Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:10

O‘zbeklar o‘g‘lining ko‘proq Sardor bo‘lishini istaydi


Kuni kecha Toshkentda to‘rt pahlavonni dunyoga keltirgan Gulshan Haydarova o‘g‘illariga Hasan, Husan, Islom va Karim, deb ism berdi. Ammo bular bugungi kunda O‘zbekistonda eng ko‘p tarqalgan ismlar emas.

FactorName.ru saytining O‘zbekistonda yosh yigitlar ismlari bo‘yicha tadqiqot o‘tkazgan tashkilotlar hisobotiga tayangan holda yozishicha, mamlakatda Sardor degan ism eng ko‘p tarqalgan ism bo‘lib hisoblanadi. Bu xulosaga 17 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 5 ming yigitga oid ma‘lumotlar tadqiq etilganidan keyin kelingan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilgan har qirq o‘g‘ildan bittasiga Sardor ismi beriladi.

Garchi Sardor ismi “rahbar”, “boshliq” ma‘nosini anglatsa-da, o‘zbekistonliklar mustaqillik yillari arafasida ham, undan keyin ham bu “rahbar”likni mamlakat prezidenti Islom Karimov nomi bilan chambarchas bog‘lab qo‘ymagan, deya taxmin qilish mumkin. Nafaqat davlat rahbarining, balki O‘zbekistondagi aksar aholi e‘tiqod qiluvchi dinning ham nomi bo‘lgan Islom ismi mazkur reytingda mashhurlik shohsupasining 9-pog‘onasiga chiqolgan, xolos.

Mashhurlik bo‘yicha ikkinchi o‘rinda esa Bekzod, uchinchida Doston, to‘rtinchida Sherzod kabi zamonaviy ismlar turadi.

O‘tmishdayu hozirda yashab o‘tgan davlat rahbarlari ichida Bobur (Zahiriddin Muhammad), aftidan, o‘zbekistonliklar ko‘ngliga yaqinroq ko‘rinadi. Bu ism mashhurlik pog‘onasida 5-o‘rinni egallagan.

Taniqli shaxslar orasida “O‘tkan kunlar” qahramoni Otabek (7-o‘rin) va Movarounnahr hukmdori Ulug‘bek (8-o‘rin) ham, ismlar reytingiga ko‘ra, O‘zbekistonda Islom degan ismdan ko‘ra mashhurroqdir.

Ayni paytda o‘zbeklar faxri bo‘lgan Navoiy mulaqqab hazrat Alisher ismi (10-o‘rin) so‘nggi paytlarda urfdan qolayotgani kuzatiladi.

FactorName reytingiga ishonilsa, o‘zbekistonliklar yana o‘z o‘g‘illariga Jasur, Nodir, Dilshod, Anvar, Jahongir, Aziz, Oybek, Sirojiddin, Javohir, Jamshid, Rustam kabi ismlarni ham ko‘p qo‘yadilar.

Albatta, bu va boshqa ismlar faqat shu holicha emas, balki jon, boy, yor, bek, mir, abdu kabi qo‘shimchalari bilan ham uchraydi.

FactorName nashri mashhur Google va Yandex qidiruv tizimlarida eng ko‘p qidirilgan o‘zbek erkaklari ismlari ro‘yxatini ham keltiradi. Ma‘lum bo‘lishicha, internet foydalanuvchi uchun eng matlub ism Rustamdir. Shuningdek, global tarmoq foydalanuvchilari o‘zbeklarga xos bo‘lgan Azamat, Anvar, Nodir va Baxtiyor kabi ismlarni ham ko‘p qidirar ekanlar.
XS
SM
MD
LG