Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:00

Rossiyada o‘zbeklar o‘zbek yigitini geyligi uchun tahqirladi


Qo‘li orqasidan kishanlab qo‘yilgan gey yigitning yuziga to‘pponcha o‘qtaladi.
Qo‘li orqasidan kishanlab qo‘yilgan gey yigitning yuziga to‘pponcha o‘qtaladi.
Rossiyaning Novosibirsk shahrida bir guruh o‘zbeklar boshqa bir o‘zbekistonlik muhojirni besoqolbozlikda ayblab, jazoladi. Bu hodisa tasvirlangan videoni Ozodlikka WhatsApp orqali besoqolboz ekani iddao qilinayotgan 37 yoshli o‘zbekistonlik ustidan jazo aktsiyasini amalga oshirgan yigitlarning o‘zlari yubordi. Ulardan biri Ozodlik bilan suhbatda bu ishni "o‘zbeklar sha‘nini himoya qilish" maqsadida qilishganini gapirib berdi. O‘zbekistonda besoqolbozlik qonun bilan jazolanadi. Rossiyada bevosita besoqolbozlik uchun jinoiy jazo ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, yaqinda gomoseksualizm targ‘ibotini taqiqlash to‘g‘risida qonunning qabul qilinishi ortidan jinsiy ozchiliklar huquqlariga doir vaziyat yomonlashayotgani kuzatilmoqda.

Ozodlik WhatsApp adresiga yuborilgan video, uning mualliflaridan birining aytishicha, 12 sentyabr kuni Novosibirsk shahrida ertalab soat 10-11lar atrofida olingan.

Unda besoqolboz ekaniga iqror bo‘lgan 37 yoshli o‘zbekistonlik bir guruh o‘zbeklar tarafidan izza qilinib, jazolanayotgani tasvirlangan.

Videoda qip-yalong‘och yechintirib qo‘yilgan, yuzlari kaltaklanib, momataloq bo‘lgan yigit bir necha o‘zbek tarafidan tergov qilinadi. Qo‘li orqasidan kishanlab qo‘yilgan yigitning yuziga to‘pponcha o‘qtaladi. Ko‘zlarida qo‘rquv aks etgan bu yigit o‘zining gey ekani, bu ish bilan bir yarim yildan beri shug‘ullanayotganiga iqror bo‘ladi va o‘ziga har qanday jazo berilishiga rozi ekanini aytadi. U shuningdek, tavba qilib, o‘zbek xalqidan kechirim so‘raydi. (Uning ismi va O‘zbekistonning qaysi mintaqasidan ekanini Ozodlik tahririyati ochiqlamaslikni ma‘qul ko‘rdi.)

Video bir necha qismdan iborat va jazo aktsiyasi bir necha joyda tasvirga tushirilganidan uzoq vaqt davom etganini anglash mumkin. Jazo davomida yigit bir necha marta kaltaklanadi va o‘zining orqasiga shampan butilkasini tiqishga majbur qilinadi.

Videoda davomida besoqolbozlikda ayblanayotgan yigitning kiyim-kechagi yoqib yuboriladi.

Bu videoni Ozodlikka WhatsApp tarmog‘i orqali o‘zining jazo aktsiyasida qatnashganini aytgan bir o‘zbek yigiti yubordi. Ozodlik bu yigit bilan bog‘lanib, gaplashishga muvaffaq bo‘ldi.

Ismini oshkor qilishni isatamagan bu yigitning aytishicha, besoqolboz, deb ko‘rilayotgan 37 yoshli yigit, Internet orqali o‘zini gey deb tanishtirgan odam bilan tanishgan va uchrashuvga kelgan paytda bu ishni bir guruh rus gomofoblari maxsus uyushtirib, uni tuzoqqa ilintirgani ma‘lum bo‘lgan. Shundan keyin ruslar o‘zbeklarga qo‘ng‘iroq qilib, "sizlardan bittasini ushladik, kelib olib ketinglar", deb aytgan.

Jazo aktsiyasida qatnashganini aytgan suhbatdoshimiz bu yigitni jazolashdan maqsad “o‘zbeklar sha‘nini himoya qilish” ekanini ta‘kidadi.

