Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:32

Muborakda terimchilar kunduzi paxta, kechasi sichqon terayapti


Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi Turkiston jamoa xo‘jaligida paxta terayotgan tibbiyot xodimlari yotoq joyini sichqon bosib ketgani bois sog‘ligiga xavf tug‘ilganidan arz qildilar. Xo‘jalikdagi "O‘zbekiston" shiyponi va "Yubileyniy" klubi binosiga joylashgan ishchi-terimchilar yotoq sharotining o‘ta og‘irligidan nolidi.

Ozodlikka Qashqadaryo viloyatidan elektron maktub yozgan va ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan manba Muborak tumanida paxta terayotgan viloyat tibbiyot xodimlari va o‘qituvchilar o‘ta og‘ir sharoitda yotoqda qolayotganini bayon qildi.

Bu manbaning yozishicha, Muborak tumanidagi 200 nafardan ortiq qashqadaryolik o‘qituvchi joylashtirilgan sobiq "Yubileyniy" kinoklubidagi ahvol tunashga yaragulik emas.

"Klubning yerto‘lasini sichqon bosib ketgan. Yotoqqa kirishimiz bilan gup etib hidi uriladi. Kechasi bilan ko‘rpalarimizni, ovqatlarimizni oralab tashlaydi. Kechasi kamida 4 marta turib, sichqon quvalab yuramiz. Kunduzi tinmay paxta ter, kechasi sichqon quvala-quvala bo‘lib yotibdi bu yog‘i. Iltimos, shu masalani hal qilishning iloji bormi", deb yozdi qashqadaryolik mushtariy.

Ozodlik muxbiri bu maktub ortidan Muborak tumanidagi mutasaddi idoralarga bog‘landi va rasmiylarning bu muammodan xabari borligini aniqladi.

Muborak tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi tumandagi Turkiston jamoa xo‘jaligi hududida joylashgan bu klubdan so‘nggi bir necha yil ichida terimchilar uchun yotoq joyi o‘rnida foydalanilayotganini aytdi.

"Bu klubda hamma sharoit bor. Zaliga ayollarga yog‘ochdan katta yotoq joy qilib berilgan. U yerga qanday qilib chiqadi sichqon. Ha endi podvalida bo‘lishi mumkin sichqon. Lekin juda unaqa uxlatmaydi, degani yolg‘on-ey", deya e‘tiroz bildirdi Muborak tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi.

Ammo, ushbu tumanda joylashgan "O‘zbekiston" shiyponida yotoqqa joylashganini aytgan qarshilik shifokorlardan birining aytishicha, sichqon muammosi bu shiypondagilarning ham tinchini buzmoqda.

"Eee, bor sichqon. Borda. Kechasi bilan ko‘rpa-to‘shakni oralab, hammani bezor qilib yubordi. Pishak olib kelgan edik, pishagam qochib ketdi. Endi sichqon to‘lib yotibdi. Yo‘qotib bo‘lmayapti", dedi ismini oshkor qilmayotganimiz bu shifokor Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Kuzgi mavsumda dala-dashtdagi kemiruvchilar, odatan turli yuqumli kasalliklarni tarqatishi mumkin. Buni yaxshi tushungan shifokor har yili paxta terim mavsumidagina odam kiradigan bu shiyponlardagi hayvonlar yanada xavfli bo‘lishini aytadi.

"Kasallik tarqatishi mumkin endi, bu bor gapku. Lekin bularni hozir dorilab bo‘lmaydida. Birinchidan, dorini polning tagiga qo‘yasiz, sichqon o‘lsa hamma yoq sasib ketadiku?! Keyin dori yegan ovqatlarni oralab yuborsachi?!" deydi shifokor.

Muborak tumanida yotoqda yotib paxta terayotgan ishchi-terimchilarning bu hikoyalaridan hasharchi-terimchilar uchun ajratilgan yotoq sharoiti o‘ta og‘ir ahvolda ekanini anglash mumkin.

Ozodlik muxbiri "Yubileyniy" klubida o‘tgan yili yotoqda bo‘lgan qarshilik o‘qituvchi bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi yana ba‘zi tafsilotlarni aniqladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, hasharchi-terimchilarga ajratilgan har ikki yotoq yilning paxta terimidan boshqa mavsumlarda omborxona vazifasini o‘taydi.

Bu omborlarda esa qishloq xo‘jaligi uchun zarur mahsulotlar ham saqlanadi va qarshilik o‘qituvchiga ko‘ra, shu bois ham bu joylarda turli kemiruvchi jonivorlar ko‘p bo‘ladi.

"U klub bir vaqtlar kino klub bo‘lgan. Hozir bir necha yildan beri ishlamaydi, faqat shu bizga o‘xshagan hasharchilarga yotoq bo‘ladi. Katta zaliga ayollarga joy qilib bergan. 2 metrlik balandlikda, katta yog‘och karavot o‘ziyam. Har joy, har joyida narvon. Keyin bu zalni aylanasiga bir ikkita xonalar bor. U xonalarda endi erkaklar yotadi. O‘tgan yili ham sichqon rosa bezor qilgan opa. U har yilgi gap u opa", dedi Ozodlikka ovozni yozib olmaslik va ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan qarshilik o‘qituvchi.

Muborak tumanidagi "Yubileyniy" klubidagi terimchilar yotog‘idan Ozodlik tahririyatiga ba‘zi fotosuratlar ham keldi.

Suratda zax bosgan yer ustiga to‘shalgan brezentga o‘rin-ko‘rpalar solingani, uyquga yotish arafasida ekani ko‘rinib turgan bir necha terimchining esa ko‘rpasini ag‘dar-to‘ntar qilib, sichqon quvlayotgani aks etgan.

Ammo, yotoqdagi ishchi-terimchilar o‘z xavfsizligi nuqtai nazaridan bu suratlarni e‘lon qilmasligimizni so‘radilar va Ozodlik bu suratlarni chop etmadi.

Paxta terimi avjiga chiqayotgan shu kunlarda paxta dalalaridagi yotoq sharoiti va terim bilan bog‘liq xabar hamda ma‘lumotlarni Ozodlikka yo‘llang!

Manzillarimiz:

WhatsApp + 420 608 549 460
E-mail: ozodlikmail@gmail.com
Skype: Ozodskype
XS
SM
MD
LG