Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:14

Toshkent "bosh kadastri" pora bilan ushlangani aytilmoqda


2 sentyabr kuni "Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati" davlat unitar korxonasi boshlig‘i Marat Hasanov hibsga olingani xabar qilindi. Manbalarga ko‘ra, Hasanov yer maydonini noqonuniy ravishda pullayotgan paytda pora bilan qo‘lga olingan.

"Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati" davlat unitar korxonasi boshlig‘i Marat Hasanovning pora bilan ushlangani haqida xabar qilgan Uzmetronom.com sayti ishonchli manbalari ma‘lumotiga tayanganini aytmoqda.

Ozodlik muxbiri "Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati" davlat unitar korxonasi bilan bog‘langanida, tashkilot mulozimlari Marat Hasanovning pora bilan ushlangani haqidagi xabarni na tasdiqlashdi va na inkor qilishdi.

Korxonaning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, Marat Hasanov 2 sentyabrdan buyon ishga kelmagan.

Kadastr.uz saytida Marat Hasanov hanuz "Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati" davlat unitar korxonasi rahbari sifatida qayd qilingan.

Uzmetronom.com xabariga ko‘ra, Marat Hasanovning hibsga olinishiga uning kasbiy faoliyati sabab bo‘lgan.

“Hasanov xususiy turar-joy qurish uchun noqonuniy ravishda ajratilgan yer maydoni uchun pora olayotganida hibsga olingan”, deya yozdi mazkur sayt o‘z manbalariga tayangan holda.

Ozodlik suhbatlashgan toshkentliklarga ko‘ra, "Toshkent shahri yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati" davlat unitar korxonasi poytaxtdagi eng korruptsiyalashgan tashkilotlardan biri hisoblanadi.

Mazkur tashkilot aholi orasida yer maydonlari, turar-joy binolari, tijorat inshootlarini ro‘yxatga olish, pasportlashtirish, ularning yemirilishini belgilash va narxini baholash yoki qayta baholash payti “pul uzatilmasa ish bitmaydigan” korxona sifatida tilga olinadi.

Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan toshkentlik maklerning aytishicha, ayniqsa, uy-joy oldi-sotdisi jarayonida kadastr tashkilotisiz ishingiz bitmaydi.

“Agar uyni 20 million so‘mga sotib olgan bo‘lsangiz va uni 22 million so‘mga sotsangiz, ortiqcha 2 million so‘m sizning daromadingiz sifatida qayd qilinadi. Bu daromaddan soliq to‘lash va davlat boji undirish ko‘zda tutilgan. Shuning uchun kadastrga pora berish evaziga invertarizatsiya qiymatini pasaytirib ko‘rsatish va soliq to‘lashdan qochish mumkin. Kadastr mulk narxini kamaytirishi, yer maydonlari hajmini ham kamaytirib ko‘rsatishi mumkin. Davlat boji stavkalariga ega bo‘lgan mulklarni oddiy mulk tarzida o‘tkazib berishi mumkin. Kadastrga katta tashkilotlar katta miqdorda pora beradi. Masalan 2-3 ming dollar evaziga katta miqdordagi mulkni soliq to‘lashdan qutqarib qolish mumkin”, deydi suhbatdosh.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, ikki hafta avval Toshkent shahar yer resurlari va davlat kadastri boshqarmasining to‘rt nafar yuqori darajali mulozimi lavozimini suiiste‘mol qilish va pora olishda ayblanib, har biri 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
XS
SM
MD
LG