Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:29

Zukerberg internetsiz 5 milliard odamni Internetga qo‘shmoqchi


Mark Zukerberg
Mark Zukerberg
Foydalanuvchilari soni 1 milliard 150 millionga yetgan Facebook asoschisi Mark Zukerberg o‘z shirkati strategiyasini o‘zgartirganini bayon qildi. Yer yuzi aholisining 5 milliarddan oshig‘i hamon Internetdan mosuvo yashayotgan bir paytda¸ Zukerberg ana shu qatlamni ham virtual dunyoga qo‘shib¸ bu dunyoning teng huquqli a‘zosiga aylantirmoqchi.

Yaqinlargacha Facebook asoschisining bosh maqsadi o‘zi yaratgan bu ijtimoiy tarmoqdan foydalanuvchilar sonini 1 milliardga yetkazish edi.

Bu orzusiga yetgan Zukerberg o‘z orzusi hududini yanada kengaytirdi – endi u Facebookda real dunyo muqobilini yaratishni nihoyasiga yetkazish uchun unga qo‘shilish imkonidan mahrum qolayotganlarga Internet bermoqchi. Internetga qo‘shilgan har bir virtual a‘zoning Facebook mijoziga aylanishi borasida esa¸ Zukerbergda deyarli shubha yo‘q.

- Dunyoni haqiqiy va o‘zaro bog‘langan dunyoga aylantirish uchun qayerda yashashi va qancha pul topishidan qat‘iy nazar¸ har bir inson Internetga bog‘lanish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Shu maqsadda Facebook o‘z strategiyasini qayta ko‘rib chiqib¸ uni kengaytirmoqda va bundan buyon Internet tarqatishni o‘z asosiy maqsadiga aylantirdi¸ deya bayonot berdi Mark Zukerberg chorshanba kuni.

O‘tgan oy Zukerberg Internet.org deb nomlangan yangi sahifani o‘zi yozgan 10 sahifalik maqola bilan ishga tushirdi.

“Bugun dunyoning uchdan ikki qismida Internet yo‘q. Hammamizni bog‘laydigan dunyoni tasavvur qiling!”¸ degan so‘zlar bu sahifaga shior o‘laroq tanlandi.

Sukerbergning yozishicha¸ u boshlagan tashabbus dunyoning aynan internetsiz qismiga Internet tarqatishni ko‘zda tutadi va Facebook shu maqsadda jahonning yetakchi olti telekommunikatsiya va mobil aloqa operatori bilan hamkorlik qiladi.

“Men dunyodagi barcha insonning nafaqat smartfonga ega bo‘lishi¸ balki bu telefonining Internetga ulangan bo‘lishini istayman. Bugun smartfon narxi qo‘l yetgulik bo‘lgani holda¸ unga bog‘lanish va uning ma‘lumotlar bazasiga qo‘shilish qimmatga tushmoqda. Bu esa adolatdan emas”¸ deb yozdi Zukerberg.

2004 yilda Harvard universitetining Kompyuter texnologiyasi bo‘yicha talabasi o‘laroq yotoqxonada Facebookni ishga tushirgan Zukerberg¸ bugun dunyoning aktsiyalari eng bozorbop bo‘lgan 110 milliard dollarlik shirkati egasidir.

Dunyoning internetsiz aholisini Internetga tortish¸ Zukerberg tanqidchilari ta‘kidlayotgandek¸ ularni Facebook ijtimoiy tarmog‘iga qo‘shish demakdir. Bu esa¸ Zukerberg uchun o‘z biznesini kengaytirish va yanada ko‘proq pul qilish imkonidir¸ deyishmoqda tanqidchilar.

Ammo Zukerberg o‘z ambitsiyasi boylik ko‘paytirishdan ko‘ra kattaroq ekanini aytadi.

“Ochiq va bir-biri bilan bog‘langan virtual dunyo yaratish uchun real dunyodagi hammani Internetga qo‘shaylik. Internetlik bo‘lgandan keyin ular Facebookka qo‘shiladimi¸ yo‘qmi¸ bu ularning o‘z ishi. Zotan bugun ma‘rifat ham¸ qudrat ham¸ iqtisodiy kuch ham Internetda”¸ deb javob berdi bunday tanqidlarga Zukerberg.

Facebook asoschisiga ko‘ra¸ dunyo aholisini Internetga qo‘shish¸ o‘zi va shirkati uchun shunchaki hobbi emas¸ balki yangi mandatdir.

"Zotan men asos solgan shirkatning als mohiyati dunyoni o‘zgartirishdir"¸ deydi 29 yashar Mark Zukerberg.
XS
SM
MD
LG