Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:55

Toshkent maktablari paxta terimiga "komanda" oldi


Toshkentdagi umumiy ta‘lim maktablari paxta terimiga jalb qilina boshladi. Shahardagi bir necha maktabdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 9 sentyabr kuni maktablardagi texnik xodimlar – farroshlar, qorovullar, kotibalarni kundalik ravishda Toshkent viloyatiga paxta terimiga yuborish haqida topshiriq bo‘lgan.

Toshkent shahridagi umumiy ta‘lim maktablarining bir nechtasiga bog‘langan Ozodlik muxbiri xodimlarni paxta terimiga tayyorlash haqida 9 sentyabrda shahar hokimligidan topshiriq bo‘lgani haqida ma‘lumot oldi.

“Bizga hozircha faqat texnik xodimlar haqida aytishdi, shu uborshchitsa, sekretarshchalar shunaqada osnovnom. O‘qituvchilarga hali hech narsa deyishmadi”, dedi Toshkent shahridagi 13-sonli maktab xodimi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda.

Yunusobod tumanidagi maktablardan birining xodimi bu ma‘lumotni tasdiqlar ekan, hozircha xodimlar paxta terimiga jo‘natilmagani, biroq jo‘nab ketishga tayyor turish so‘ralganini aytdi.

Ayni paytda, bu xodim tez orada o‘qituvchilarni yo‘llash haqida ham topshiriq bo‘lishi mumkinligidan gapirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili uning maktabidan kundalik ravishda 6 o‘qituvchini paxtaga yo‘llash so‘ralgan.

“Bu yil paxta erta ochilganmish, ko‘pmish, deyishyapti. Shunga qarab turibmiz biz ham. Chiqasan, deyishsa - chiqamiz, tayyormiz”, dedi Yunusobod tumanidagi umumiy ta‘lim maktablaridan biri xodimi.

Toshkentdagi maktab va bog‘chalar xodimlarining paxta terimiga safarbar qilina boshlaganini xabar qilgan Uzmetronom Internet nashri terimga borishni istamaganlar uchun majburiyatni pul bilan yopish imkoni taklif qilingani ham yozdi.

Nashrning yozishicha, davlat idoralarining paxta terimiga borolmaydigan xodimlari tegishli tashkilotlarga 400 ming so‘m pul to‘lashi lozim. O‘tgan yil esa bu summa 300 ming so‘mni tashkil qilgan.

Pulni yig‘ib olayotgan davlat idoralari rahbarlari esa bu pulga paxta terimiga borishga rozi bo‘lgan mardikorlarni yollashi kuzatiladi.

Shayxontohur tumanidagi umumiy ta‘lim maktabining Ozodlik bilan mikrofonsiz gaplashgan xodimi o‘tgan yillardagi kabi terimga bora olmaydiganlar mardikor yollashini tasdiqlar ekan, mardikor uchun bu yil yig‘ilayotgan mablag‘ni ochiq aytishdan cho‘chidi.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" davlat aktsiyadorlik kompaniyasi xodimidan esa Toshkentdagi davlat va jamoat tashkilotlari xodimlariga 10 sentyabrdan paxta terimiga olib chiqish mumkinligi aytilganini ma‘lum qildi.

Toshkent shahridagi davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari so‘nggi yillar davomida Toshkent va Sirdaryo viloyatlariga terimga olib chiqilmoqda.

Ayni paytda, Toshkent viloyatining o‘zida ham davlat idoralari, banklar va hatto, mahalla aholisi ham paxta terimiga shay turibdi.

Har ikki viloyatda bu yilgi yig‘im-terim mavsumi 10 sentyabrdan boshlanishi aytilgan.

Xususan, Bo‘ka tumanidagi mutasaddi idoralardan birining xodimi bu tumanda har bir mahalladan 5 tadan terimchini paxtaga hozirlash topshirilganini aytgan.

