Линклар

O‘zbekistonning xalqaro aloqa trafigini boshqaruvchi davlat monopolisti “O‘ztelekom” Rossiya operatorlari uchun narxlarni oshirdi. Mutaxassislar buning ortidan Rossiyadan O‘zbekistonga uyali telefonlardan qo‘ng‘iroqlar narxi oshishi mumkinligini aytmoqda.

Bunga MDH davlatlaridan O‘zbekiston va Belarus Rossiya uyalialoqa operatorlari uchun ovoz o‘tkazish trafigi narxlarini oshirgani sabab bo‘lishi aytildi.

Bu xabarni tarqatgan “Vedomosti” gazetasining yozishicha, O‘zbekistonda Rossiya uyali aloqa operatorlari uchun narxlar 30 foizga, Belarusda – 23 foizga oshirilgan.

O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan Rossiyaning “Vimpelkom-Bilayn” aloqa shirkati rasmiy vakilasi Anna Aybasheva Ozodlik bilan suhbatda hozircha Rossiyadan O‘zbekistonga qo‘ng‘iroqlar narxi oshirilmaganini, biroq shirkatning sarf-harajatlari sezilarli darajada ko‘payganini bildirdi:

- “O‘zbektelekom” bir taraflama Rossiya uyali aloqa operatorlaridan O‘zbekistondagi uyali raqamlarga qo‘ng‘iroqlarni tushirish uchun ovoz o‘tkazish trafigi narxlarini oshirgani bizni haqiqatan havotirga solmoqda. Bu harakatlar Rossiya operatorlarining O‘zbekistondagi interkonnektga sarflarini jiddiy tarzda oshirishiga olib kelishi mumkin,- dedi Anna Aybasheva.

“Vedomosti” nashrining ismi sir tutilayotgan aloqa shirkatidagi manbasiga tayanib xabar qilishicha, 2013 yilning sentyabrida Rossiya operatorlarining O‘zbekistondagi uyali nomerlariga qo‘ng‘iroqni tushirish narxi 0,05 dollardan 0,075 dollarga oshirilgan.

Rus matbuotida paydo bo‘lgan ma‘lumiotlarga ishonsak, Rossiya aloqa operatorlari uchun O‘zbekistonda va Belarusda narxlarning bunday tarzda ko‘tarilishi 2013 yilning keyingi 5 oyi davomida shirkatlarga 3 milliard rubl (salkam 100 million AQSh doll.) miqdorida zarar keltirishi mumkin.

Shu tariqa operatorlar hozirda Rossiyadan O‘zbekistonga daqiqasi o‘rtacha 3,5 rubl turadigan qo‘ng‘iroqlar narxini 30 va hatto undan yuqoriroq foizga oshirishga majbur bo‘lishi mumkinligini ma‘lum qildi.

Qo‘ng‘iroqlar narxlari oshmagan, ammo...

“Vimpelkom” matbuot markazi rahbari Anna Aybasheva “Bilayn” egasi sanalgan “Vimpelkom” hozirda vaziyatni jiddiy tahlil etayotgani, uyali telefonlarga qo‘ng‘iroqlar narxlarning oshirilishi Rossiyadan O‘zbekistonga bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlar sonining ozayishiga olib kelishi mumkinligini taxmin qildi.

- Odatda barcha aloqa operatorlari narxlarni tushirishga harakat qiladi, chunki xizmatlar ko‘lami kengayib bormoqda, abonentlar soni oshmoqda va bunday vaziyatda barcha operatorlar narxlarni tushirib, mijozlar sonini oshirishga harakat qiladi. Ammo ko‘rib turganingizdek, bunday vaziyatlarning paydo bo‘lishiga mahalliy qonunchilik, rouming xizmatini ko‘rsatayotgan turli mamlakatlar qonun-qoidalari o‘zgartish kiritishi mumkin, - deydi uyali aloqa xizmatlariga narxlarning oshirilishiga o‘zi ham birinchi marotaba guvoh bo‘layotganini ta‘kidlagan “Bilayn” vakilasi.

Anna Aybasheva “Vimpelkom”niing xalqaro va shaharlararo qo‘ng‘iroqlarga narxlarni oshirish istagi yo‘qligini bildirgan bo‘lsa-da, “vaziyat o‘zgarmasa – biznesning bu turi shak-shubhasiz zarar keltiradiganga aylanishi mumkin”, dedi.

Mutaxassislar aloqa tizimidagi bu kabi yangilik joriy qilinsa, Rossiya aloqa shirkatlari yiliga 1 milliard rubldan zarar ko‘rib borishini allaqachon hisoblab chiqdi.

Olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, interkonnekt deb ataladigan xalqaro operatorlik aloqaning oshirilishi bevosita Uzbekiston va Belarusda monopolist sanalgan “O‘ztelekom” va “Beltelekom” davlat korxonalari tomonidan amalga oshirilgan.

Vaziyatga munosabat bildirgan Telecomdaily axborot-tahliliy agentligi rahbari Denis Kuskovga ko‘ra, narxlarning bir taraflama oshirilishi O‘zbekiston va Belarus hukumatlarining bo‘shab qolgan xazinani to‘ldirish yo‘lidagi yana bir urinishidir.

Ammo tahlilchi narxlarning oshirilishi muhojirlarning Rossiyadan kamroq qo‘ng‘iroq qilishlariga olib kelishini taxmin qilmoqda.

“Vimpelkom” rasmiylari Ozodlikka O‘zbekiston tomonidan operator xizmatlariga narxlarning bir tomonlama oshirilishi bilan bog‘liq vaziyatga Rossiya hukumati va Duma deputatlari munosabat bildirishiga umid qilmoqda.

Qolgan aloqa operatorlari bu vaziyatga munosabat bildirganicha yo‘q.
XS
SM
MD
LG