbekiston muxolifat arboblari va fuqaroviy jamiyat faollariga qarshi bir necha filmlar O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assosatsiyasi tarkibiga kiruvchi telekanallar tarafidan efirga uzatilgan.

Bu filmlarda O‘zbekiston Xalq harakati rahbari Muhammad Solih¸ muhojiratdagi imom Muhammadsolih Abutov. "Birdamlik" harakati yetakchisi Bahodir Choriyevlar qoralanmoqda, deydi Nadejda Otayeva Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekistonlik inson huquqlari faoli Surat Ikromovga ko‘ra, bu tashviqot filmlari kishilarning tamal huquqi bo‘lgan “aybsizlik prezumptsiyasiga” zid kelmoqda.

- Aybsizlik prezumptsiyasiga muvofiq¸ u yoki bu shaxsning u yoki bu jinoyatni sodir etgani sudda o‘z isbotini topib¸ mahkama uni jinoyatda aybdor deb hukm chiqarmaguncha¸ bu shaxsni aybdor, deyish yoxud ularni jamoatchilik oldida qoralashga hech kim haqli emas¸- deydi suhbatdosh.

Surat Ikromovga ko‘ra, O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assosatsiyasi tarkibiga kiruvchi telekanallar tarafidan qayta – qayta namoyish qilinayotgan "Xunrezlik" deb nomlangan tashviqot filmi aybsizlik prezumptsiyasiniing buzilishiga yaqqol namuna bo‘la oladi.

Bu filmda qamoqxona kamerasidan turib, “tazarru” qilayotgan “jihodchilar” aks etgan.

Bosh qarorgohi Parijda joylashgan “Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi” vakili Nadejda Otayeva Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assosatsiyasini qo‘llab-quvvatlayotgan YeHXT¸ BMT taraqqiyot dasturi¸ YuNESKO¸ Konrad Adenaur jamg‘armasi kabi tashkilotlar ma‘suliyati haqida ham to‘xtaldi.

- Bu obro‘li tashkilotlar O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assosatsiyasini qo‘llab-quvvatlash asnosida assosatsiya olib borayotgan tuxmat ma‘rakasiga sherik bo‘lmoqda¸- deydi suhbatdosh.

Erkin so‘zga qarshi tahdidlar


2008 yilning 26 iyunida O‘zbekiston televideniyesi va O‘zbekistondagi nodavlat televideniyelar tarmog‘i orqali Ozodlik radiosiga qarshi ko‘rsatuv namoyish qilingan edi.

“Jurnalistik surishtiruv” nomi ostida taqdim etilgan ko‘rsatuvda "Ozodlik" xodimlari, "xalq dushmanlari" va "jinoyatchilar" sifatida tasvirlanadi.

Ko‘rsatuvda Ozodlik muxbirlari Hurmat Bobojon¸ Zamira Eshonova¸ Feruza Jo‘rayeva¸ Adolat Malik¸ Barno Ishoqova va Abdulla Iskandarlar badnom qilingan edi.

Bu hol “Ozodlik” radiosi rahbariyatining, jumladan, uning o‘sha paytdagi prezidenti Jeffri Gedmin (Jeffrey Gedmin)ning radio jurnalistlari hayoti uchun tashvishlanishiga olib keldi, ko‘rsatuv namoyishidan keyin u o‘zbek hukumati bilan muzokaralar olib borish uchun Toshkentga bordi.

“Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi” prezidenti Jefri Gedmin Farg‘ona viloyati televideniyesida namoyish etilgan Ozodlik radiosi muxbirlari haqidagi ko‘rsatuvni radio jurnalistlari uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid deb atagan edi.
XS
SM
MD
LG