Линклар

Bugun, 6 sentyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2014 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichining pley-off bahslari doirasida Iordaniya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Iordaniya poytaxti Amman shahrida o‘tadigan o‘yin Toshkent vaqti bilan 21:00 da boshlanadi.

O‘zbekiston terma jamoasi bungacha Iordaniya termasi bilan 7 marta o‘yin o‘tkazgan va ulardan uchtasida g‘alaba qozonib, uchtasida durang o‘ynagan. Bir o‘yin Iordaniya foydasiga yakunlangan.

Javob uchrashuvi 10 sentyabr kuni Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Agar O‘zbekiston terma jamoasi pley-offda ikki o‘yin natijasiga ko‘ra g‘olib chiqsa, u holda Janubiy Amerika saralash guruhida 5-o‘rinni qo‘lga kiritgan terma jamoa bilan o‘yin o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.

Agar Janubiy Amerika jamoasini ham mag‘lub eta olsa, u holda O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishi mumkin.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi O‘zbekiston va Iordaniya futbol jamoalari o‘rtasida 10 sentyabr kuni Toshkentda bo‘ladigan o‘yin uchun bir odamga to‘rttadan ortiq bilet sotilmasligini e‘lon qilgan edi.

Ushbu chora biletlar chayqovchiligining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgani aytilmoqda. Bundan avvalgi o‘yinlarda biletlarning aksari chayqovchilar tomonidan sotib olinib, futbol ishqibozlariga bir necha marotaba qimmatroq narxda sotilgani kuzatilgan.

O‘zbekiston-Iordaniya terma jamoalari o‘yini uchun biletlar 5 sentyabr kunidan boshlab, Toshkentning Paxtakor stadionida sotila boshlandi.

Hammasi bo‘lib 29 439 bilet sotuvga qo‘yilgan. Biletlar narhi 20 ming so‘mdan 35 ming so‘mgacha qilib belgilangan.
XS
SM
MD
LG