Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:55

O‘zbek qizi “Dunyo go‘zali” tanlovida qatnashayotganidan Toshkent bexabar


Rahima Ganiyeva
Rahima Ganiyeva
Indoneziyaning Bali orolida 8 sentyabr kuni boshlanib, 28 sentyabr kuni final tantanasi o‘tkaziladigan “Dunyo go‘zali” konkursida ilk bora O‘zbekiston vakilasi ishtirok etmoqda. Dunyoning 135 mamlakati ishtirok etadigan xalqaro go‘zallik musobaqasida “Miss World” tojini qo‘lga kiritish uchun kurashayotgan Toshkent turizm kollejini tamomlagan 18 yashar Rahima G‘aniyevaning “Dunyo go‘zali” konkursida qatnashganidan rasmiy Toshkent xabarsiz.

“Miss World” xalqaro go‘zallik musobaqasi rasmiy saytida bildirilishicha¸Rahima G‘aniyeva joriy yilning 20 iyulida O‘zbekiston bosqichida g‘olib bo‘lib “Dunyo go‘zali” konkursida O‘zbekistonni tamsil qilish huquqini qo‘lga kiritgan.

Dunyoning eng go‘zal qizi maqomiga da‘vogar o‘zbekistonlik Rahima G‘aniyevaning qanday tanlab olingani haqida Ozodlik suhbatlashgan mahalliy rasmiylar biror ma‘lumotga ega emasliklarini bildirdilar.

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi mulozimlarining Ozodlikka aytishicha¸ mamlakatda rasman go‘zallik konkurslari o‘tkazilmaydi. Ayni paytda, ular xususiy shirkatlarning ko‘zdan panada bunday konkursni o‘tkzaganligi ehtimolini ham nazardan soqit qilishmadi.

O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi mulozimlari ham Rahima G‘aniyeva degan qizning “Dunyo go‘zali” konkursida qatnashganidan xabarsiz ekanini ta‘kidlashdi.


"Yolg‘onchi sohibjamol"


O‘zbekiston nomidan “Miss World” xalqaro go‘zallik tanlovida qatnashadigan Rahima G‘aniyeva Toshkentdagi “Pro Models” modellar agentligining vakilasi ekani haqidagi ma‘lumotlar ortidan Ozodlik muxbiri mazkur idora bilan bog‘landi.

“Pro Models” mansub bo‘lgan Toshkentdagi ProArtCenterofPerformingArts shirkati Bosh direktori Javlon Kamolov Ozodlik bilan suhbatda Rahima G‘aniyevaning "Qing‘ir yo‘l va yolg‘on yashiq" yo‘li bilan "Pro Models" shirkatining “nomini sotib” “Miss World” xalqaro go‘zallik tanlovida qatnashayotganini ta‘kidladi.

- Men Rahima G‘aniyevaning hech bir shaklda O‘zbekistondagi milliy tanlovdan o‘tmaganini ta‘kidlayman. Rahima G‘aniyeva “Pro Models” shirkatining hech bir loyihasida qatnashmagan. G‘aniyeva uch yil oldin bor yo‘g‘i “Pro Models” modellar agentligi kurslarida talaba o‘laroq, bir oz ishtirok qilgan. Agar biz tanlov o‘tkazganimizda bu qizdan ming chandon go‘zal modellarni taqdim qilgan bo‘lar edik.

"Men Rahima G‘aniyevaning o‘z kar‘erasini yolg‘on ustiga qurganidan taassuf bildiraman"¸ dedi Javlon Kamolov Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdoshga ko‘ra, Qirg‘izistondagi qandaydir model firmasi “Qing‘ir yolg‘on yashiq “ tarzda O‘zbekistonda “Dunyo go‘zali” milliy tanlovini o‘tkazib Rahima G‘aniyevani “g‘olib” qilgan.

- Bu yolg‘on bilan Rahima G‘aniyevaning uzoqqa borishi qiyin. Men yana bir bor aytaman bu qizning O‘zbekistonni tamsil qilishga haqqi yo‘q, dedi Toshkentdagi ProAr shirkati Bosh direktori Javlon Kamolov Ozodlik bilan suhbatda.


