Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:33

“O‘zbekiston havo yo‘llari” yana narxini oshirdi


“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi 15 sentyabrdan boshlab poytaxtdan viloyat markazlariga uchadigan samolyot chiptalari narxini o‘rtacha 10 foizga oshirdi. Ayni yo‘nalishlardagi chiptalar narxlari shu yil boshida ham 20 foizga oshgan edi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi 2013 yil 15 sentyabrdan boshlab Toshkent shahridan viloyat markazlariga parvoz qiladigan samolyot chiptalari va bagaj uchun tariflarni o‘rtacha 10 foizga oshirdi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasiga qarashli kassa xodimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda chiptalar narxi oshganini tasdiqladi, ammo sabablarini izohlay olmadi.

- Ha, chipta narxi 10 foizga oshdi. Narxlar oshishi sababini bizga tutuntirishmaydi. Bizga maktub keladi. Sababi ko‘rsatilmaydi, dedi o‘zini tanishtirmagan aviakassa xodimi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Internetdagi rasmiy saytida chop etilgan e‘londa chiptalar narxining oshishi faqat Toshkent-Urganch-Toshkent yo‘nalishiga tegishli emasligi bildirilgan.

Ayni paytda, aviakompaniyasi kassiri Ozodlikka shu kunlarda Toshkent-Samarqand-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar arzon narxda sotilayotganini qo‘shimcha qildi.

- Toshkent-Samarqand chiptalari hozir aktsiya bo‘lyapti. 90 ming so‘m borish-qaytish. Samarqandga samolyot pochti har kuni bor. Bu narx 1 noyabrgacha bo‘ladi, dedi “O‘zbekiston havo yo‘llari”ga tegishli aviakassa xodimi.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi o‘tgan yilning 20 noyabridan 31 dekabrigacha Toshkent-Samarqand-Toshkent reyslari uchun chiptalar narxini ikki barobarga arzonlatgan edi. Bu aviashirkatning “Afrosiyob” tezyurar poyezdi bilan raqobatga dosh bera olmagani bilan izohlangan edi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari”ga tegishli aviakassa xodimiga ko‘ra, 15 sentyabrdan yangi tarif bo‘yicha bir yo‘lovchiga Toshkent-Buxro-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 290 ming so‘m, Toshkent-Termiz-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 344 ming so‘m, Toshkent-Namangan-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 254 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviashirkati 2013 yilning 10 yanvaridan boshlab mahalliy va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha aviachiptalar narxini 20 foizga oshirgan edi.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi 15 iyuldan Rossiyaga uchayotgan O‘zbekiston rezidentlari, jumladan, fuqarolariga ham aviachiptalarni faqat AQSh dollariga sotmoqda.

Hozir Toshkentdan Moskvaga bir tomonga samolyot chiptasining narxi taxminan 330 AQSh dollarini tashkil qilmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotlari mahallliy reyslardan tashqari dunyoning qirqdan ziyod shahriga parvozlarni amalga oshiradi.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning to‘qqiz oyi mobaynida “O‘zbekiston havo yo‘llari” 18 ming 517 ta reysni amalga oshirgan.
XS
SM
MD
LG