Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:23

Gulshan Haydarova: Alloh birdaniga to‘rt o‘g‘il berdi, rizqini ham berar...


Hasan, Husan, Islom va Karimlarni bir-biri bilan adashtirib qo‘ymaslik uchun onalari qo‘llariga belgi bog‘lab qo‘ygan.
Hasan, Husan, Islom va Karimlarni bir-biri bilan adashtirib qo‘ymaslik uchun onalari qo‘llariga belgi bog‘lab qo‘ygan.
O‘tgan oy birdaniga to‘rt o‘g‘il ko‘rgan toshkentlik 33 yoshli Gulshan Haydarova chaqaloqlari bilan uyiga kirib bordi.

Hasan, Husan, Islom va Karim ismlari berilgan egizaklar va ularning onasi Toshkent shahrining Bektemir tumani “Chashma” mahallasida 14 sentyabr kuni tantana bilan kutib olindi.

Tuman hokimiyati 23 avgust kuni dunyoga kelgan chaqaloqlarga to‘rtta beshik, “Chashma” mahallasini otaliqqa olgan G‘afur G‘ulom nashriyoti esa egizaklar uchun kolyaskalar sovg‘a qildi.


Toshkentning Bektemir tumani “Chashma” mahallasida yashovchi Gulshan va Abdullajon Haydarovlarning bundan avval besh yoshli o‘g‘li va uch yoshli qizi bor edi.

Shu yilning 23 avgust kuni yosh oilada bir varakayiga to‘rt o‘g‘il tug‘ildi va ular endi birato‘la olti farzandning ota-onasiga aylanishdi. Ular uchun bu kutilmagan xol bo‘ldi.

Egizaklarning onasi Gulshan Haydarova Ozodlik bilan suhbatda qornida to‘rt bola borligini tug‘ish kunida bilganini aytadi.

- Tug‘ishga borganimda to‘rtta deyishdi. To‘rt oylik homila paytim uchta deyishgandi. Operatsiya qilib, tug‘dirishdi. "Manovi birinchisi, manovi bir yarim kilolik tug‘ilgan ikkinchisi" dedi. Keyin uchinchi va to‘rtinchisi tug‘ildi. "To‘rttasi ham o‘g‘il ekan, tabriklaymiz", deyishdi. "Qanaqasiga, to‘rtta o‘g‘illik bo‘ldimmi , rostdanmi", desam "mana o‘zingizni qorningizdan chiqqan bolalar" deb, to‘rtovini ham ko‘rsatishdi,- deydi Gulshan Haydarova.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:01 0:00
Бевосита линк


Kecha ikki, bugun olti farzand onasi


Hozir Haydarovlar oilasi chaqaloqlar parvarishi bilan band. Shisha butilka, bakalashka yig‘ib, ularni sotish bilan shug‘ullanadigan ota Abdullajon Haydarov ham ishini yig‘ishtirib, chaqaloqlari bilan ovvora.

Gulshan Haydarovaning ikki singlisi va onasi Rahima opa ham chaqaloqlarga qarashga yordamga kelgan.

- To‘rtta emizikli bolaga qarash qizimga oson bo‘lmayapti. Birisi tinsa, ikkinchisi yig‘laydi. Emizishga suti ham kamlik qilyapti. Qo‘shimcha sut ham beryapmiz. Qiynalsak ham bolalarga qaraymiz, nima qilamiz endi,- deydi egizaklarning buvisi Rahima opa.

Gulshan Haydarova chaqaloqlari tug‘ilishi ortidan sterilizatsiya qilingani va boshqa farzand tug‘ish niyati yo‘qligini aytadi.

- Mendan so‘rashdi, shunaqa qilsak bo‘ladimi, deb bo‘ladi dedim. O‘zimni ham boshqa farzand ko‘rish niyatim yo‘q, tug‘olmayman ham endi,- deydi Gulshan Haydarova.


Islom, Karim, Abdug‘anichi...


Chaqaloqlarning buvisi Rahima opa O‘zbekiston prezidenti sharafiga yangi tug‘ilgan nevaralarining biriga Islom, yana biriga Karim deb ism qo‘yganini aytadi.

