Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:07

Qarshilik talaba paxtada 4 talabani pichoqladi, biri o‘ldi


Paxtaga olib chiqilgan o‘zbekistonlik talabalar yotoqxonasi (Suratning Qarshida sodir bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q)
Paxtaga olib chiqilgan o‘zbekistonlik talabalar yotoqxonasi (Suratning Qarshida sodir bo‘lgan voqeaga aloqasi yo‘q)
Qarshi davlat pedagogika universiteti Tarix fakulьteti milliy g‘oya yo‘nalishi 2 kurs talabasi shu fakulьtet 4 kurs talabalaridan 4 nafarini 16 sentyabrь kuni paxta dalasida pichoqlab qo‘ydi. Pichoqlanganlardan biri voqea joyida halok bo‘lgan.

Voqea universitet talabalari paxta terayotgan Nishon tumanida sodir bo‘lgan.

Qashqadaryo viloyat huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, 2 kurs talabasi, 1990 yilda tug‘ilgan O‘rolov Akram Sadatovich 4 kurs talabalari: 1990 yilda tug‘ilgan Kozim Omonovni, 1990 yilda tug‘ilgan Samandar Nurmatovni, 1988 yilda tug‘ilgan Zafar To‘xtayevni hamda 1989 yilda tug‘ilgan Vohid Qodirovlarni pichoqlagan.

Aytilishicha, intsident 4 kurs talabasining 2 kurs talabalaridan o‘zi uchun paxta terishni talab qilganidan kelib chiqqan.

Pichoqlangan 4 talabadan biri - Kozim Omonov voqea joyida nobud bo‘lgan.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Samandar Nurmatov va Zafar To‘xtayevlar shu kunda mahalliy kasalxonada davolanmoqda.

Viloyat huquq-tartibot organlaridagi manbaga ko‘ra, voqea yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97 – moddasi (“Qasddan odam o‘ldirish”) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov amaliyotlari olib borilmoqda.

Ba‘zi kuzatuvchilar mazkur voqeani O‘zbekistondagi o‘quv yurtlari talabalari orasida “dedovshchina” illati tarqalgani dalili, ayniqsa paxta dalalarida majburiy mehnatga jalb etilgan sharoitda yuqori kurs talabalarining quyi bosqich talabalari ustidan zo‘ravonligi odat tusiga kirib qolgani dalili sifatida baholadilar.

Talaba Kozim Omonovning o‘limi so‘nggi bir hafta ichida paxta terimiga olib chiqilgan talabalar orasidagi ikkinchi o‘lim holatidir.

9 sentyabrь kuni Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2 bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova paxta dalasida tok urib halok bo‘lgan edi.

Har yili paxta terimiga jalb etilgan talabalar orasida o‘nlab qurbonlar qayd etiladi.

Mahalliy va xalqaro inson huquqlari himoyachilari yillardan buyon O‘zbekiston hukumatini o‘quvchi yoshlarni majburiy qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etishni to‘xtatishni talab qilib keladi.

BMT qoshidagi Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari shu kunlarda O‘zbekiston paxta dalalarida paxta terimini monitoring qiladi va majburiy mehnatga jalb etish holatlarini qayd etadi.
XS
SM
MD
LG