Uning aytishicha, jazolangan yigit qip-yalang‘och tarzda jazo aktsiyasi amalga oshirilgan joyda tashlab ketilgan.

Suhbatdoshimiz, jazolangan yigit pedofil ekanini ham iddao qiladi, lekin videoda jazolanuvchi bu iddaoni rad etadi. Bundan tashqari, Ozodlik bilan suhbatda, jazo ishtirokchisi pedofil degan iboraning ma‘nosini tushunmaganligi, bu gapni ruslardan eshitganini tan oldi.

Uning aytishicha, o‘zi va sheriklari besoqolboz va pedofil, deb ko‘rilayotgan yigitni o‘zboshimchalik bilan sud qilishayotgani, bu Rossiyada qonunga ko‘ra taqiqlanganini yaxshi bilishgan.

Lekin, ularning fikricha, qonun bo‘yicha besoqolbozlarga beriladigan jazo “o‘ta yumshoq” bo‘lgani uchun uni o‘zlari jazolashga qaror qilishgan.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga ko‘ra, besoqolbozlik uch yilgacha qamoq jazosi bilan jazolanadi. O‘zbek jamiyatida ham jinsiy ozchiliklarga nisbatan toqatsizlik borligi ma‘lum. Lekin O‘zbekistonning “Sud to‘g‘risida”ga qonuniga ko‘ra, odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi.

Rossiyada ham odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishi bu mamlakat konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan.

Rossiyada bevosita besoqolbozlik jinoyat hisoblanmasa-da, yaqinda gomoseksualizmni targ‘ib qilishni taqiqlovchi qoununning qabul qilinishi ortidan jinsiy ozchiliklar huquqlariga oid vaziyat yanada yomonlashgani kuzatilmoqda.

Moskvada yashaydigan asli o‘zbekistonlik Karimjon ismli 29 yoshli gey yigit O‘zbekistonda jinsiy ozchiliklarga nisbatan toqatsizlik va ta‘qiblardan qochib, bundan bir necha yil avval Rossiyaga kelgani, lekin geylarga qarshi qonun qabul qilinganidan beri vaziyat o‘zgarayotganini aytadi.


- Men besh yil oldin kelgan bo‘lsam bu yerga, Rossiya davlatiga, 2008 yil, bu narsa yo‘q edi, bunaqa xavotir. O‘zbekistonda bor edi. Hozir ham bor O‘zbekistonda, lekin bu yerda hozir qonun qabul qilingandan keyin bizlarga geylarga nisbatan bu nafrat kuchayib ketdi. Bugungi kunga kelib, Rossiyada davlatida o‘zimni xavfsiz deb hisoblamayman. Mana bu qonun qabul qilingunga qadar xavfsizlik bor edi. Ammo lekin bugunga kelib bu xavfsizlik yo‘q bo‘lib ketdi umuman,- deydi Karimjon.

Karimjon Novosibirskda ro‘y bergan hodisani “yovvoyilik”, deya ataydi. Uning aytishicha, Moskvada o‘zbekistonlik geylar ko‘p, lekin o‘zbeklar zehniyatida, qolaversa rus jamiyatida ham o‘zlariga nisbatan salbiy munosabat ustunroq bo‘lgani bois ular buni yashirishga harakat qilishadi.

Jinsiy ozchiliklarga nisbatan salbiy munosabat faqatgina o‘zbek jamiyatiga xos emasligini ham aytish joiz. O‘tgan asrning 40-yillaridan beri besoqolbozlik jinoyat hisoblanmaydigan g‘arb mamlakatlarida bugun ham gomofobiya asosida jinoyat va zo‘ravonliklar sodir bo‘lib turadi. Lekin g‘arb jamiyati jinsiy ozchilik vakillariga umumiyatla toqatli hisoblanadi.

O‘zbekiston besoqolbozlik jinoyat hisoblanadigan 70dan ortiq mamlakatning biridir. Bu mamlakatlar qatoriga asosan demokratiya va inson huquqlariga oid muammolar mavjud bo‘lgan Afrika va Osiyo mamlakatlari kirishi ham e‘tiborga molikdir. Jumladan Sudan, Mavritaniya va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda o‘lim bilan jazolanadi.
XS
SM
MD
LG