Линклар

Dubayda o‘zbekistonlik ayol ustidan tergov boshlandi


Dubay Bosh prokuraturasining kuzatuv kamerasida qayd qilingan tasvir (Surat Gulfnews.com saytidan olindi).

Dubay Bosh prokuraturasining kuzatuv kamerasida qayd qilingan tasvir (Surat Gulfnews.com saytidan olindi).

Dubay Bosh prokuraturasi binosida o‘zini portlatishga tahdid qilgan o‘zbekistonlik ayolning ishi bo‘yicha Dubay politsiyasi tergov boshladi. Mahalliy nashr xabariga ko‘ra, ayol portlatishga tahdid qilgan bomba haqiqiy bo‘lib chiqmagani tufayli O‘zbekiston fuqarosi 7 yillik qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.

Dubay Bosh prokuraturasi binosiga besh yashar o‘g‘li bilan kirib Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri shayx Muhammad bin Rashid al-Maqtum bilan uchrashtirishni talab qilgan, aks holda, belidagi portlovchi modda bilan to‘la kamarni portlatib yuborishga tahdid qilgan o‘zbekistonlik ayol 7 yilgacha qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.

Bu haqda Dubay sudining ismi oshkor qilinmagan hakamiga tayanib, Yemirates247.com nashri muxbiri Muhammad Al-Sadafi xabar qildi.

2 sentyabr kuni Dubay politsiyasining 13 soatlik amaliyotidan so‘ng 32 yoshli o‘zbekistonlik Zeleva Himraviya (Zeleva Himravia) hibsga olingan edi.

Qo‘lga olinganidan keyin ayolning yonida hech qanday portlovchi moslama topilmagan.

Dubay sudi hakami Yemirates247.com nashri muxbiri Muhammad Al-Sadafiy bilan suhbatda ayolning yonidan topilgan belbog‘ soxta bo‘lgani uchun unga Federal Jinoyat kodeksining 351-moddasiga muvofiq uch yildan yetti yilgacha, 232-moddasi – davlat idorasi rasmiylariga tahdid qilish va ular o‘z vazifalarini bajarishiga halal berganlik ayblovi bo‘yicha bir oydan uch yilgacha qamoq jazosiga hukm etilishi mumkinligini aytdi.

Sud rasmiyiga ko‘ra, agar ayolning yonida topilgan portlovchi belbog‘ soxta bo‘lmaganida unga Jinoyat kodeksining 193-moddasi, ruxsatsiz portlovchi moddaga ega bo‘lganlik aybi bo‘yicha 15 yil, 195-moddasi – portlovchi moslamadan foydalanishga urinish aybi bo‘yicha 15 yil va JKning 196-moddasida ko‘zda tutilgan davlat inshooti va mulkini taxdid ostiga qo‘yib portlovchi moddadan foydalanishga uringanlik aybi bo‘yicha 10 yillik qamoq jazosi belgilanishi kerak bo‘lgan.

Suddagi manbaga ko‘ra, bomba haqiqiy bo‘lmagani uchun o‘zbekistonlik ayol ko‘pi bilan 7 yillik qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.

Jurnalist Muhammad Al-Sadafiy Ozodlik bilan suhbatda xudkush o‘zini portlatishga tahdid qilgani 200dan ortiq davlat vakillari yashayotgan Birlashgan Arab Amirliklarida birinchi voqea bo‘lgani uchun yuqori lavozimli rasmiylar e‘tiborini o‘ziga jalb qilganini aytdi.

Al-Sadafiyga ko‘ra, o‘zbekistonlik ayol ustidan olib borilayotgan tergov jarayonini BAA Ichki ishlar vaziri o‘z nazoratiga olgan.

- Ichki ishlar vaziri Shayx Bin Zaid Al-Nahyan Dubaydagi voqea yuzasidan tergovni o‘z nazoratiga oldi. Vazir politsiyaga ayolga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lmaslik haqida buyruq bergan, dedi Al-Sadafiy.

Dubay matbuotining yozishicha, rus tilida so‘zlagan ayol yonidagi bolaning otasi Birlashgan Arab Amirligi fuqarosi ekanini, undan o‘z farzandini tan olishni talab qilayotganini aytib, bu borada Dubay rasmiylaridan yordam so‘ragan.

Xabarlarga ko‘ra, bolaning otasi Dubay markaziy qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda. Matbuotda uning qamoqqa olingani sabablari ma‘lum qilinmagan.

Muhammad Al-Sadafi Ozodlikka so‘roq qilish uchun politsiyaga olib kelingan erkak bolaning otasi ekani haqidagi ayolning iddaosini inkor qilgan.

Jurnalistga ko‘ra, o‘zbekistonlik ayol o‘z oilaviy muammolari borasida avval ham bir necha bor BAA Bosh prokuraturasiga murojaat qilgan.

Muhammad Al-Sadafi o‘zbekistonlik ayol Dubayda qariyb 10 yil davomida noqonuniy ravishda yashab kelgan va 5 yoshli bolasi ham hech qanday rasmiy hujjatga ega bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi.
XS
SM
MD
LG