"Lekin shunaqa qattiq turibdi. Bizgayam har bir mahallaga beshtadan odam berganu. Qiyin bo‘ladida, chunki bizdagilaram yosh bolalikda. Shu, bola puli bo‘lmaydi, boshqa, deb bir amallab olib chiqamizda endi! Bu yil qattiq bo‘ladi, deyapti bir amallab bir oy chidasak, o‘tib ketadi", dedi Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanidagi mutasaddi idoralardan birining ismini oshkor qilmayotganimiz xodimi.

Hozircha O‘zbekistonning janubiy viloyatlarida paxta terimi boshlandi.

Navoiy viloyatidagi kasalxonalardan birining hamshirasi 6 sentyabrdan buyon hamkasblari viloyatining Qiziltepa tumanida yotoqda qolib, paxta terayotganini aytdi.

“Shu uch kuncha bo‘ldi, bizning qizlarimiz yotoqqa chiqib ketgan. 10-15 kunda keladi, keyin boshqalar o‘rniga ketadi. Keyin yana kundalik terimga chiqarishsa, kuniga borib terib kelamizda”, dedi Navoiy shahridagi kasalxonalardan birining xodimi.

Surxondaryo viloyatida esa 6 sentyabrdan boshlab janubiy tumanlardagi korxona va tashkilotlar xodimlari paxta terimiga safarbar etilgan.

Ozodlikning Jarqo‘rg‘ondagi manbasi u yashab turgan hududlardagi davlat tashkilotlari xodimlari Jizzax viloyatiga yotoqqa olib ketilayotganini aytgan.

Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi mutasaddisi bu xabarini tasdiqlagan.

- Tashkilotlar, korxonalar uje bugundan paxta terimiga chiqishni boshladi. Ertadan ommaviy safarbarlik bo‘ladi, degan edi 5 sentyabr kuni bog‘langan muxbirga javoban hokimlik mulozimi.

O‘zbekistonning janubiy tumanlarida paxta terimiga safarbar etiladigan hasharchilarga joy tayyorlash bu yilgi mavsumda homiy tashkilotlarga taqsimlab berildi.

Har bir tashkilot hasharchilarning yotoq joyini ta‘mirlab, ularning qozoniyu samovarigacha ta‘minlashi lozim.

O‘zbekistonda bu yil uch million tonnadan ortiq paxta terish rejalashtirilgan.

Keyingi ikki yil davomida majburiy bolalar mehnatini to‘xtatish borasida kuchaygan xalqaro bosimlar ostida O‘zbekiston hukumati maktab o‘quvchilarini paxta yig‘im-terimiga ommaviy jalb etmaslikka harakat qilmoqda.

O‘zbekiston hukumati 2011 yilda Bolalar majburiy mehnatini tugatishga qaratilgan qonun qabul qilgan.

Bundan tashqari, 2011-2012 yillar davomida xususiy fermerlarga bolalar mehnatidan foydalanish ham qattiq taqiqlandi.

Shu bois, 2011-2012 yillardagi paxta yig‘im-terimi mavsumida, hatto Toshkent shahridagi xususiy bog‘chalar, klinikalar, savdo muassasalari zimmasiga ham paxtaga terimchi yo‘llash topshirig‘i yuklandi.

Terimchi yo‘llay olmaganlar esa bir kunda teriladigan paxta normasi hamda yollangan terimchining yotog‘iyu yemagiga ketadigan harajat miqdorida pul berishga majburlandi.

Ozodlik Toshkent shahridagi kasalxonalar shifokoru-hamshiralarining paxta terimiga olib chiqilishi va ular maoshlaridan pul ushlab qolinayotgani haqida ham xabarlar bergan.

Rasmiy idoralar va Ozodlik manbalari yo‘llagan xabarlar mazmuniga ko‘ra, O‘zbekistonda bu yilgi paxta ham, asosan, davlat va jamoat tashkilotlari, xususiy korxonalar va ayniqsa, ta‘lim muassasalari xodimlari, talabalari qo‘li bilan terib olinishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG