Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:04

Toshkentda prezident xavfsizligi uchun yana yo‘l ko‘mildi


Toshkent shimolidan markazga boradigan yo‘lovchilar 1 sentyabrdan boshlab qo‘shimcha bir necha kilometr yuradigan bo‘lishdi. Toshkentdagi o‘nlab ko‘chalar “davlat rahbarining xavfsizligi” degan tadbir doirasida yopib qo‘yilgani haydovchilarga mushkullik tug‘dirmoqda.

Toshkentni aeroport bilan bog‘laydigan Bobur ko‘chasi bo‘ylab o‘sib turgan archa daraxtlari tag-tugi bilan yulinib o‘rniga yangi ko‘chatlar o‘tkazildi.

Toshkent markazida taksichilik qiladigan Bobomurod ismli suhbatdoshga ko‘ra, bu holat Xitoy rahbari Si Tszinpin tashrifi oldidan shoshilib amalga oshirilgan.

Bundan 3 kun oldin haydovchilarni Hadra maydonidan Navoiy ko‘chasiga zudlik bilan eltgan yo‘l Mustaqillik bayrami arafasida ustiga tuproq qatlami solinib daraxtzorga aylantirigan edi.

Haydovchilar o‘zlari o‘rganib qolgan yaqin yo‘l bir kecha ichida archa va kashtan daraxtlari o‘sgan gulzorga aylanganidan hayron qolishdi.

Toshkentda taksichilik qiladigan Bobomurod ismli yigit Ozodlik biklan suhbatda bu holat bois shaharda avtomobil bilan harakatlanish mushkullashganidan shikoyat qildi.

- Shaharda mashina haydash qiyinlashdi. Masalan pedinstitut oldidan Glinka ko‘chasiga va Shota Rustaveli prospektiga olib chiquvchi ko‘chalar ham yopiq. Yaqin joyga borish uchun butun Toshkentni aylanib chiqamiz. Benzin qimmat bo‘lsa. Hokimiyat nimani o‘ylayapti o‘zi,- dedi suhbatdosh.

Toshkent ko‘chalarini tinimsiz o‘zgartirish¸ qayta nomlash va ko‘mib tashlash bilan kim shug‘ullanadi, degan savol javobini qidirib Toshkent shahar hokimiyatiga qo‘ng‘iroq qildik.

Ozodlik bilan suhbatda Toshkent shahar hokimiyati qurilish departamentining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra¸ bu o‘zgarish O‘zbekiston prezidentining Hadra maydonidagi favvora ochilishiga borishidan oldin amalga oshirilgan.

Mulozimga ko‘ra¸ “Toshkent markazini avtomobil qatnovidan qutqarib yashil zonaga aylantirish” jarayoni davom etmoqda.

- Poytaxt markazida piyodalarga imtiyoz yaratilmoqda. Navoiy prospektiga olib chiquvchi shoh ko‘cha maysazor va gulzorga aylantirilmoqda. Yana qo‘shimcha dekorativ darahtlar va gullar o‘tqaziladi bolalar maydonchalari quriladi. Bularni hammasi shaharliklar manfaatlari uchun qilinmoqda,- deydi suhbatdosh.

Toshkentning Yunusobod mavzeida istiqomat qiladigan va shahar markazida ustaxonasi bo‘lgan toshkentlik rassom (ismini aytmaslikni ma‘qul ko‘rdik) Ozodlik bilan suhbatda ishga mashinada kelib ketish tobora mushkullashganini aytadi.

Poytaxt yashovchisi sifatida suhbatdoshimiz hokimiyatning yo‘l ko‘mish siyosatidan faqat qiyinchilik va moddiy zarar ko‘rganini aytadi.

- Hech qanaqa xalq manfaati uchun emas bu o‘zgartirishlar. Prezident trassasiga yaqin yo‘llar yopilyapti. Bir odam havfsizligi uchun toshkentliklarning hammasi qiynalyapti. Masalan, men Istiqlol ko‘chasidan o‘tmoqchi bo‘lsam beton bilan to‘sib qo‘yishibdi. Nega deb so‘rasam militsionerlar prezident trassasiga yaqin deyishdi¸- deydi toshkentlik rassom.

Suhbatdoshga ko‘ra, mavjud holatdan nafaqat mashinasi borlar balki piyodalar ham zarar ko‘rmoqda.

Joriy yilda “davlat rahbarining xavfsizligi” degan omil bois Toshkent markazida velosipedda yurganlarga ham qarshi tadbir boshlangan edi.

Toshkentda keyingi 20 yil ichida o‘nlab ko‘chalar “davlat rahbarining xavfsizligi” degan tadbir doirasida yopib qo‘yilgani kuzatildi.

Masalan Markaziy Univermagdan Kosmanavtlar prospektiga eltuvchi yo‘l 2000 yildan boshlab butunlay bekitib tashlangan edi.
XS
SM
MD
LG