Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:50

Bekobodda 10 yigit ekstremistlikda ayblanib qo‘lga olindi


Diniy-ekstremistik tashkilotlarga a‘zolikda gumon qilinib Bekobodda qo‘lga olingan 10 yigitga “Rossiya hududida diniy ekstremistik tashkilotga a‘zolik” aybi qo‘yildi. Ozodlik manbasi bergan ma‘lumotga ko‘ra, bu yigitlar Bekobod metallurgiya kombinatining shu korxona yo‘llanmasi bilan Moskvada o‘qib qaytgan yosh mutaxassislaridir.

Ozodlikka Toshkent viloyat huquq-tartibot organlaridagi manbaning ma‘lum qilishicha, “Diniy-ekstremistik tashkilotlarga a‘zolikda gumon qilinib o‘tgan haftada Bekobodda qo‘lga olingan 10 yigit dastlab 15 sutkaga hibsga olingan, kuni kecha ayblov e‘lon qilindi va ular hibsda qoldi.

"Qo‘lga olinganlar ishi Toshkent viloyat ichki ishlar boshqarmasining terrorizmga qarshi kurash bo‘limiga o‘tkazib berilgan”, deb xabar qildi Toshkent viloyat huquq-tartibot organlaridagi manba.

Qo‘lga olinganlarning ism-familiyalari va ularning shaxsiga oid boshqa ma‘lumotlarni manba oshkor qilmadi.

Bekoboddagi O‘zbekiston metallurgiya kombinati rahbariyati voqeani sharhlashni istamadi.

Diniy-ekstremistik tashkilotlarga a‘zolikda ayblanayotganlar bilan bog‘liq ishlarni kuzatib kelayotgan huquq himoyachilariga ko‘ra, Bekoboddagi so‘nggi voqea mamlakat bo‘ylab bir necha yildan beri olib borilayotgan dindorlarga bosimning so‘nggi ikki yilda qo‘llanilayotgan yangi usulining bir ko‘rinishidir.

Ozodlikning Bekoboddagi ishonchli manbasi qo‘lga olinganlardan ba‘zilari oilasini yaxshi biladi.

Uning aytishicha, hibsga olingan yigitlar Bekobod metallurgiya kombinatining shu korxona yo‘llanmasi bilan Moskvada o‘qib, bir yil oldin qaytib kelgan yosh mutaxassislaridir.

Bekobodga qaytgach, ular turli oilaviy tadbirlarini, jumladan to‘ylarini islomiy shaklda o‘tkazgan. Ma‘lum bo‘lishicha, bekobodlik yigitlarning barchasi Moskvada bitta yotoqxonada yashagan va o‘tgan haftada ularning uylarida bir vaqtning o‘zida tintuv o‘tkazilgan va o‘zlari qo‘lga olingan.

Aytilishicha, qo‘lga olingan bekobodlik 10 yigit “Rossiya hududida diniy ekstremistik tashkilotga a‘zo bo‘lgan”.

Diniy-ekstremistik tashkilotlarga a‘zolikda ayblanayotganlar bilan bog‘liq ishlarni bir necha yillardan beri kuzatib kelayotgan Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov Bekoboddagi voqeani sharhlar ekan, bunday dedi:

- Bekoboddagi voqea favqulodda hodisa emas. Chunki ko‘pchilikni bir kunda hibsga olishlar ikki yildan beri bo‘lib kelayapti. Viloyatlarda, shaharlarda, Toshkent shahrida kuzatish mumkin bunday voqealarni. Mana yaqinda Toshkent viloyatining Qibray tumanida xuddi shunaqa voqea bo‘ldi. Olti kishini bir kunda hibsga olib, sud hukmi o‘qilib, hammasi har-xil muddatga qamoq jazosini oldi. Bundan tashqari Zangiota tumanida qo‘lga olinganlar ustidan sud Bo‘kada o‘tkazilaëtgani hozir ma‘lum. Bu yerda ham 7-8 kishi. Ular ham ommaviy hibsa olingan diniy motivlar bilan.

Ozodlik: Siz hozir g‘alati bir gapni aytdingiz. “Ikki yildan beri bunaqa ommaviy hibsga olishlar davom etayapti” dedingiz. Biz bilamizki, bir necha yildan beri diniy ekstremistik motivlar bilan fuqarolar qamalayapti. Nima uchun aynan ikki yil degan muddatni tilga olayapsiz?

- Diniy motivlar bilan hibsga olishlar o‘zi aslida 1998-1999 yillarda boshlangan. Lekin unda, masalan, bittasi hibsga olinardi. Bir qancha vaqtdan keyin ikkinchisi, uchinchisi, bular bir-birini tanimasdi. Hozir qo‘lga olish metodikasi o‘zgarganini aytayapman. Ommaviy qo‘lga olishlar keyingi ikki yilda kuzatilayapti. Ya‘ni bitta joyda muntazam yig‘ilib, bir-birini taniydiganlar qamalayapti, dedi Sur‘at Ikromov.

Toshkent viloyat huquq-tartibot organlaridagi manbaga ko‘ra, 10 nafar bekobodlikni qo‘lga olgan tergovchilar shu kunda paxta terimida.
XS
SM
MD
LG