Линклар

Xalqaro sport sharhlovchilarining mutoibasiga sabab bo‘lgan O‘zbekiston-Iordaniya terma jamoalari uchrashuvi paytida Paxtakor stadionida chiroq o‘chib qolgani bilan bog‘liq hodisa O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarafidan taftish qilinmoqda.

Futbol bo‘yicha 2014 yil Braziliyada bo‘ladigan jahon chempionati Osiyo qit‘asi pley-off bosqichi javob uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Paxtakor stadionida Iordaniya terma jamoasi bilan o‘ynayotgan paytda chiroq o‘chib qolganini O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi maxsus guruhi taftish qilmoqda.

Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi Ozodlik manbasi bildirdi.

Manbaning aytishicha¸ chiroq o‘chganligi hodisasi yuzasidan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi mulozimlari ham bayonnoma tuzishgan.

- Hozir bu intsident eng yuqori darajada taftish qilinmoqda¸- dedi Favqulloda vaziyatlar vazirligidagi Ozodlik manbasi.

O‘yinning asosiy vaqti 1-1 durrang natija bilan yauknlanganidan keyin berilgan qo‘shimcha vaqtda Paxtakor markaziy stadionida chiroq o‘chib qolgani sabablari aniqlanmoqda¸ deydi suhbatdosh.

10 sentyabr kungi o‘yinda futbol maydonini yoritib turuvchi projektorlar 15 daqiqa davomida o‘chiq qoldi.

Futbol muxlislariga ko‘ra¸ bu holat stadionning xalqaro darajadagi musobaqaga texnik jihatdan tayyor emasligiga misol bo‘ldi.

O‘yinning qo‘shimcha belgilangan vaqtida Paxtakor markaziy stadionida chiroq o‘chib qolishi o‘yinchilarning dam olishiga sharoit yaratgan bo‘lsa ham¸ bu holat stadiondagilar orasida ruhiy sarosima yaratgani aytilmoqda.

Futbol ishqibozlariga ko‘ra¸ chiroq o‘chishidan oldin 100 minut maydonda o‘ynab charchagan o‘yinchilar uchun svet ketib qolishi dam olib¸kuchni tiklash uchun imkon bo‘lgan.


Chiroq ataylab o‘chirildimi?


Bu asnoda “Chiroq ataylab o‘chirilmadimi?” degan savol ham o‘rtaga chiqdi.

Paxtakor stadioni mutasaddilari Ozodlik muxbirining bu savolini eshitishi bilan telefonni o‘chirib qo‘yishdi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasining ismini aytmagan mulozimi¸ chiroq o‘chib qolgani borasida surishtiruv olib borilayotganini aytdi. Ayni mulozimga ko‘ra¸ sabotaj maqsadida ataylab chiroq o‘chirib qo‘yilishi versiyasini federatsiya ko‘rib chiqmayapti.

Shuningdek mulozim chiroq o‘chib qolgani charchab qolgan o‘yinchilar uchun dam olish imkoni bo‘ldi degan iddaolarni ham rad qildi.

- Bu noto‘g‘ri gap. O‘zbek terma jamoasi chiroq o‘chganida dam olgan bo‘lsa Iordaniya terma jamosi o‘ynab turdimi? Chiroq o‘chganida komentatorlarning achchiq tiziq gaplari o‘yinchilar ruhini tushirdi degan gap ham noto‘g‘ri. O‘yinchilar futbol sharhlovchilari gapini eshitishmadi. Chiroq o‘chgan bo‘lsa qanaqa eshitadi¸ deydi mulozim.

O‘zbekiston Favqulloda vaziyatlar vazirligidagi Ozodlik manbasi “Chiroq ataylab o‘chirildi” degan versiya ham o‘rganilayotganini bildirdi.

- Elektr ta‘minoti uchun mas‘ul bo‘lganlar so‘roq qilinyapti. So‘roq mobaynida bu borada oddiy elektriklarning aybi yo‘qday ko‘rinmoqda. Elektriklik qilib bola-chaqasini boqayotganlar bu g‘alvaga aralashib rizqi kesilishini istamaydi¸- dedi manba.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot katibi Sanjar Rizayev Ozodlik bilan suhbatda “chiroq o‘chishi“ intsidentidan saboqlar chiqarilayotganini aytdi.

- Bu yuzadan chora ko‘rilishi borasida hech narsa deya olmayman. Bu yuzadan maxsus idoralar shug‘ullanyapti¸ faqat bu idoralar chora ko‘rganidan keyin bu haqda ma‘lum qilishadi¸- dedi Sanjar Rizayev.

Ozodlik radiosiga maktub bilan chiqqan mushtariylardan biri stadionning texnik jihatdan xalqaro musobaqaga tayyor emasligini yozadi.

- Paxtakor stadioni ma‘murlari o‘rindiqlarni artib tozalab qo‘ymagani dilimizni xira qildi. Zotan stadion ishchisi degan belgi taqqan odamlar eski gazetalarning donasini 1000 so‘mdan sotishdi. Odamlar chang o‘rindiqlarga o‘sha gazetalardan sotib olib to‘shab o‘tirishdi. Stadionning tayyor emasligidan hamma so‘kindi¸ deb yozadi Ozodlik mushtariysi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi matbuot katibi Sanjar Rizayev Ozodlik bilan suhbatda bu faktni qisman tasdiqlab¸ o‘rindiqlarning chang bo‘lishi stadion yonidagi qurilish bilan bog‘liqligini aytdi.

Ayni paytda mulozim stadionning texnik jihatdan nuqsonsiz bo‘lganini ham urg‘uladi.

Paxtakor va Jar stadionlarida keyingi 5 yil ichida futbol musobaqasi o‘tayotgan paytda chiroq o‘chib qolgani kuzatilmagan.

Futbolni Yevrosport xalqaro sport kanalida sharhlagan futbol komentatorlari chiroq o‘chib qolganini istehzo bilan sharhlashdi.

Xalqaro sharhlovchilardan biri o‘yin payti stadionda chiroq o‘chganiga ilk bora guvoh bo‘lganini ta‘kidladi.
XS
SM
MD
LG