Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:37

Hollandiyalik dizayner "abadiy telefon" g‘oyasini ilgari surdi


Phonebloks qo'l telefoni
Phonebloks qo'l telefoni
Dunyoning ko‘pgina mamlakatlari aholisi shu kunlarda sotuvga chiqarilgan yangi iPhone 5S telefonlari imkoniyalaridan bahramand bo‘layotgan bir paytda¸ hollandiyalik dizayner Deyv Xakkens smartfon bozorida inqilobiy o‘zgarish yasashi mumkin yangi g‘oyani ilgari surdi.

Xakkens taklif etayotgan Phonebloks deb ataluvchi telefon apparati istagan paytda o‘zgartirib, yangilab turish mumkin bo‘lgan bir nechta blokdan tashkil topgan.

Bir so‘z bilan uni telefon-konstruktor deb atasa bo‘ladi. G‘ilofi yoki ekrani eskirsa¸ uning o‘rniga yangi chiqqan kuchliroq va zamonaviy versiyasini o‘rnatish mumkin.

Kamerasining imkoniyatlari sizni qoniqtirmayaptimi, kamera blokini istagan paytda yangisiga o‘zgartirsa bo‘ladi.

Hollandiyalik dizayner g‘oyasi mijozlarga yangi telefonlar ketidan quvmasdan¸ o‘z qo‘lidagi apparatni zamona zayliga qarab yangilab borish imkonini beradi:

- Har kuni millionlab telefon apparatlari eskirib qolgani uchun axlatga uloqtiriladi. Shu telefonlarning ayrim funktsiyalari yoki imkoniyatlari eskirgani uchun mijozlari yangisini olishga oshiqadi. Aslida shu telefonlarning asosiy qismlari eskirmaydiku. Shunday ekan ularni axlatga uloqtirmasdan, faqat eskirgan bloklarini yangilasangiz¸ qarabsizki eng zamonaviy telefon qo‘lingizda¸ deydi Deyv Xakkens.

Hollandiyalik Deyv Xakkens g‘oyasiga ko‘ra, telefonning har bir blokini turli firmalar ishlab chiqarishi mumkin. Telefonning ekrani Samsung shirkatiniki, kamerasi Sony shikartiniki bo‘lishi mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda Xakkens ixtiro qilgan Phonebloks deb ataluvchi yangi smartfon har qanday mijoz istagini qondira olishi mumkin:

- Aytaylik bu sizning telefoningiz. Xohlasangiz unga eng so‘nggi kamera blokini tanlang. Menga kamera muhim emas, batareyasi kuchli bo‘lishi muhim¸ desangiz, kuchliroq uzoqqa chidaydigan batareya blokini tanlashingiz mumkin. Ya‘ni har bir mijoz cho‘ntagiga qarab telefonni o‘ziga moslashi mumkin, deydi Xakkens.

Shuningdek , hollandiyalik ixtirochi kelajakda telefon egalari yangi blok xarid qilishlari va eskisini sotishlari mumkin bo‘lgan Blockstore Internet do‘konchasi ochish taklifini ham ilgari surmoqda.

Hollandiyalik dizayner Deyv Xakkensning yangi ixtirosi iPhone, Nokia va Samsung smartfonlari ishlab chiqaruvchilarini ancha hushyor torttirsa¸ ajab emas.

Lekin, Xakkensning bu g‘oyasi hayotga tadbiq etilishi uchun investorlar va ishlab chiqaruvchilar qiziqishini qozonishi kerak bo‘ladi.

Hollandiyalik ixtirochi o‘zining Phonebloks sahifasida telefon foydalanuvchilarni bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG