Линклар

O'zbekistonda Odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmog'i haqida badiiy film namoyish etiladi


Ozodlik radiosining "Odnoklassniki.ru" ijtimoiy tarmog'idagi rasmiy guruhiga ayni damda 50 mingdan ko'proq foydalanuvchi a'zo bo'lgan.

Ozodlik radiosining "Odnoklassniki.ru" ijtimoiy tarmog'idagi rasmiy guruhiga ayni damda 50 mingdan ko'proq foydalanuvchi a'zo bo'lgan.

"Odnoklassniki.ru" deb nomlangan film asosan targ'ibot-tashviqot yo'nalishida faoliyat yurituvchi rejissyor Hilol Nasimov tarafidan olingan bo'lib, premyerasi 13 sentabr kuni bo'lib o'tadi.

"O'zbekkino" milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingani aytilayotgan makzur filmda O'zbekistondagi eng mashhur ijtimoiy tarmoq hisoblanmish Odnoklassniki.ru xizmatining yoshlarga bo'lgan salbiy ta'siri haqida gap boradi.

Filmda bosh rollarni Shohruh Nasimov, "Oriat-Dono" radiokanali boshlovchisi Akmal Mirzo, Asal Shodiyeva, Zamira Beshimova. Hilol Nasimovning o'zi va boshqalar ijro etgan.

Joriy yilning aprel oyida "Darakchi" gazetasiga bergan intervyusida Hilol Nasimov "yoshlar internetda o‘zining qadrli vaqtini yo‘qotib, bizga yot oqimlarga ilashib qolishayotgani haqida film qilish" buyurtmasini olgani haqida aytib o'tgan edi.

"Odnoklassniki.ru" filmining kinoteatrlarga chiqishi kutilayotgan ayni kunlarda O‘zbekiston rasmiy televideniyesi va matbuotida ham yoshlarni Internetdagi salbiy axborotlardan himoya qilishga qaratilgan kampaniya ketayotganini kuzatish mumkin.

Xususan, Yaqin Sharq davlatlarida ro‘y berayotgan noroziliklarda yoshlarning ishtirok etayotgani va bu jarayonda Internet, ijtimoiy tarmoqlar katta rol o‘ynayotganiga e‘tibor qaratilib, “Internetdan kelayotgan tahdid” qabilidagi hujjatli film va maqolalar tayyorlanmoqda.

Eslatamiz, iyul oyida O'zbekistonda “Voyaga yetmaganlarni ularning jismoniy va ma‘naviy rivojlanishiga salbiy ta‘sir etuvchi axborotlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan edi.

Rejissyor Hilol Nasimov bungacha targ'ibot-tashviqot yo'nalishidagi bir nechta filmlar, jumladan, ayollarning turli diniy oqimlarga kirib qolayotgani haqidagi “Aldangan ayol” va qizlarni erta turmushga berishga qarshi qaratilgan “Tubanlik” kabi filmlarini suratga olgan.
XS
SM
MD
LG