Линклар

KNOC – Koreya milliy neft korporatsiyasi Chust-Pop va Namangan-Tergachin neft-gaz manbalariga doir loihalar bo‘yicha uch yilga kelishilgan geologik qidiruv ishlarini yakunlagani va Orolbo‘yida ishlayotgan shirkatlar konsortsiumidan chiqishi haqida O‘zbekiston hukumatini xabardor qilgani aytilmoqda. Biroq, shirkat rasmiylari bu xabarni hozircha izohlamayotir.

Koreya milliy neft korporatsiyasi - KNOC Farg‘ona vodiysidagi ikkita yirik neft va gaz konlaridagi qidiruv ishlari bo‘yicha loyihalarini yakunlagani haqida O‘zbekiston hukumatini xabardor qilgani aytilmoqda.

O‘zbekiston hukumatidagi manbalariga tayanib, Trend.az nashrining xabar qilishicha, shirkat Chust-Pop va Namangan-Tergachin neft-gaz manbalarida uch yildan besh yilgacha davom etishi ko‘zda tutilgan geologik qidiruv ishlarini yakunlagan.

KNOC bilan "O‘zbekneftgaz" shirkatlari o‘rtasida imzolangan va qiymati 61 million AQSh dollariga teng bo‘lgan bu loyiha 2009 yilning avgustida boshlangan edi.

Hozircha shartnomada kelishilgan minimum muddatda loyihani yopish harakatiga tushgan KNOC shirkati o‘z qarori sabablarini ochiqlamayapti.

Ozodlik muxbiri shirkatning Toshkent va Seuldagi idoralari, shuningdek, Janubiy Koreyaning Toshkentdagi elchixonalaridan hozircha aniq javob ololmadi.

Faqatgina shirkatning Seuldagi qarorgohi Osiyo davlatlari bo‘yicha geologik-qidiruv loyihalari bo‘limi xodimi, muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda, hukumatlararo kelishuvlar asosidagi loyihalarga oid ma‘lumotlar "o‘ta konfidentsial" ekanini eslatdi.

Shuningdek, bu rasmiy O‘zbekistondagi sho‘‘ba korxona hanuz ishlayotgani va bir necha yirik loyihalar amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda, O‘zbekiston hukumatidagi manbasiga tayangan Trend.az nashri KNOC shirkatining 20 foizlik ulushga ega bo‘lgan Aral Sea Operating Company konsortsiumidan ham chiqishi haqida xabar qilmoqda.

2007 yilda "O‘zbekneftegaz", Petronas (Malayziya), Lukoil (Rossiya), KNOC va CNPC (Xitoy) shirkatlari sarmoyasi asosida tashkil qilingan konsortsiumda Koreya shirkati 20 foizlik ulushga ega.

Bunga qadar 2011 yilda Petronas shirkati konsortsiumdan chiqqan va umuman, O‘zbekistondagi biznesini to‘xtatgan edi.

2009 yilda Ustyurtdagi Urga, Quanish va Aqchalaq konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha 25 yilga mo‘ljallangan kelishuvni imzolagan Malayziya shirkati O‘zbekistondan chiqishini tijoriy sabablar bilan bog‘lagan, lekin bu borada aniq rasmiy izoh bermagan edi.

O‘zbekistondagi ikki yirik loyihasini minimum muddatda yakunlagan va ayni paytda Orolbo‘yidagi konsortsiumni ham tark etgani aytilayotgan KNOC shirkati ham O‘zbekistondagi loyihalari doirasini toraytirishga turtki bo‘lgan sabablarni hozircha izohlayotgani yo‘q.

Muhimi shundaki, Koreya shirkati ham, xuddi Petronas shirkati kabi, O‘zbekiston prezidentining 2012 yil sentyabr oyida Seulga qilgan davlat tashrifidan so‘ng O‘zbekistondagi loyihalarini kengaytirishga qaror qilgan edi.

Janubiy Koreyaning sobiq rahbari Li Myon Bakning 2011 yil avgustida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlar asosida KNOC shirkati Farg‘ona vodiysida amalga oshirayotgan ikkita yirik loyiha esa davom etmoqda.

Bulardan biri G‘arbiy Farg‘onadagi gaz va neft manbalarida geologik-qidiruv loyihasi bo‘lsa, yana biri ayni viloyatda joylashgan Chinobod sarmoya blokidagi loyihadir.

Umumiy qiymati qariyb 90 million AQSh dollariga teng bo‘lgan bu loyihalarni ham kamida uch, ko‘pi bilan esa 5 yilda yakunlash ko‘zda tutilgan.

Ya‘ni, uch yil muddatga mo‘ljallangan va qiymati qariyb 30 million AQSh dollariga baholangan dastlabki loyiha 2014 yilning avgust oyida yakuniga yetadi.

Bu loyihalar ham minimum muddatda yopiladimi yoki davom ettiriladi - bu haqda hozircha biror ma‘lumot yo‘q.

Koreya milliy neft korporatsiyasi - KNOC O‘zbekistonga katta sarmoyalar bilan kirib kelgan so‘nggi yirik shirkatlardan biridir.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, Toshkent va Seul o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan 20 yil o‘tib, Janubiy Koreyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga yotqizgan sarmoyasi 10 milliard dollardan oshgan.

O‘zbekistonda Janubiy Koreya investitsiyasi ishtirokida 400 dan ziyod korxona faoliyat yuritayotgani, ulardan 66 tasi to‘liq Koreya shirkatlari sarmoyasi bilan ishlayotgani qayd etilgan.

Biroq, bular orasida eng katta sarmoya kiritgan va eng yirik loyihalarni olib borayotgan shirkat aynan Koreya milliy neft korporatsiyasi — KNOC shirkatidir.
XS
SM
MD
LG