Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:19

Turk tadbirkori O‘zbekiston hukumatini AQSh mahkamasiga berdi


2004-2011 yillar davomida Toshkentda faoliyat yurg‘izgan “Turkuaz” savdo markazi egasi, Turkiya fuqarosi 49 yashar Vohid Gunash 2012 yil 25 aprel kuni o‘zining qiynoqqa solingani¸ shuningdek musodara qilingan mulkini qaytarib olish bo‘yicha O‘zbekiston rasmiylariga qarshi da‘vo arizasi bilan AQSh mahkamasiga murojaat qildi.

Bu haqda Vohid Gunashning o‘zi Ozodlikka ma‘lum qildi.

Sarmoya va biznes bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqadigan AQShdagi xalqaro mahkama dushanba kuni O‘zbekistonda mol-mulki musodara qilingan Gunes Tekstil Konfeksiyon Sanayi ve Ticaret Ltdning da‘vo arizasini ko‘rib chiqish uchun qabul qildi.

Ozodlik bilan suhbatda Vohid Gunash O‘zbekiston hukumatidan iqtisodiy jabr ko‘rgan bir nechta Yevropa shirkati homiyligida AQSh mahkamasiga da‘vo arizasi bilan murojat qilganini aytdi:

- Men bitta o‘zim bunday jiddiy da‘voni AQSh mahkamasiga olib chiqishga qodir emas edim. Da‘vo ustida bir nechta kuchli advokatlar ish olib borgani bois moliyaviy ko‘makka muhtoj bo‘ldim. Qarangki¸ O‘zbekiston hukumatidan iqtisodiy jabr ko‘rgan ëlg‘iz men emas ekanman. Yevropadagi O‘zbekiston hukumatidan iqtisodiy jabr ko‘rgan bir nechta shirkat homiyligida va o‘ta jiddiy tarzda bu mahkamaga kirishdik. Yevropa shirkatlarining meni qo‘llagani ayni muddao bo‘ldi. Chunki O‘zbekiston hukumati meni iqtisodiy va ruhiy jihatdan sindirib tashlagan edi. Mulkning tamali adolat ekaniga ishonganim uchun AQSh mahkamasiga murojat qildim¸ deydi Vohid Gunash Ozodlik bilan suhbatda.

Vohid Gunash nega aynan AQShdagi mahkamaga murojaat qilganini ham tushuntirdi:

- Men Toshkentdagi mahkamaning adolatsizligidan zulm ko‘rganman. Shu bois o‘z haqqimni halqaro miqësda himoya qilishga kirishdim. AQShdagi ICSID mahkamasi ( ICSID — International Centre for Settlement of Investment Disputes) BMT tarkibiga kiradigan va xalqaro sarmoyalarni himoya qiladigan mustaqil tashkilot. Bu tashkilot davlatlararo andishalardan xoli tarzda biznes nizolarini mustaqil muhokama qiladi. Bu mahkama 1966 yilgi sarmoyalarni himoya qiluvchi xalqaro konventsiya asosida tashkil qilingan. Bu konventsiyani imzolagan O‘zbekiston hukumati ICSID mahkamasi qarorlarini ijro qilishi lozim¸ deydi suhbatdosh

AQShdagi xalqaro mahkamaga berilgan hujjatlarda Gunes Tekstil Konfeksiyon Sanayi ve Ticaret Ltd shirkatining O‘zbekiston hukumati aybi bilan 100 million dollarlik zarar ko‘rgani aytiladi.

Ozodlik bilan suhbatda Vohid Gunash bu raqam qayerdan kelib chiqqanini tushuntirib berdi:

- O‘zbekiston mahkamasi o‘z hujjatlarida mendan tortib olingan mol-mulkni 60 million dollar¸ deya rasman narxlagan. Bu mol-mulklar Chorsudagi savdo markazi va Olmaliqdagi korxonalarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari¸ O‘zbekiston mulozimlarining mendan pora sifatida olgan mablag‘lari va tortib olingan mablag‘ning foizlari hisoblanganda¸ umumiy zarar 100 milliondan oshdi. Men bu hisobga to‘qqiz yarim oy davomida Toshkent shahar Yunusobod tumani MXX tergov izolyatorida saqlanganimda ko‘rgan qiynoqlarim yuzasidan ma‘naviy zararni qo‘shmadim¸ deydi suhbatdosh.

49 yoshli tadbirkor Vohid Gunash yetti yil mobaynida O‘zbekistonda tadbirkorlik qilganidan keyin 9 oy qamoqda saqlanib¸ 2011 mamlakatdan deportatsiya qilingan edi.

Gunash bilan birga yana yetti nafar turkiyalik tadbirkor soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik¸ hamda “yashirin iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shgani” uchun O‘zbekiston sudi tomonidan aybdor deb topilgan edi.

Vohid Gunashning O‘zbekistonda "Turkuaz" nomli yirik xorijiy savdo tarmog‘iga aylangan shirkati iqtisodiy va siyosiy jinoyatlar, jumladan soliqdan bo‘yin tovlash va bojxonaga oid qonunchilikni buzganlikda ayblanib, 2011 yilda yopilgan edi.

"Turkuaz" shirkati O‘zbekistonga ilk bor 2004 yilda Gunes Tekstil Konfeksiyon Sanayi ve Ticaret Ltd nomi ostida sarmoya kiritgan edi.

Xalqaro sarmoyadorlarning O‘zbekistonda muammolarga duch kelishi va mol mulkidan mosuvo bo‘lishi favqulloda hodisa sifatida ko‘rilmaydi

MTS mobil telefon shirkati¸ “Vimm-Bill-Dann”, “Carlsberg”, Newmont Mining, Spentex Industries, Metal-Tech, Oxus Gold, United Cement Group kabi o‘nlab shirkatlarning O‘zbekistondan chiqib ketishi ortida rasmiy Toshkent hukumatining talonchilik siësati turgani aytiladi.
XS
SM
MD
LG