Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:36

“Dori-darmon” rahbari ishdan olindi, lekin dori taqchilligi davom etayapti


O‘zbekiston farmatsevtika sohasidagi asosiy monopolist shirkatlardan biri bo‘lgan “Dori-darmon” kompaniyasi rahbari Umida Solihboyeva ishdan olinib, uning o‘rniga yangi rahbar tayinlanayapti. Ayni paytda farmatsevtika shirkatlaridagi tekshiruvlar ortidan mamlakat aptekalarida yuzaga kelgan zaruriy dori-darmonlarning taqchilligi barham topmadi.

Butun O‘zbekistonni farmatsevtika mahsulotlari bilan ta‘minlovchi “Dori-Darmon” AK shirkati boshqaruv raisi Umida Solihboyeva tekshiruvlar ortidan ishdan olindi. Hozirda shirkatga vaqtinchalik rahbar sifatida Maqsud Fayziyev tayinlangan.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan farmatsevtika shirkatlari faoliyatidan xabardor manbaga ko‘ra, “Dori-Darmon” boshqaruviga Toshkent farmatsevtika instituti rektori Ahmadxo‘ja Yunusho‘jayevni tayinlash kutilayapti.

“Dori-Darmon” shirkatining ismini ochiqlamayotganimiz mas‘uli Umida Solihboyeva ishdan olingani va shirkatni Maqsud Fayziyev vaqtinchalik boshqarayotganini tasdiqladi.

Lekin shirkatga kim doimiy rahbar etib tayinlanishi hali noma‘lumligini aytdi.

Toshkent farmatsevtika instituti mulozimlari Ahmadxo‘ja Yunusxo‘jayev hozirda institut rektori ekani va uning bu lavozimdan ketishi haqida hech qanday ma‘lumotga ega emasliklarini aytishdi.

Umida Solihboyeva shirkatda boshlangan moliyaviy-xo‘jalik tekshiruvlari boshlanishi bois mamlakatdan qochib ketgani xabar qilingandi.

Ozodlik Solihboyevaning keyingi taqdiri borasida biror ma‘lumotga ega emas.

Mamlakat farmatsevtika shirkatlarida prokuratura va soliq xodimlaridan iborat maxsus guruh joriy yilning fevral oyida boshlagan tekshiruv yoz o‘rtalarida nihoyasiga yetdi.

Matbuotga sizdirilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, ushbu tekshiruv natijasida O‘zbekistonga xorijdan dori-darmonlarni import qilish va mamlakat ichkarisida tibbiy mahsulotlarni ishlab chiqarishda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklar bo‘yicha jami 13 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. O‘zbekistondagi eng yirik farmatsevtika shirkatlari bo‘lgan “Dori-darmon” va “Pharmed” kompaniyalarining 16 nafar mulozimiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, tekshiruvlardan barcha mulozimlar ham jabr ko‘rmagan. Jumladan, manbaga ko‘ra, parlament spikeri Dilorom Toshmuhammedova nazoratida ekani aytiladigan “Pharmed” shirkati "suvdan quruq chiqish"ga erishgan.

- “Pharmed” shirkati Dilorom Toshmuhammedovning eri Ravshan Toshmuhammedovga tegishli. Farmatsevtika instituti rektori Ahmad Yunusxo‘jayev Toshmuhammedovlar oilasiga kuyov bo‘ladi. Ahmad Yunusxo‘jayev yaqin kunlar ichida “Dori-darmon” shirkatiga boshliq etib tayinlanadi. Yunusxo‘jayev yaqinda farmatsevtika institutida bo‘lgan tekshiruvlardan ham qutilib chiqdi. Institut xodimlari uning ustidan ariza bergan edi. Endi uni “Dori-darmon”ga tayinlashmoqchi, deya xabar qildi Ozodlik manbasi.

Yirik farmatsevtika shirkatlaridagi tekshiruvlar ortidan joriy yoz oyida mamlakat aptekalarida zaruriy dori-darmonlarning taqchillashib ketgani kuzatilgan edi.

Ozodlik muxbiri 2 sentyabr kuni Toshkent aptekalariga qo‘ng‘iroq qilganida dori-darmonlar assortimentidagi taqchillik o‘nglanmaganiga guvoh bo‘ldi.

Jumladan, Ozodlik muxbiri Toshkentdagi “Dori-darmon” shirkatiga qarashli o‘nta aptekaga mijoz sifatida qo‘ng‘iroq qilib, navakain dorisi bilan qiziqdi.

O‘nta aptekaning to‘qqiztasidan "Bizda navakain yo‘q", degan javob oldik.

Faqat bitta apteka - “Dori-darmon” shirkatiga qarashli Chilonzor tumani Obinazar ko‘chasidagi 3-raqamli aptekada 100 milligramlik navakain borligi va 2100 so‘mdan sotilayotganini aniqladik.
XS
SM
MD
LG