Линклар

logo-print
Toshkent shahridagi mehnat birjalari qoshida paxta terimiga borishni istamaganlar uchun mardikor yollab beradigan vositachi guruhlar shakllanmoqda. Yakkasaroy tumanidagi jamoat tashkilotlaridan biriga xizmatini taklif qilgan bunday guruh Qashqadaryo va Surxondaryodan kuniga 30 ming so‘mdan terimchi topib berishni va‘da qilmoqda.

Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Davlat Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari 14-15 sentyabrdan Jizzax viloyatining Do‘stlik tumaniga paxta terimiga hozirlanmoqda.

Xizmatning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, birinchi guruhga kiritilgan hamkasblari 15 kunga ketadi.

"14-15 sentyabr - ikki kun ichida jo‘natiladida bizning tashkilotdan. Birinchi partiyada 15 kishi ketyapti. Bular 15 kunda keladi. Keyin uje ikkinchi partiyamiz ketadi", dedi tashkilot xodimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Xuddi shu idorada ishlaydigan, ammo ismini ochiqlamasligimiz sharti bilan Ozodlikka ma‘lumot bergan bir xodimga ko‘ra, Toshkent shahridagi barcha Davlat Sanitariya-epidemiologiya xizmatlariga 20 kishini paxta terimiga chiqarish haqida Toshkent shahar hokimiyatidan buyruq kelgan.

Bu xodim nafaqat Sanitariya-epidemiologiya xizmatlari, balki Toshkent shahridagi barcha byudjet tashkilotlari, jumladan, shifoxona, maishiy xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish korxonalariga xodimlarining 16 sentbyarda dalada bo‘lishini ta‘minlash majburiyati yuklanganini aytdi.

9 sentyabr kuni Toshkent shahridagi bog‘cha va maktablarga ham texnik xodimlarni paxta terimiga hozirlash haqida buyruq kelgani aytilgan edi.

10 sentyabr kuni Ozodlik muxbiri aniqlagan eng muhim tafsilot esa paxta terimiga chiqishni istamagan davlat tashkilotlari xodimlariga mardikorlarni yollab beradigan "o‘rtakashlar" xizmatining shakllanganidir.

Xususan, Yakkasaroy tumanidagi Davlat Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga mardikor yollab berishni va‘da qilgan "o‘rtakash" shaxsga mijoz bo‘lib bog‘langan Ozodlik muxbiri shu mazmundagi javobni oldi:

"Biz ham u odamlarga (mardikorlar - Tahr.) cherez hokimiyat chikamiz. O‘zimizgayam hozir 4ta mardikor kerak. Sizga chiqqan hokimiyatga murojaat qilishni maslahat beraman. Ular bormaslik uchun yo‘lini qilib berishadi, puliga chidasangiz bo‘ldi. 30 mingdan 60 mingacha bo‘lishi mumkin. Gaplashishimizga bog‘liq", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz shaxs.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u va unga hamkorlik qilayotgan hokimiyat vakillari topib beradigan mardikorlar kuniga eng kamida 30 ming so‘m pul so‘ramoqda.

Uning so‘zlari mazmunidan mardikorlar hozirdanoq "egallab olinyapti", shuning uchun hademay 30 ming so‘mga topib bo‘lmay qoladi.

Bunday "hojatbaror" guruhlarning o‘tgan yilgi faoliyatini ham kuzatgan o‘zbekistonlik inson huquqlari faoli Abdullo Tojiboy o‘g‘li ular mardikorlarni Mehnat birjalaridan yollashini aytadi.

- Maridkor bozorlari mavjud joylarda Mehnat birjalari tashkil qilingan. Bunaqa o‘rtakash guruhlar Mehnat birjalariga boradida, birjani aralashtirmasdan, o‘sha yerda yig‘ilgan mardikorlarni yollaydi. O‘tgan yili biz shunaqa o‘rtakashlardan kuygan mardikorlarga yordam bergan edik,- deydi Abdullo Tojiboy o‘g‘li.

Huquq faolining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili shifokorlar o‘rniga odam topib berishni va‘da qilgan o‘rtakashlar paxta terimiga chiqqan mardikorlarga pulni bermagan.

- Biz aralashib, qidirib-topib, pulini olib bergan edik. Bu yil endi shu shanba-yakshanbadan yana mardikorlarni ommaviy yollash boshlanadi, deb kutib turibmiz, - deydi Abdullo Tojiboy o‘g‘li.

Ammo o‘rtakashlarga 10 kunlik terim uchun 300 ming so‘mdan 600 ming so‘mga qadar pul berishni istamaganlar hozirdanoq mardikor bozorlariga tushib, narx-navoni surishtirmoqda.

Toshkent shahrining Chorsu bozoridagi Mehnat birjasida ishsiz sifatida ro‘yxatdan o‘tgan samarqandlik mardikor bugun ertalabdan paxta terimiga odam qidirib davlat tashkilotlari ishchilari kela boshlaganini aytdi.

- Bugun bittasi keldi, qizimning o‘rniga borasizmi, deb. Qizi do‘xtir ekan. 50 ming so‘mdan, degan edik, indamay ketdi. Shanbadan ketish kerak ekan, yana kelarman, dedi,- deydi samarqandlik yigit.

Shuningdek, bu yigit paxta terimiga odam so‘rab kelayotganlarning safi hali ancha siyrakligi, yaxshilab tortishilganda, 30-35 ming so‘mga ham mardikor yollash mumkinligini aytdi.

Hozircha paxtaga odam yollash niyatida kelayotgan ishchilar Jizzax viloyatining Do‘stlik, Arnasoy, Paxtakor tumanlariga yotoqqa ketish uchun mardikor so‘ramoqdalar.

- Mayli men 30-35 ming so‘mga bo‘lsa ham yotoqqa boraveraaman. Faqat menga pulini oldindan berish kerak, chunki qarzim bor. Pulni olaman, pasportimni qo‘liga beraman, kelgandan keyin olaman, - deydi samarqandlik yigit.

Shu tariqa 10 sentyabr kuni Toshkent shahridagi davlat tashkilotlari, ish qidirb yurgan mardikorlar va mustaqil manbalardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, shaharliklar 14-15 sentyabr kunlari Jizzax va Sirdaryo viloyatiga jo‘nab ketadilar.

Har bir tashkilotga odam soniga qarab, 5 nafardan 20 nafarga qadar terimchini paxtaga yo‘llash majburiyati yuklangan.

Borishni istamaganlarga esa mahalliy hokimliklar qo‘llovida ishlayotgan tashkilotchi "o‘rtakash"lar 300 ming so‘mdan 600 ming so‘mga qadar pul berishni taklif qilmoqda.

Ozodlikka kelib tushgan ma‘lumotlarga ko‘ra, paxta terimi hozircha Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarida boshlangan.

10 sentyabr kungi ma‘lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘ylab ommaviy paxta terimi 16 sentyabrdan boshlanadi.

Ozodlikning Toshkentdagi mustaqil manbasi bergan ma‘lumotga ko‘ra, kuni kecha o‘tgan hukumat yig‘ilishida O‘zbekiston Bosh vaziri mahalliy hokimliklarga amaldorlarni paxta terimini kechirktirib yuborgani uchun qattiq dashnom bergan.

Shu bois, rasmiy tashkilotlar, nafaqat davlat va jamoat tashkilotlari, hatto, mahallalarga ham kuniga 5 nafardan terimchini paxta chiqarish majburiyatini yuklamoqda.
XS
SM
MD
LG