Линклар

logo-print
Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida paxta terayotgan Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining 2- bosqich talabasi Mavluda Mirzaqobulova 24 sentyabr kuni oyog‘idan operatsiya qilinadi. 22 sentyabr kuni bir necha tonnalik suv bochkasi bosib qolgani oqibatida Mavludaning oyoq suyagi bir necha joyidan majaqlangan.

Ozodlikning Sayxunoboddagi manbasiga ko‘ra, voqea 22 sentyabr kuni tushlik ovqatdan keyin talabalar maxsus suv bochkasidan suv ichayotgan paytda sodir bo‘lgan.

Manbaning aytishicha, bochka dumalab ketib, Mavluda Mirzaqobilovaning oyog‘ini bosib qolgan.

“Bochka bir necha tonna keladi. U qizlar suv ichayotgan payti dumalab ketib, student qizning oyog‘ini bosib qoldi. Men shu atrofda edim. Voqeaga o‘zim shaxsan guvoh bo‘ldim. Keyin qizni Gulistonga bolnitsaga olib ketishdi. U yerda qiz oyog‘idan ayrilishi mumkinligi aytib, zudlik bilan Toshkentga olib borishni aytishgan. Keyin uni Toshkentga olib ketishgan”, dedi sayxunobodlik manba.

Andijonlik hasharchi-talaba Mavluda Mirzaqobilova Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti “Irrigatsiya gidrotexnika inshootlarini qurish va ulardan foydalanish” fakultetining 2-bosqichi 9- guruhida tahsil oladi.

Mazkur fakultet talabalaridan birining ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, oyog‘ini bochka bosgan talaba qiz bilan bog‘liq voqeani oshkor qilmaslik talab qilinayapti.

“Voqea borasida, hatto, Mavludaning ota-onasi ham xabardor qilinmagan. Mavluda o‘zi yiqilib tushdi deb aytinglar, deyishdi. Uning oyog‘ini kesib tashlash xavfi borligini eshitdik. Oyog‘ini operatsiya qilish uchun dekanat 1 million so‘m to‘layapti ekan. Bugun domlamiz aytdi”, deydi mikrofonsiz suhbatda talaba yigit.

Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutining Sayxunoboddagi paxta shtabi mas‘ullariga ko‘ra, Mavluda Mirzaqobilovaga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yetkazilgan.

“Biz zudlik bilan mashinada Mirzaqobilovani tuman shifoxonasiga, u yerdan viloyat shifoxonasiga yetkazdik. U yerda rentgen qilishgach, Toshkentga olib borishni tavsiya qilishdi. O‘zimiz o‘qituvchilar hamrohligida uni Toshkentdagi Jukovskiy bolьnitsasiga jo‘natdik. Hozir o‘sha bolьnitsaning travmatalogiya bo‘limida. Yonida bir o‘qituvchi bor”, dedi paxta shtabi mas‘ullaridan biri.

Uning aytishicha, Mavludaning iltimosiga ko‘ra, voqeadan uning ota-onasi xabardor qilinmagan.

Paxta shtabidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Mavluda Mirzaqobilovaning oyoq suyagi bir necha joyidan majaqlangan bo‘lib, u 24 sentyabr kuni operatsiya qilinadi va operatsiya harajatlarini haqiqatda ham dekanat ko‘tarayapti.

Mavluda o‘qiyotgan “Irrigatsiya gidrotexnika inshootlarini qurish va ulardan foydalanish” fakulteti talabalari Sayxunobodning Guliston mahallasidagi 26-maktab binosiga joylashgan.

Har yili paxta terimiga jalb etilgan hasharchilar orasida o‘nlab qurbon qayd etiladi. Joriy yilda Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan "Paxta-2013" qurbonlari soni uch nafarni tashkil qiladi.

15 sentyabr kuni Buxoro viloyatining Vobkent tumani Narchoq qishlog‘ida 6 yashar bolakay Amirbek Rahmatov paxta ortilgan pritsepga chiqib uxlab qolgan va shom qorong‘usida uning ustiga terimchilar tergan paxta tagida bo‘g‘ilib o‘lgan.

Qarshi Davlat universiteti Tarix fakulьteti milliy g‘oya yo‘nalishining 2-kurs talabasi shu fakulьtet 4-kurs talabalaridan 4 nafarini 16 sentyabrь kuni paxta dalasida pichoqlab qo‘ydi. Pichoqlanganlardan biri voqea joyida halok bo‘ldi.

9 sentyabrь kuni Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2 bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova paxta dalasida tok urib nobud bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG