Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:34

O‘zbek paxtasining yarmini Xitoy sotib olmoqchi


2013 yildan boshlab O‘zbekiston Xitoyga 300 ming tonnadan paxta tolasi yetkazib berishni rejalamoqda. Bu xorijga sotiladigan tolaning qariyb yarmini tashkil qiladi.

“Yiliga 300 ming tonnadan kam bo‘lmagan miqdorda doimiy ravishda paxta yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga ikki mamlakat hukumatlari darajasida erishilgan. Bu boradagi “qat‘iy” shartnoma oktyabr oyida Toshkentda o‘tkazilajak paxta yarmarkasi doirasida imzolanadi”, deb yozadi RIA Novosti vaziyatdan xabardor manbasiga iqtibosan.

Agentlik manbasiga ko‘ra, O‘zbekistondagi davlat nazoratida bo‘lgan uch tashqi savdo shirkati sentyabr oyi boshida xitoylik xaridorlar bilan 300 ming tonna paxta tolasi yetkazib berish bo‘yicha 570 million dollarlik shartnoma imzolagan.

Avvalroq O‘zbekiston 2012-2013 yilgi mavsumda eksport hajmini ichki qayta ishlash hajmini oshirish hisobiga 600 ming tonnagacha qisqartirishi haqida xabar qilingandi. 2011-2012 yilgi mavsumda bu ko‘rsatkich 620 ming tonnani tashkil qilardi.

O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ma‘lumotlariga ko‘ra, o‘zbek paxtasining asosiy xaridorlari shu kungacha Rossiya, Bangladesh, Xitoy va Janubiy Koreya bo‘lib kelgan. O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtaning katta qismini Rossiya (40 foiz) va Bangladesh (39 foiz) sotib olgan. Xitoyning o‘zbek paxtasi eksportidagi ulushi esa 15 foizni tashkil qilgan.

O‘zbekistonda paxta yetishtirishda majburiy mehnatdan foydalanilgani bois huquq himoyachilari xorij shirkatlarini O‘zbekiston paxtasidan tayyorlangan mahsulotlarga boykot e‘lon qilishga chaqirib kelmoqda.

Shu kunga qadar dunyoning 108 ta chakana savdo shirkati O‘zbekiston paxtasidan tayyorlangan mahsulotlardan voz kechgan. Ular orasida H&M, Gap, Walmart, TESCO, Gucci, Yves, Saint Laurent kabi mashhur shirkatlar ham bor.

O‘zbekistonda har yili taqriban 3,5 million tonna paxta xom ashyosi va 1-1,2 million tonna paxta tolasi ishlab chiqariladi. Chigitdan ajratilgan paxta tolasining qariyb 60 foizi eksport qilinadi.

Taxminlarga ko‘ra, bu yil O‘zbekistonda 3,35 million tonna paxta xom ashyosi yetishtirilishi, 1 million tonna paxta tolasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Paxta xom ashyosi asosan sentyabr-oktyabr oylarida yig‘ishtirib olinadi.
XS
SM
MD
LG