Gulnora Karimovaning istehzosi


18 yashar Rahima G‘aniyevaning O‘zbekiston nomidan “Miss World” xalqaro go‘zallik tanlovida ilk bora qatnashishi haqidagi ovozalarga O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova Tvitterda fikr zikr qildi.

"Qanday qilib 50 darajali issiqda milliy konkurs bo‘lib o‘tishi mumkin va Angliya yoki boringki Rossiya uchun "mahalliy" bo‘lgan tojik qiyofali qiz paydo bo‘lib qolgani qiziq?"- degan Gulnora Karimovaning istehzoli fikriga Tvitterda jo‘r bo‘lganlar O‘zbekistonda yagona malika turganida qandaydir kollej talabasiga yo‘l bo‘lsin, deya yozuvlar qoldirishdi.

Karimovaning bu tvitidan keyin O‘zbekistondagi "Mezon.uz" sayti bu borada jurnalistik tadqiqot o‘tkazib, jahonga O‘zbekistonni taqdim etadigan Rahima G‘aniyeva kim o‘zi, qayerda yashaydi, nima ish qiladi, degan savol javobini qidirdi.

"Mezon.uz" muxbirlari Rahima G‘aniyeva o‘zini "Jahon iqtisodi va diplomatiya universiteti talabasi" deya tanishtirgan videolavhasini ko‘rgach, ushbu o‘quv yurti dekaniga murojaat qilishadi.

Dekanning so‘zlariga ko‘ra, Rahima G‘aniyeva o‘qishga endi kirmagan bo‘lsa, u haqda oldin eshitmagan.

Youtubega joylashtirilgan videolavha 15 avgust sanasini ko‘rsatadi. Unda Rahima G‘aniyeva o‘zining bu yil universitetga kirgani va qiziqishlari haqida gapirib, O‘zbekiston nomidan go‘zallik konkursida qatnashayotganidan baxtiyorligini aytadi.

"Qanday qilib test natijalari 16 avgustda e‘lon qilingan bo‘lsa, Rahima o‘zining talaba bo‘lganini oldindan bila qoldi?", - deb ta‘kidlanadi maqola davomida.


Rahima G‘aniyevaning zakovati


“Dunyo go‘zali” konkursida nomzodlarning tashqi go‘zalligi bilan birga bilim saviyasiga ham etibor beriladi.

“Dunyo go‘zali” konkursi tashkilotchilari 1980 yildan boshlab shou qatnashchilarining aql zakovat borasidagi qobiliyatlarini tekshiradigan test joriy qilishgan edi.

“Dunyo go‘zali” rasmiy saytida Rahima G‘aniyevaga oid to‘rt jumla o‘zbekcha matn ilib qo‘yilgan.

Rahima G‘aniyevaga oid bu matnning to‘qqizta jumlasida yettita hato borligi aniqlandi.

Rahima G‘aniyeva o‘zi tamsil qilgan davlatni “do‘vlat” deb yozgan.

Ayni saytga ilingan videomurojaatda “Miss World”ga da‘vogar Rahima G‘aniyeva Chexov, Dostoyevskiy va Tolstoy asarlarini o‘qishni yaxshi ko‘rishini pisanda qiladi.

Dunyo go‘zali” konkursida Rahima G‘aniyevadan tashqari Kamerun, Gvineya, Gvineya-Bisau va Kosovo ham bu yil debyutant sifatida qatnashadi.

“Miss World” xalqaro go‘zallik musobaqasi bo‘lib, 1951 yili Buyuk Britaniyada tashkil topgan. An‘anaga ko‘ra, “dunyo go‘zali” tojini kiyadigan qiz bir yil davomida Londonda yashaydi va turli xayriya tadbirlarida qatnashadi.

2012 yilda xitoylik Yuy Venьsya “Miss World” xalqaro go‘zallik musobaqasi g‘olibi bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG