Линклар

Tojikistonda ijtimoiy tarmoqlarda “jodugar mulla” nomi bilan tarqalgan videorolik qahramoni Asadullo Ibrohimov ishi bo‘yicha tergov yakuniga yetib qoldi va u yaqin kunlarda sudga oshiriladi.

Mazkur ish bilan shug‘ullanayotgan tergovchi Bahriddin Emomovning Ozodlik radiosi tojik xizmatiga ma‘lum qilishicha, Asadullo Ibrohimovga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining 139-moddasi (jinsiy tajovuz) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Agar Ibrohimov aybdor ekani isbotlansa, besh yilga qamalishi mumkin.

Bir muddat ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lgan Asadullo Ibrohimov ishtirokidagi videorolikda duoxon domla va xasta juvon tasvirlangan. Unda domla Qur‘ondan oyatlar o‘qish barobarida shahvoniy tarzda juvonning butun badanini g‘ijimlab tashlaydi.

Tasvirdagi mulla juvonning lozimini tushirib jinsiy aloqa ekani ishonilgan harakatni amalga oshiradi.

Bu rolik tarqalganidan keyin Tojikiston rasmiylari uni qoralab, e‘tiborli din arboblaridan birining o‘g‘li bo‘lgan “jodugar mulla”ni hibsga olganlar.

Tergovchi Bahriddin Emomovga ko‘ra, garchi ishga “mahfiy” tamg‘asi urilmagan bo‘lsa-da, u kishining jinsiy hayoti bilan bog‘liq bo‘lgani uchun sud yopiq eshiklar ortida o‘tadi.

Avvalroq Tojikiston Ichki ishlar vazirligi sayti “1966 yilda tug‘ilgan, Dushanbe shahrida yashovchi fuqaro Ibrohimov Asadullo Xalilovich shu yilning 12 avgust kuni Rudakiy tumanida yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan Rahimova Zilola Do‘stiyevnaning nochor ahvolidan foydalanib, ayolning uyida u bilan shahvoniy xatti-harakatlarni amalga oshirgan”, deb yozadi.

Mazkur videorolik kim tomonidan tasvirga olingani va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgani aniq emas.

Tojikiston hukumati qoshidagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita rais o‘rinbosari Mavlon Muxtorovning Ozodlik tojik xizmatiga bildirishicha, Asadullo Ibrohimov mulla ham, imom-xatib ham emas, balki oddiy dindor bo‘lib hisoblanadi. U bu kabi xatti-harakatlar uchun jazo berilishi lozimligini, “chunki Qur‘ondan suralar o‘qib, bunday harakatlar qilish qabul qilib bo‘lmas ish” ekanini, musulmon odam bunday ishlarni qilmasligini aytdi. Mavlon Muxtorov o‘zidagi ma‘lumotlarga tayangan holda, Asadullo Ibrohimov hech qanaqa islomiy partiya yoki harakatga a‘zo emasligini ham qo‘shimcha qildi.

Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi rais o‘rinbosari, parlament deputati Sayidumar Husayniy bu ruhoniylarni obro‘sizlantirish yo‘lidagi fitna bo‘lishi mumkinligini ham e‘tibordan soqit qilmaydi.

- Biz ko‘plab mullalar hukumat va xavfsizlik idoralari nazorati ostida ekaniga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu odamlar o‘shalarning ko‘rsatmasi bilan masjid va minbarlarning egasiga aylanib olayaptilar, shuning uchun ular Xudo va payg‘ambar irodasiga emas, hukmdorlar va maxsus xizmatlar buyruqlariga itoat qilayaptilar, - deydi Sayidumar Husayniy.

Tojikiston parlamentining boshqa deputati Saodat Amirshoyeva esa Asadullo Ibrohimovga o‘xshagan “mulla”lar muqaddas Islom diniga ham, mamlakatga ham isnod keltirayotganini aytadi.
XS
SM
MD
LG