Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:31

G‘arb dizaynerlari paxtaga muqobil qidirmoqda


Paxtadan bo‘lmagan dunyodagi ilk jinsi shimni yaratgan shotlandiyalik dizayner va tadqiqotchi Doun Ellams
Paxtadan bo‘lmagan dunyodagi ilk jinsi shimni yaratgan shotlandiyalik dizayner va tadqiqotchi Doun Ellams
O‘zbekistonda paxta mavsumi boshlanib¸ yoshu qari dalaga majburan safarbar qilinayotgan pallada G‘arb texnologlari paxtaning muqobilini izlamoqda

Dunyodagi millionlab odam uchun paxtadan bo‘lgan jinsi shim kundalik kiyimdir. Qulay¸ pishiq ¸oddiy va bichimli bo‘lgan jinsi shimni ko‘pchilik sevadi.

Lekin bu shim tikiladigan matoni yaratish kurrai zaminning ekologik muvozanatini buzayotgani, millionlab odamni majburan ishlatish evaziga bo‘layotgani haqida ko‘pchilik bilmaydi.

Paxtadan bo‘lmagan dunyodagi ilk jinsi shimni yaratgan shotlandiyalik dizayner va tadqiqotchi Doun Ellamsning aytishicha¸ bitta jinsi ishtonga ketadigan paxtani sug‘orish uchun minglab chelak suv sarf bo‘ladi:

- Jinsi matosi to‘qiladigan paxta juda suvtalab o‘simlik. Paxtadan bo‘lgan jinsini tayorlash jarayonida ham ko‘p suv sarf bo‘ladi. Jinsini indigo bilan bo‘yash uchun ham juda ko‘p suv ketadi. Bitta jinsi ishton uchun 10 ming litr suv sarflanadi. Buning yoniga jinsi mato uchun yetishtirilgan paxtaga sarflangan qo‘l mehnatini qo‘shsak¸ manzara yanada oydinlashadi¸ deydi jinsi shim muqobilini topgan tadqiqodchi.


Alternativ gazlama


Shotlandiyadagi Heriot-Watt universitetida tadqiqot olib borgan Doun Ellams o‘zi tikkan jinsiy shim va futbolka uchun tabiiy tensel matosini ishlatdi:

- Tenselning o‘ziga xos tarafi uning yumshoq va momiqligidir. Kim uni kiyib ko‘rgan bo‘lsa¸ yumshoqqina ekan¸ tanaga yoqadi¸ deb aytishdi. Bir kiysangiz¸ yechgingiz ham kelmaydi. Tanaga yopishibgina turadi. Paxta mato sal dag‘al bo‘ladi¸ deydi dizayner-tadqiqotchi.

Tensel yoki “liotsell” evkalipt daraxtidan hozirlangan matodir. Evkalipt, Ellamsga ko‘ra¸ paxtaga qaraganda 20 foiz kam suv ichadi va paxtaga qaraganda 70 foiz kam ekin maydonini egallaydi:

- Evkalipt tsellyulozasidan olingan tensel gazlamasi nafaqat paxtadan bo‘lgan matolar balki¸ boshqa gazlamalar o‘rnini ham bemalol bosishi mumkin¸ deydi tadqiqotchi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ tensel ishlab chiqarish jarayonida ishlatilgan suyuqlikdan 99 foiz qayta foydalanish imkoni mavjud. Bu esa jarayonning ekologik xavfsiz ekanligidan dalolat.


Ekolibos istiqboli


Tensel gazlamasi ishlab chiqaruvchi Lenzing Fibers shirkati Avstriyada joylashgan. Bu shirkat boshqaruvchisi Djim Teylorga ko‘ra¸ Tensel gazlamasidan avtomobil o‘rindiqlari uchun jild¸choyshab va gilamlar to‘qilmoqda:

- Odamlar sintetik gazlama zarari haqida bilgich bo‘lib qolgani bois¸ bizning bozorimiz chaqqon. Masalan¸ poliestr neftdan olingani bois organizm uchun zarar keltirishini odamlar bilib olishgan. Paxta yetishtirish uchun suv va pestitsidlar sarflanishi haqida ham odamlarda bilgi bor. Shu bois odamlarni ekoliboslar qiziqtirmoqda¸ deydi Djim Teylor.

Ekologik toza liboslarga ehtiyojning toza va xavfsiz zaminda yashashni istagan ma‘rifatli qatlam orasida kuchaygani kuzatiladi.

Paxtaga muqobil gazlama topish istagining bu paxta ko‘p hollarda majburiy mehnat mahsuli bo‘lganiga norozilik sifatida ham paydo bo‘lgani aytiladi.

Shu kunlarda majburiy mehnat evaziga yetishtirilgan o‘zbek paxtasini ishlatishdan voz kechgan taniqli brendlar soni ko‘paymoqda.

"Bolalar va kattalarning majburiy mehnati mahsulidan foydalanmaslik va rasmiy Toshkent jinoyatiga sherik bo‘lmaslik ma‘suliyati kuchaygan"¸ deydi dunyodagi o‘nlab inson huquq faollarini birlashtirgan xalqaro “Paxta kampaniyasi” koordinatori Metyu Fisher-Deli.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi paxtaning aksar qismi qo‘l mehnati bilan terib olinadi. "O‘zbekistonlik o‘qituvchi va o‘quvchilar hamda davlat xizmatchilari paxta davrida qul kabi ishlatilmoqda"¸ deydi Metyu Fisher-Deli.

Suhbatdosh¸ tensel gazlamasi va undan jinsi shim tikish harakatlarini qo‘llab- quvvatlaydi. Huquq faoli¸ bu harakatlar vositasida O‘zbekistondagi paxta qulligiga chek qo‘yish mumkin deb biladi:

- Paxta Markaziy Osiyodagi ehtiyojdan ko‘proq yetishtiriladi. Masalan¸ paxta bois O‘zbekistonda Orol dengizi qurib qoldi. Bu esa aholi salomatligiga salbiy ta‘sir qildi. Albatta¸ paxta o‘simligiga muqobil narsa topish lozim¸ deydi Fisher-Deli.

"Paxtaga muqobil gazlamalar topilishi paxtaning badarg‘a qilinishini anglatmaydi¸ bu yerda gap muvozanat haqida bormoqda"¸ deydi paxtadan bo‘lmagan dunyodagi ilk jinsi matosini yaratgan shotlandiyalik dizayner va tadqiqotchi Doun Ellams.
XS
SM
MD
LG