Линклар

Qashqadaryo viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi boshqarmasi mas‘ul vakili Qarshidagi agrosanoat kolleji talabasining 9 sentabr kuni paxta terimida halok bo‘lgani to‘g‘risidagi norasmiy xabarlarni tasdiqladi. Qashqadaryo viloyat prokuraturasidagi Ozodlik manbasi ma‘lumotlariga qaraganda, Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2 bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova 9 sentabr kuni halok bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi boshqarmasi mas‘ul vakili Qarshidagi agrosanoat kolleji talabasining 9 sentabr kuni paxta terimida halok bo‘lgani to‘g‘risidagi norasmiy xabarlarni tasdiqladi.

Boshqarma vakili Ozodlikning fojeaga oid savollariga kollej rahbariyatining maxsus ma‘lumotnomasi hali boshqarmaga yetib kelmaganini ro‘kach qilib, javob berishni istamadi.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasidagi Ozodlik manbasi ma‘lumotlariga qaraganda, Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2 bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova 9 sentyabrь kuni halok bo‘lgan.

Marhuma o‘sha kuniyoq kasalxona morgiga olib borilgan va jasadi patologoanatomik tekshiruvdan so‘ng ota-onasiga topshirilgan.

Fojea tafsilotlari to‘g‘risida gapirar ekan, prokuraturadagi Ozodlik manbasi aynan mana bunday dedi:

- Qiz hojatxonaga borib-qaytayotib ariqda avval qo‘lini yuvgan, keyin oyog‘ini yuvmoqchi bo‘lib ariq yonidagi chiroq o‘rnatilgan temir ustunlardan birini ushlagan va uni tok urgan.

Manbaning aytishicha, viloyat prokurori va viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i fojea yuz bergan kuniyoq voqea joyiga yetib borgan. Voqeani shu kunda maxsus komissiya o‘rganmoqda. Komissiya xulosasining bir oy ichida chiqishi kutilmoqda.

Talaba qizning o‘limi uchun uning ota-onasiga tovon puli to‘lanadimi, degan savolga javoban manba jo‘yali bir gap ayta olmadi.

Prokuraturadagi Ozodlik manbasining aytishicha, kollej direktorlari talabalardan “xavfsizlik texnikasiga rioya qilaman, aravaga osilmayman, cho‘milmayman“, degan mazmunda tilxatlar olgan.

O‘zbekistondagi majburiy mehnatga qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi bir qator xalqaro tashkilotlarning “Paxta kampaniyasi” koalitsiyasi vakili Umida Niyozovaning aytishicha, kollej o‘quvchilaridan olingan tilxatlar amaldorlarni o‘quvchi o‘limi uchun javobgarlikdan saqlab qololmasligi kerak.

Tilxatlarni nazarda tutar ekan, Umida Niyozova bunday dedi:

- Albatta, bu noqonuniy hujjat deya olmayman, lekin ular asossiz qog‘ozlardir. Kollej o‘z o‘quvchisi bilan qanaqadir shartnoma tuzganmi? Qaysi shartlar bilan u ishga jalb qilingan? Qancha haq to‘lanadi? Shunaqa shartnomaning o‘zi yo‘q. O‘quvchilar ishga og‘zaki buyruq bilan jalb etilgan. Bu holatda raspiskalar qonun doirasidagi dokumentlar emas.

Umida Niyozovaning aytishicha, marhuma Muxlisa Rajabova va uning kollejdoshlarini paxta terimiga jalb etish xalqaro va mahalliy qonunlarga xilofdir.

- Majburiy paxtaga olib chiqilgan va u yerda halok bo‘lgan 16 yashar qiz bolalar huquqlari konventsiyasi bo‘yicha bola hisoblanadi. Hatto bola hisoblanmasa ham, majburan ishga jalb qilishning o‘zi bu qonunbuzarlik. Bu - ham O‘zbekiston mehnat kodeksini buzish, ham xalqaro konventsiyalarni buzishdir,

dedi O‘zbekistondagi majburiy mehnatga qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi bir qator xalqaro tashkilotlarning “Paxta kampaniyasi” koalitsiyasi vakili Umida Niyozova.

Qashqadaryo viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta‘limi boshqarmasi mas‘ul vakilining Ozodlikka aytishicha, viloyatdagi kollejlar o‘quvchilari 5, 6 sentyabrdan boshlab paxta terimiga jalb etilgan.
XS
SM
MD
LG