Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:58

Jenevada "o‘zbeklar ishi" doirasida reydlar o‘tkazildi


Shveytsariya tergovchilari pul yuvishda gumon qilayotganlardan biri Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyandir (o‘ngda).
Shveytsariya tergovchilari pul yuvishda gumon qilayotganlardan biri Gulnora Karimovaning xos yordamchisi Gayane Avakyandir (o‘ngda).
Shveytsariya prokuraturasi Jenevada pul yuvishda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarolariga oid jinoyat ishi doirasida o‘tgan oy oxirlarida bir nechta reyd o‘tkazilganini tasdiqladi. Ayni paytda bu ishni kuzatayotgan jurnalistning aytishicha, tintuvlar joriy haftada ham davom etgan.


Reydlar joriy haftada ham o‘tkazilgan


Avgust oyining oxirlarida Jenevadagi bir nechta manzil bo‘yicha joylashgan uylarda o‘tkazilgan tintuv pul yuvishda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarolari ishiga aloqador ekanini Shveytsariya bosh prokuraturasi Ozodlikka tasdiqladi.

Ozodlikka yuborilgan yozma bayonotga ko‘ra, reydlar Jeneva kantoni politsiyasi bilan birgalikda, o‘tgan yili ochilgan pul yuvishga doir jinoyat ishi doirasda uyushtirilgan.

Prokuratura bu jinoyat ishi, ismlarini keltirmagan holda, to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosiga qarshi ochilganini ham eslatadi.

Shveytsariyada tergov qilinayotgan pul yuvishga doir jinoyat ishida gumonlanuvchi sifatida o‘tayotganlar Alisher Ergashev, Shoxrux Sobirov, Gayane Avakyan va Behzod Ahmedov ekani ma‘lum, hamda ularning to‘rtalovi ham O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimovaga aloqador shaxslar sifatida ko‘rilayotgani aytiladi.

Ayni paytda, Shveytsariya prokuraturasi bayonotida tintuv o‘tkazilgan ko‘chmas mulk aynan kimga tegishli va uylar egalari qaysi davlat fuqarolari ekanini doir savollar izohsiz qoldirgan.

Pul yuvishda gumonlanayotganlarning to‘rtalovi ham Gulnora Karimovaga aloqador shaxslar sifatida ko‘rilayotgani aytiladi.
Pul yuvishda gumonlanayotganlarning to‘rtalovi ham Gulnora Karimovaga aloqador shaxslar sifatida ko‘rilayotgani aytiladi.
Lekin BiBiSi o‘zbek xizmati o‘z manbalariga tayangan holda, tintuv o‘tkazilgan uylardan biri O‘zbekiston prezidentining to‘g‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan Jenevadagi villadir, deya yozmoqda.

Bu iddaoni boshqa mustaqil manbadan tasdiqlashning iloji bo‘lmadi. Lekin, "o‘zbeklar ishini" yaqindan kuzatayotgan Shveytsariya jamoatchilik televideniyesi jurnalisti Iv Shtayner buni ehtimoldan soqit qilmasligini aytadi.

- Qonunga ko‘ra, Shveytsariya konfederatsiyasi Gulnora Karimovaning diplomatik daxlsizligi bekor qilinganidan xabardor qilinganidan keyin prokuratura tergovchilari uchun uning Jeneva yoki boshqa joylardagi uylarida tintuv o‘tkazishiga hech qanday to‘siq qolmadi. Rasmiylar uning diplomatik daxlsizligi bekor qilindimi, yo‘qmi buni izohlamayotgan bo‘lsa-da, mening bilishchimcha, Shveytsariya adliya timizi oldida Gulnora Karimovaning hech qanday daxlsizligi qolmagani aniq, deydi shveytsariyalik jurnalist.


Tergov geografiyasi kengaymoqda


Iv Shtaynerning o‘z manbalariga tayanib, yana aytishicha, “o‘zbeklar ishi” bo‘yicha joriy haftada ham Jenevadagi uylarda tintuv davom etgan.

- Ha, mening bilishimcha, tintuvlar o‘tgan hafta va kecha, seshanba kuni ham bo‘lib o‘tgan, deydi jurnalist.

Shu yilning iyun oyida bu ish doirasida Shveytsariya va Fransiya huquq-tartibot idoralari Gulnora Karimovaning Frantsiyadagi uylarida tintuv o‘tkazib, ularni muhrlab qo‘ygan edi.

Ma‘lum bo‘lishicha, fransuz politsiyasi Gulnora Karimovaning Parijdagi hashamatli kvartirasi, Sen Trope kurort shahridagi villasi hamda Versal shaharchasidagi qasrini bosgan.

Shveytsariya prokuraturasi o‘tgan yilning iyul oyidan beri O‘zbekistonning to‘rt fuqarosini katta miqdorda pul yuvganlikda ayblab, tergov olib bormoqda.

Bu ish Shvetsiya prokuraturasi TeliaSonera telekom shirkati O‘zbekistonga kirish uchun Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarga jami 320 million AQSh dollari miqdorida pora berganiga oid jinoiy ish ham Shveytsariyada tergov qilinayotgan jinoyat ishiga bevosita bog‘liqdir. Shvetsiyadagi tergovda ham Alisher Ergashev, Gayane Avakyan va Behzod Ahmedov gumonlanuvchi siftaida o‘tayotgani ma‘lum.

Iyun oyi boshida Shvetsiyadagi ishda to‘rtinchi gumonlanuvchi paydo bo‘ldi.

Ozodlik va Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi o‘tkazgan jurnalistik surishtiruv ortidan Shvetsiya prokuraturasi Stokholm sudiga kiritgan arizadan to‘rtinchi gumonlanuvchi Gulnora Karimova bo‘lishi mumkinligi ehtimoli borligini anglash mumkin.

Bundan tashqari, Fransiya va Latviya rasmiylari ham “o‘zbeklar ishiga” aloqador tekshiruvlarni boshlagani ma‘lum.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, Gulnora Karimovaning Parij va Fransiya janubidagi mashhur Sen Trope kurort shahrida bir nechta ko‘chmas mulki bor. Shuningdek, bu hujjatlarga ko‘ra, Gulnora Karimovaning jazmani, ba‘zi manbalarga ko‘ra, eri ekani aytiladigan sobiq pop-qo‘shiqchi Rustam Madumarov nomiga Parij yaqinidagi Versal shaharchasida qasr rasmiylashtirilgan.

Shveytsariya va Frantsiyada ko‘p million dollarlik ko‘chmas mulki bo‘lishiga qaramasdan, O‘zbekiston prezidenti qizining qariyb bir yildan beri bu mamlakatlarga qadam bosmagani aytiladi.

Jurnalist Iv Shtaynerning aytishicha, hozirda Gulnora Karimova uchun Shveytsariyaga kelish tahlikali bo‘lishi mumkin.

- Diplomatik daxlsizlik bilan bu yerga kelishga hech qanday to‘siq yo‘q. Lekin hozirda bu yerga kelish Gulnora Karimova uchun xavflidir, chunki u endi tergovda gumonlanuvchiga aylanishi mumkin,- deydi Shveytsariya jamoatchilik televideniyesi jurnalisti Iv Shtayner.
XS
SM
MD
LG