Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:34

Prezident ochgan Xadra favvorasi buzib tashlandi


Toshkentning Xadra maydonidagi yangi qurilgan favvora ishga tushirilganiga bir hafta bo‘lmasdan demontaj qilindi.

Toshkent tsirkida ishlovchi Ozodlik manbasiga ko‘ra, muhtasham favvora shahar hokimiyati quruvchilari tarafidan keyingi ikki kun ichida buzib tashlangan.

- Favvora atrofidagi yashil chimzorlar zudlik bilan trotuarga aylantirilib, tosh to‘shalmoqda, fontan esa buzib tashlandi, - deydi ismi ochiqlanishini istamagan Ozodlik manbasi.

"Toshkent markazidagi davlat byudjeti hisobidan qurilgan favvora nega ikki kun ishlamasdan buzib tashlandi? Nega favvora atrofidagi yashil chimzor ko‘mib tashlanib, troutarga aylantirildi?" degan savol javobini qidirib, Toshkent shahar hokimiyatiga qo‘ng‘iroq qildik.

Ozodlik bilan suhbatda Toshkent shahar hokimiyati qurilish departamentining o‘zini tanishtirmagan mulozimi bu o‘zgarish O‘zbekiston prezidentining Xadra maydonidagi favvora ochilishiga borganidan keyin amalga oshirilganini aytdi.

Mulozimning aytishicha, "Toshkent markazidagi favvora O‘zbekiston prezidenti taklifiga ko‘ra, musiqa yangraydigan fontanga aylantirish uchun buzilgan”.

Suhbatdoshga ko‘ra, poytaxt markazidagi Xadra maydoni prezident nasihati asosida yana yangi qiyofa kasb etadi va Navoiy prospektiga olib chiquvchi shoh ko‘cha maysazor va gulzorga aylantiriladi.

Toshkent shahar hokimiyati qurilish departamenti mulozimining Ozodlikka bildirishicha¸ prezident tavsiyasiga binoan Xadra maydonida yana qo‘shimcha dekorativ daraxtlar va gullar o‘tqaziladi, bolalar maydonchalari quriladi.

- Bularni hammasi shaharliklar manfaatlari uchun qilinmoqda, - dedi suhbatdosh.


Kuylaydigan favvora va sakura daraxti


Toshkentdagi “EVRO-SAD” ko‘kalamzorlashtirish shirkatida ishlaydigan va o‘zini Jamshid deb tanishtirgan 24 yoshli bog‘bonning Ozodlikka aytishicha¸ shu kunlarda Xadra maydonidagi xiyobonga sakura, kashtan kabi dekorativ daraxtlar zudlik bilan ekilmoqda.

Suhbatdoshga ko‘ra, bu daraxtlarni o‘tqazish bo‘yicha buyurtma mustaqillik bayramidan keyin kelib tushgan.

Jamshidning aytishicha, Xadra maydonidagi fontan va uning atrofidagi xiyobon prezidentning tanqidiga uchragan.

Xadra maydonidagi rang-barang diod chiroqlari vositasida favvoradan otilgan suvlarga uyg‘un tarzda charaqlaydigan 12 metrlik fontan 29 avgust kuni foydalanishga topshirilgan edi.

Navoiy shoh ko‘chasi tutashgan tsirk binosi oldidagi xiyobonga qurilgan yangi favvorani 29 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti tantanali tarzda ochib bergani mamlakat telekanallarining asosiy xabar mavzusiga aylangan edi.

Bu favvora ochilishi arafasida haydovchilarni Xadra maydonidan Navoiy ko‘chasiga zudlik bilan eltgan yo‘l ustiga tuproq qatlami solinib, daraxtzorga aylantirilgandi.

Favvorani ochish tantanasida O‘zbekiston prezidentining ko‘zi tushishi mumkin bo‘lgan Xadra maydonidagi ikkita katta avtomobil yo‘li tantanadan bir kun oldin bir kecha ichida archa va kashtan daraxtlari o‘sgan boqqa aylantirilgan edi.

Favvora ochilishi tantanasida gapirgan O‘zbekiston rahbari Islom Karimov o‘zining nafaqat siyosat va iqtisod, balki me‘morlik sohasida ham bilgich ekanini ko‘rsatishga tirishgani kuzatildi.

Toshkent markazidagi Xadra maydonida amalga oshirilgan qurilish ishlari bilan tanishish payti Islom Karimov Toshkent yana asl qiyofasiga qaytishi kerak, degan fikrni ifoda qildi:

- Toshkanni - ko‘hna shahar, 2000 yildan ko‘proq tarixi bor bu go‘zal shaharni yana eski holatini qaytaramiz. Misol uchun, darvozalarni, boshqalarni hammasini yana qaytarishga imkon paydo bo‘ladi, dedi prezident Islom Karimov. (Karimov gaplarining ega-kesimi o‘zgartirilmasdan yozildi - tahr.)


Eski Toshkentni qo‘msash


29 avgust kuni ochilganidan bir necha kun o‘tib buzib tashlangan favvora Xadra maydonida ilk bor barpo qilingani yo‘q.

Xadra maydonida 1975 yilda taniqli sovet me‘mori Gleb Mosyagin tarafidan yaratilgan marmar favvora o‘sha davr arxitektura namunasi hisoblangan.

Gleb Mosyagin barpo qilgan eski favvora aylanma shaklidagi tsirk binosi me‘morchiligining uzviy va uyg‘un davomi sifatida yaratilgan edi.

Xadra maydonini mutaxassis bo‘lmagan turli mulozim va rahbarlar xarxashasi bo‘yicha me‘moriy “tahrir” qilish, shaharsoz arxitektorlarga ko‘ra¸ faqat salbiy oqibatlarga olib kelgan.

Toshkentlik haykaltarosh Ulug‘bek Usmonovning aytishicha, Tezikovka, Tashselьmash, Geologiya muzeyi, Oloy va boshqa bozorlarda buzish ishlari poytaxtning so‘nggi yuz yilda shakllangan qiyofasini tarixdan sidirib tashlagan.

Suhbatdoshga ko‘ra, Toshkentda 1898 yili taniqli me‘mor A. Benua loyihasi bo‘yicha qurilgan Aleksandr Nevskiy cherkovi binosining 2010 yilda buzilishi ham “mulozimlar xarxashasi tufayli sodir qilingan va shahar uchun salbiy oqibat kasb etgan” holatdir.
XS
SM
MD
LG