Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:12

Vobkentda 1-sinf o‘quvchisi paxta tagida qolib o‘ldi


Buxoro viloyatining Vobkent tumanida 6 yashar bolakay paxta ostida qolib bo‘g‘ilib o‘ldi. Tuman huquq idorasi xodimining Ozodlikka bildirishicha¸ 15 sentabr kuni onasi bilan terimga chiqqan bola paxta ortilgan pritsepga chiqib uxlab qolgan va shom qorong‘usida uning ustiga terimchilar tergan paxta tagida bo‘g‘ilib qolgan.

Fojia 15 sentabr kuni Vobkent tumanining Narchoq qishlog‘ida sodir bo‘lgan.

Ozodlikning viloyat huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga ko‘ra, Nasahiy nomli maktabning 1-sinf o‘quvchisi, 2007 yilda tug‘ilgan Amirbek Rahmatov dushanba kuni tushga yaqin tuproqqa qo‘yilgan.

15 sentabr kuni paxtaga onasi bilan borgan Amirbek, aytilishicha¸ onasiga paxta terishib¸ charchagan va paxta ortilgan pritsep ustiga chiqib uxlab qolgan. Kechga borib terimchilar tergan paxtalarni e‘tiborsizlik oqibatida pritsepga, ya‘ni bolaning ustiga tashlashganda, bola paxta tagida qolib ketgan va bo‘g‘ilib o‘lgan.

Paxta ortilgan pritsepni paxta punktida ag‘darilgandan keyin bolaning jasadini ko‘rib qolishgan.

Olti yoshli Amirbek Rahmatovning o‘limi yuzasidan Vobkent tumani prokuraturasi jinoyat ishi ochgan.

Voqea guvohlarining aytishicha, janoza kuni qurbon bo‘lgan bolaning 33 yashar onasi hushidan ketib, yiqilib qolgan. Bolaning otasi Rossiyada mehnat muhojiri ekanligi, bolaning dafn marosimini uning yaqinlari o‘tkazgani aytiladi.

Bu bilan Ozodlik xabardor bo‘lgan "Paxta-2013" qurbonlari soni uch nafarga yetdi.

Qarshi Davlat universiteti Tarix fakulьteti milliy g‘oya yo‘nalishining 2-kurs talabasi shu fakulьtet 4-kurs talabalaridan 4 nafarini 16 sentyabrь kuni paxta dalasida pichoqlab qo‘ydi. Pichoqlanganlardan biri voqea joyida halok bo‘ldi.

9 sentabr kuni Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2 bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova paxta dalasida tok urib nobud bo‘ldi.

Har yili paxta terimiga jalb etilgan talabalar orasida o‘nlab qurbon qayd etiladi.

Mahalliy va xalqaro inson huquqlari himoyachilari yillardan buyon O‘zbekiston hukumatini o‘quvchi yoshlarni majburiy qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etishni to‘xtatishni talab qilib keladi.

BMT qoshidagi Xalqaro Mehnat tashkiloti ekspertlari shu kunlarda O‘zbekiston paxta dalalarida terim jaraënini kuzatib¸ unda bolalar mehnatidan foydalanish holatlarini maxsus o‘rganishga urinmoqda.
XS
SM
MD
LG