Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:58

ILO: O‘zbekistonga borgan ekspertlarimiz tajribasiga ishoning!


Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumani 70-maktab o‘quvchilari paxta terayapti. 2012-yil.
Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumani 70-maktab o‘quvchilari paxta terayapti. 2012-yil.
Jenevada joylashgan Xalqaro Mehnat tashkiloti - ILO ekspertlari O‘zbekistondagi paxta maydonini kezmoqdalar. Tashkilot vakilidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 8 guruhga bo‘lingan kuzatuvchilar respublikaning bolalar majburiy mehnatiga oid hisobotlarda nomi tilga olingan viloyatlariga borishni rejalagan.

Xalqaro Mehnat tashkiloti — XMTning 8 guruhga bo‘lingan ekspertlari 23 sentyabrdan boshlab, O‘zbekiston paxta dalalarini kezishni boshladi.

BMT qoshidagi ijtimoiy adolat va mehnat huquqlari masalalari bilan shug‘ullanadigan tuzilma missiyasining Moskvadagi bo‘limi matbuot vakili Olga Bogdanovaning Ozodlikka aytishicha, rasmiy maqomi "kuzatuvchi" sifatida qayd etilgan ekspertlar paxta mavsumi yakuniga qadar O‘zbekistonda bo‘ladilar.

- Bu haftada ular ishni boshlagani aniq. Ular "kuzatuvchilar" deb atalgan. Bu 8 guruh yoppasiga emas, ba‘zi viloyatlarga boradi va turli regionlardagi paxta terimi mavsumini kuzatadi. Har bir guruhdagi ekspertlari soni va tarkibi aniqlangan hamda kelishilgan. Har bir guruhda XMTga qarashli Bolalar mehnatini tugatish dasturidan kordinator bor. Shuningdek, mahalliy rasmiy idoralar va jamoat tashkilotlaridan ham vakillar guruhlarga biriktirilgan, - dedi Olga Bogdanova.

XMT vakilining ta‘kidicha, bu guruhlarning paxta mavsumida to‘plagan ma‘lumotlari va hisoboti missiya yakuniga yetgach, XMT qoshidagi maxsus hay‘atga topshiriladi.

- Men alohida ta‘kidlashni istar edimki, bu monitoring 2013 yilning iyun oyida o‘tgan XMT sessiyasida O‘zbekistonda bolalar mehnatidan majburiy foydalanish holatlariga oid bahs-munozaralar natijalariga asoslanib o‘tkazilmoqda, - dedi Olga Bogdanova.

XMT yig‘ilishida bolalar majburiy mehnatiga qarshi kurashib kelayotgan xalqaro tashkilotlar va hukumatlar hisobotlari muhokama qilingan edi.

Xususan, ba‘zi hisobotlarda O‘zbekistonning bola mehnatidan foydalanilgan hududlari nomi tilga olingan va hisobotlarga foto-videomateriallar ham ilova qilingan edi.

Bogdanova xonim XMT kuzatuvchilari aynan qaysi hududlarga borishi haqida aniq ma‘lumot bermadi.

- Keling, yaxshisi monitoring natijasini kutaylik va natijalar bilan yaxshilab tanishaylik. Nazarimda, bu hisobotda sizni qiziqtirgan hamma savollarga javob bo‘ladi, - deya umid bildirdi XMT vakilasi.

XMT ekspertlari paxtazorni keza boshlagani haqidagi xabarlar Ozodlik bloggerlari tomonidan ham yo‘llana boshladi.

Jumladan, Sirdaryo viloyatida paxta terayotgan terimchi-talaba "WhatsApp Paxtakor" blogiga shunday bitik yubordi:

"... Bmt Sirdaryoda kevoti Zam dekanimiz agar kebqolishsa xoxishimiz bilan keldik sharoitla yaxshodb etasanla db qattu tayinladila...", deb yozdi terimchi blogger.

Uning aytishicha, paxtazorda paxta terayotgan talabalar bilan favqulodda uchrashgan dekan muovini 24 sentyabr kechki soat 5 da xalqaro ekspertlar kelishi va shunga muvofiq yotoq joylarni ham tartibga keltirib qo‘yishni tayinlagan.

Aslida xorijlik ekspertlarni kutib olishga tayyorgarlik ancha ilgari boshlangan va bu haqda Ozodlikka yozayotgan bloggerlar, mabodo so‘rab qolishsa, paxta terimiga o‘z ixtiyori bilan chiqqanini aytish tayinlanganini yozmoqda.

Ozodlik muxbirlari surishtiruvi natijasida ayrim viloyatlardagi mahalliy hokimiyatlar vakillari ham terimchilardan kelayotgan bu ma‘lumotlarni tasdiqlagan edi.

Shu bois, tarkibiga o‘zbek rasmiylarini qo‘shgan va monitoring shartlarini O‘zbekiston hukumati bilan avvaldan kelishib olgan XMTning O‘zbekistonga kutilgan safarini "quruq rasmiyatchilik" deya tanqid qilayotganlarga javoban Olьga Bogdanova aniq-tiniq qilib ta‘kidladi:

- O‘ylaymanki, bu o‘rinda bizning ekspertlarimiz, shu jumladan, guruhlardagi boshqa xalqaro ekspertlarning bu boradagi tajribasiga ishonishimiz kerak. XMTda dunyoning turli davlatlarida yig‘ilgan boy tajriba bor. Afsuski, bola mehnatidan majburiy foydalanish amaliyoti dunyoning aksar davlatlarida bor. Bu xalqaro jamoatchilik hal qilish majburiyatini zimmasiga olgan muammolardan biri, - dedi Olga Bogdanova.

XMT vakilining yana ta‘kidlashicha, bola mehnatidan majburiy foydalanish muammosi eng ko‘p kuzatilayotgan davlatlarning aksariyati Osiyo va Tinch okeani havzasida joylashgan.

Hozirga kelib dunyoning aksar davlatlari, shu jumladan, O‘zbekiston ham 1999 yilda qabul qilingan 182-raqamli "Bolalar majburiy mehnatining eng og‘ir ko‘rinishlari"ga oid xalqaro konventsiyani imzolagan.

Ana shu hujjatdagi majburiyatlar doirasida dunyo davlatlariga hisob berishga majbur qolayotgan O‘zbekiston hukumati paxta dalalarida bolalarning ekspluatatsiya qilinishini yillar davomida rad etib keladi.

Buning ustiga, majburiy mehnat yuzasidan o‘zi monitoring olib borishini iddao qilib, XMT ekspertlarini ham O‘zbekistonga kiritmayotgan edi.

Ammo, xorijlik ekspertlar mamlakat paxtazorlarini keza boshlagan 2013 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumining ilk haftasidayoq uch kishi paxta dalasida nobud bo‘ldi.

15 sentyabr kuni Buxoro viloyatining Vobkent tumani Narchoq qishlog‘ida 6 yashar bolakay Amirbek Rahmatov paxta ortilgan pritsepga chiqib uxlab qolgan va shom qorong‘usida uning ustiga terimchilar tergan paxta tagida bo‘g‘ilib o‘lgan.

Qarshi Davlat universiteti Tarix fakulьteti milliy g‘oya yo‘nalishining 2-kurs talabasi shu fakulьtet 4-kurs talabalaridan 4 nafarini 16 sentyabrь kuni paxta dalasida pichoqlab qo‘ydi. Pichoqlanganlardan biri voqea joyida halok bo‘ldi.

9 sentyabrь kuni Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2 bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova paxta dalasida tok urib nobud bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG