Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:20

Paxtazordagi ishqiy mojaro to‘yga aylandi


Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi paxta dalalaridan birida fermerning o‘g‘li hasharchi qizni zo‘rlab qo‘ygani va paxtazordagi bu mojaro ikki yoshning unashuvi bilan yakun topgani haqidagi qiziq bir hikoya Ozodlikka ma‘lum bo‘ldi. Farg‘ona viloyati huquq-tartibot organlaridagi manbaga ko‘ra, avvaliga zo‘rlanganini iddao qilgan terimchi qiz kattalarning aralashuvi bilan arizasini qaytib olgan.

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumaniga borib, onasining o‘rniga paxta terayotgan yoshgina hasharchi qizni shu tumandagi fermerlardan birining o‘g‘li zo‘rlab qo‘ydi.

22 sentyabr kuni sodir bo‘lgan bu hodisa haqida Ozodlikka ismi sir qolishi sharti bilan xabar bergan farg‘onalik bloggerga ko‘ra, zo‘rlangan qiz fermerning o‘g‘li ustidan militsiyaga shikoyat qilgan.

"Onasining o‘rniga paxtaga kelgan yosh qizni zo‘rlagan va u qiz militsiyaga arz qilganidan keyin fermerning o‘g‘lini ushlab olib ketishgan. U qiz ham har kuni melisaxonaga qatnayapti", deb yozdi farg‘onalik blogger.

Farg‘ona viloyati huquq-tartibot idoralaridan birida ishlovchi manba bu xabarni tasdiqladi.

U bergan ma‘lumotga ko‘ra, ayni shunday holat bo‘yicha bir shikoyat kelib tushgan, ammo jinoyat ishi ochilmagan.

So‘ngra Farg‘onadagi Ozodlik manbasi bu hodisani maxsus o‘rganib, zo‘rlanganini iddao qilgan hasharchi qiz bir kundan so‘ng arizasini qaytib olganini aniqladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Farg‘ona shahridan Yozyovon tumaniga paxta terimiga borgan va tumandagi kasb-hunar kollejlaridan birining binosiga yotoqqa joylashgan 25 yashar G. ismli qiz (Terimchi qizning ismi sir saqlanmoqda. - Tahr.) mahalliy yigitlardan biri bilan tanishib qolgan.

30 yashar J. ismli bu yigit (Yigitning ismi sir saqlanmoqda. - Tahr.) tumandagi M.nomli fermer xo‘jaligi (Xo‘jalik nomi sir saqlanmoqda. - Tahr.) raisining o‘g‘lidir.

"Bu qiz, o‘g‘il bir-biriga SMS kidat qilarkanmi, telefon qilib turarkanda endi bir-biriga. Endi dalada boshlangan, 4-5 kun ichida. Keyin qiz aytganki, “Paxtani soat 5da terib bo‘ldik. Bizni mashinada tashlab qo‘ying” deb. Avtobusga sig‘maganlarni fermerlar o‘z mashinasida tashlab qo‘yayaptiyu hozir. Keyin o‘sha bog‘chadan kollektivniy kelganlarning 6-7tasini mashinaga solib, olib kelib tashlab “Biz morojniyga borib kelamiz” deyishgan. Qiz ham o‘zi rozi bo‘lgan. Hech qanaqa qarshilik bildirmaganda. 25 ga kirgan qizda endi", dedi Ozodlikning Farg‘ona viloyatidagi manbasi mikrofonsiz suhbatda.

Manbaning aytishicha, G. o‘sha kuni M. bilan birga muzqaymoq yegani ketgan va shundan so‘ng o‘sha hodisa sodir bo‘lgan.

"Shu morojniyga borishgan. Keyin nimasi qiziq bo‘layapti, morojniy yeb, o‘sha ish bo‘lib turib, bu yoqda yana madaniyat uyidan kontsertlar qilib, u qiz kelib o‘yinga tushib, ertasiga yana paxta terayapti. Keyin uyiga ketib, ekstrenniyga borishib, o‘sha ariza yozishmoqchi bo‘lib, tushuntirish xatlari olinib, tam shuda endi. Ertasiga keyin yarashuv, deydimi, shunaqa bo‘ldida", dedi Ozodlik manbasi.

Ya‘ni, o‘sha kuni kechasi qiz Farg‘ona shahriga uyiga ketgan va ertasi kuni ertalab qizning oilasi shahar shifoxonasining Tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan.

Shifokorlar esa bu hodisadan tuman IIBning mas‘ul xodimlarini xabardor qilgan va bu xodimlar birinchi bo‘lib, an‘anaga muvofiq tomonlarni murosaga chaqirgan.

"U uylanadigan bo‘ldi. Bular ertaga sovchilikka borishadi. Rozichilik bo‘lib, ertaga (25 sentyabr kuni - Tahr.), Xudo xohlasa, quda-tog‘alar borishadi. Kecha qudalar gaplashishdi bir-biri bilan. Qizam rozi bo‘ldi endi. Ekspertiza-mekspertiza qilmaydigan bo‘ldi. Endi bu qiz ham erli bo‘lib qolsin, deganday qilishib, endi sovchilikka ertaga borishadigan bular", dedi Ozodlikning Farg‘onadagi manbasi.

Shu tariqa, kattalarning aralashuvi bilan tumanda nomi chiqqan puldor fermer o‘g‘li va shaharlik terimchi qiz oilasi murosaga keltirildi.

Ozodlikning Farg‘onadagi manbasi bunaqa holatlar paxta terimi mavsumida uchrab turishini ham qo‘shimcha qildi.

Ayniqsa, oliy va o‘rta-maxsus ta‘lim muassasalarining rahbariyatlari har paxta terimi oldidan bu kabi "ishqiy mojarolar" oldini olish uchun tegishli choralarni ko‘rish haqida yuqori turuvchi organlardan ogohlantiruv oladilar.

Yotoq joylari va paxta dalalarida yosh, jo‘shqin yigit-qizlarning his-hayajonlarini jilovlab turish uchun esa maxsus nazoratchilar tayin etilishi kuzatiladi.

Sovet zamonlaridan buyon qo‘llanib keladigan bu tajriba shu kunlarda O‘zbekistondagi paxta dalalarida ham faol qo‘llanmoqda.

Jumladan, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga paxta terimiga olib borilgan toshkentlik talaba yigit-qizlar, hatto, paxta dalalarida ham bir-biridan ajratilayotgani, o‘zaro muloqotlarga ham imkon berilmayotganini so‘zlab berdi.

Paxta terimi avjiga chiqayotgan shu kunlarda paxta dalalaridagi voqea-hodisalar, sarguzashtlar va yuqorida o‘qiganingiz kabi hikoyalarni Ozodlikka yo‘llang!

Manzillarimiz:

WhatsApp + 420 608 549 460
E-mail: ozodlikmail@gmail.com
Skype: Ozodskype
XS
SM
MD
LG