Hasan, Xusan, Islom, Karim deb ism berilgan egizaklar va ularning onasi Toshkent shahrining Bektemir tumani “Chashma” mahallasida tantana bilan kutib olindi.
Hasan, Xusan, Islom, Karim deb ism berilgan egizaklar va ularning onasi Toshkent shahrining Bektemir tumani “Chashma” mahallasida tantana bilan kutib olindi.
- Meni o‘zim qo‘ydim shu ismlarni. Kattalariga Hasan, Xusan deb qo‘ydik. Egizak tug‘ilsa qo‘yiladigan ism bu. Kenjalariga prezidentimizni izidan borsin deb, Islom, Karim, deb ism berdim.

Abdug‘anichi, deb so‘raymiz Rahima opadan.

- Uchta farzand bo‘lsa Islom, Karim, Abdug‘ani, deb qo‘yishadi, odatda. Lekin, bizda to‘rtta bo‘lgani uchun Hasan, Xusan, Islom, Karim deb nom berdik,- deydi egizaklarning buvisi Rahima opa.

Gulshan Haydarova egizaklarini adashtirmaslik uchun qo‘llariga yorliq osib qo‘ygan.

- Eng kattam Hasan, qo‘liga taqilgan belgisidan taniyman. Eng kenjasi Karim, boshi ozgina ezilgan. Tug‘ilganida shunday bo‘lib qolgan, hozir yaxshi. Bundan tashqari, ikkitasi oq, ikkitasi qora. O‘shandan ham ajratyapman. Hasan, Husan biri-biri bilan, Islom, Karim biri-biri bilan yotadi. Adashib qo‘ymay, deb qo‘liga emblemasini ham taqib qo‘yganmiz,- deydi Gulshan Haydarova.


To‘rttadan pampers, to‘rttadan o‘yinchoq


Hozir, Gulshan va Abdullajon Haydarovlar yangi tug‘ilgan egizaklari uchun har bir narsani to‘rttadan olishlariga to‘g‘ri kelyapti.

- To‘rttadan pampers, to‘rttadan kiyim. Shisha-idishlari ham to‘rttadan. Sutim kamlik qilyapti, qo‘shimcha olyapmiz. Bitta pachkasi 20 ming so‘m. Shu bitta pachka uch kunga zo‘rg‘a yetyapti. O‘yinchoq, boshqa narsalarni aytmasam ham bo‘ladi,- deydi Gulshan opa.

Kelajakda esa Gulshan va Abdullajon Haydarovlar oldida egizaklarini bir vaqtni o‘zida bog‘chaga berish, sunnat to‘yi qilish, maktabga berish, uylantirish, o‘qitish harajatlari turibdi.

- Alloh to‘rttani berdi, rizqini ham beradi, Xudo xohlasa. Hozirgi paytda bolalarni avaylab-asrash kerak. Xudo xohlasa hammasini o‘qitishga harakat qilamiz. O‘zim o‘qiganman. Bolalarimni ham o‘qitaman. O‘zim kiyinmasam ham shularni o‘qitaman,- deydi Gulshan Haydarova.

Ayni paytda Gulshan va Abdullajon Haydarovlar chaqaloqlarini boqish uchun hokimiyatdan yetarli yordamni ololmayotganliklaridan nolishadi.

- Hozir hokimiyatdan har bir bolaga 150 mingdan 600 ming yordam puli oldik xolos. Hozircha shundan boshqa yordam olmadik. Kelib xabar ham olishgani yo‘q hali. Beshik va kolyaska sovg‘a qilishdi. Buning uchun prezidentimizga rahmat. Doktorlarimizga ham rahmat. O‘zimni pulimga bo‘lsa ham, meni oyoqqa turg‘azib berishdi,- deydi Gulshan opa.

Toshkent shahar, Bektemir tumani, “Chashma” mahallasi faollari esa birvarakayiga to‘rtta egizak tug‘ilgan Haydarovlar oilasiga yetarli yordam berilayotganini aytishmoqda.
XS
SM
MD
LG