Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:24

Futbol: O'zbekiston terma jamoasiga xorijlik bosh murabbiy jalb etilishi mumkin


Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov
Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov
Kelasi yili Braziliyada o'tadigan Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini boy bergan futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi almashadi, Mirjalol Qosimov o'rniga xorijlik mutaxassis jalb etilishi mumkin.

O'zbekiston futbol federatsiyasi rahbari Mirabror Usmonovning bu rejalari haqida 19 sentabr kuni federatsiya veb-saytida ma'lumi qilindi.

O'FF veb-saytida yozilishicha, terma jamoa bosh murabbiyi masalasi 2014 yil yanvar oyiga qadar hal etilishi kerak.

- O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi lavozimiga hozirda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar orasidan munosib nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda. Mirabror Usmonovning qayd etishicha, terma jamoa boshqaruviga xorijdan tajribali mutaxassislarni jalb etish rejasi ham bor, - deyuladi O'FF veb-saytida.

Eslatamiz, 17 sentabr kuni O'FF rahbari milliy terma jamoaning amaldagi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov iste'fosini qabul qilmagani haqida ma'lum qilingan edi.

Federatsiyaning 19 sentabr kuni tarqatgan xabarida bu qaror vaqtinchalik ekani va terma jamoaning Vetnam jamoasiga qarshi uchrashuvigacha oz muddat qolgani tufayli bosh murabbiy almashishi kechiktirilishi aytiladi.

O'zbekiston terma jamoasi 15 oktabr kuni Toshkentda Vetnam jamoasiga qarshi maydonga tushadi. O'yin Osiyo Kubogi saralash guruh bosqichi doirasida o'tadi.

Futbol federatsiyasining Twitter sahifasida yozilishicha, Mirabror Usmonov muxlislar va OAV vakillari murojaatini o'rganib chiqib, shunday qarorga kelgan.

"O‘FF Prezidenti M.Usmonov O‘zbekiston terma jamoasining taqdiri borasidagi futbol muxlislari va OAV vakillarining murojaatini o‘rganib chiqdi" va "OK (Osiyo Kubogi - tahr.) saralash o‘yinlari arafasida Mirjalol Qosimov iste‘fosini qabul qilmay, uni keyinroqqa qoldirdi" deyiladi O'FFning Twitter sahifasida.

43 yoshli Mirjalol Qosimov futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasini 2012 yilning iyun oyidan beri boshqarib kelmoqda.

O'zbekiston terma jamoasi sentabr oyida Iordaniya milliy terma jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan pley-off bahslarida mag'lubiyatga uchrab, 2014 yilgi Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatidan mahrum bo'lganidan so'ng Mirjalol Qosimov iste'foga chiqish niyatida ekanini bildirgandi.

2014 yilning yanvar oyigacha O'zbekiston terma jamoasi uchta o'yin o'tkazadi - 15 oktabr va 15 noyabrlarda Vetnam terma jamoasiga qarshi, 19 noyabr kun Hon Kong terma jamoasiga qarshi.
XS
SM
MD
LG