Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:58

Hasharchi paxta terib daromad qiladimi yoki aksincha?


Paxtaga bormaslik uchun qancha to‘lash kerak? Paxtaga borgach qancha xarajat qilinadi? Paxta terib daromad qilish mumkinmi? OzodJavobning navbatdagi sonida paxta bilan bog‘liq shu kabi hisob-kitoblarni o‘rganamiz.

Bu kabi savollar shu kunlarda deyarli barcha paxtakorga aylangan paxtazor O‘zbekistonning har bir fuqarosi uchun dolzarb. Buni Ozodlikka bo‘layotgan kundalik telefon qo‘ng‘iroqlari, email murojaatlari yoki WhatsApp orqali bo‘layotgan muloqotlardan bilish mumkin.

Bugungi kunda ishchi-xizmatchilar, talabayu tadbirkorlar majburiy ravishda paxta terimiga haydalayotgan bir paytda ko‘pchilik paxtaga bormaslikning yo‘llarini qidirayapti.

Ozodlik muxbirining o‘rganishicha, paxtaga bormaslik yo‘llari bor, lekin hammasi “pullik”.

Demak paxtaga bormaslik xarajatlari:

Talabalar 300 AQSh dollari evaziga paxtadan qolishi mumkin.

Suhbatlashganimiz toshkentlik talabaga ko‘ra, bu pul dekan yoki rektorga uzatiladi.

“300 dollarni kurs rahbari yoki tanka orqali dekanga beriladi. Yoki rektorga beriladi. Shu bilan paxtaga borishdan qutilish mumkin. Bizda ko‘pchilik shuncha pulni berib paxtadan qoldi”, deydi toshkentlik talaba.

Viloyat oliygohlarida ham paxtadan qolish uchun taxminan shuncha miqdordagi pulni dekanga uzatish kerak.

Suhbatlashganimiz hozirda paxta terayotgan andijonlik talaba yigitga ko‘ra, kursdoshlarining aksari 300 dollar to‘lab paxtaga kelmagan.

So‘nggi ikki yil davomida Toshkentdagi ishchi-xizmatchilar ham paxta dalasiga haydalayapti.

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi ma‘lumotiga ko‘ra, joriy yilda jami 200 ming poytaxtlik paxta terimiga jalb qilingan.

Bular asosan, byudjet tashkilotlari xodimlaridan iborat.

O‘rganishimizcha, toshkentlik ishchi-xizmatchilarning aksari paxtaga bormaslikni ma‘qul topayapti.

Toshkentdagi manbamiz ma‘lumotiga ko‘ra, masalan poytaxt shifoxonalari xodimlari 200 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha pul to‘lab paxtaga bormayapti.

“Toshkentdagi 6-shifoxona shifokorlari 400 ming so‘m to‘lashdi. Hamshiralari esa 200 ming so‘m to‘lashdi. Shu pul evaziga bir oylik paxtaga borishdan qutilishdi. Ayrim shifoxonalar paxta uchun o‘zlarining fondlaridan ham pul o‘tkazayapti”, deydi manbamiz.

Poytaxt banklarining xodimlari uchun paxtaga bormaslik “narxi” esa sal qimmatroq. Toshkentdagi banklardan birining xodimi ismini ochiqlamaslik sharti bilan aytishicha, paxtaga bormaslik “narxi” 800 ming so‘mgacha.

“Bu hokimiyat bilan kelishishingizga bog‘liq. Kelisha olsangiz 600 ming so‘mga ham paxtadan qolish mumkin. Lekin ko‘pchilik 800 ming so‘m to‘lab paxtadan qolayapti. Paxtaga borsangiz ham baribir shuncha harajat qilasiz. Keyin paxta terish ham oson emas. Shuning uchun ko‘pchilik paxtaga bormasdan pulini berayapti”, deydi bankir suhbatdoshimiz.

Avvalgi yillardan farqli¸ joriy yilda Toshkent bozorlariga ham paxtaga safarbarlik e‘lon qilindi.

Chorsu bozorida savdo qiladigan Jahongir Shosalimovga ko‘ra, bozorchilar umuman paxtaga bormayapti va bir kunlik paxta terimi uchun 100 ming so‘mgacha pul to‘layapti.

- Taxminan 30 mingdan 100 minggacha. Savdo joyiga qarab. Bir xillarining joyi bitta, bir xillarining joyi ikkita. Bir xillarining joyi 3 metr, bir xillarining joyi 10 metr. Taxminan shunga qarab to‘lanayapti paxta uchun, deydi Jahongir Shosalimov.

Toshkent mahallalarida ham paxtaga bormaslik uchun odamlardan pul yig‘ilayapti. Toshkentlik Abdumannon akaga ko‘ra, pul miqdori har kimning iqtisodiy imkoniyatiga qarab belgilanayapti.

- 15 kun 300 ming so‘m, boyroq odamlardan ko‘proqdan olishayapti, deydi Abdumannon aka.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, paxtadan qolish uchun to‘langan pul ikki xil maqsadda ishlatiladi: pul bergan odamning o‘rniga mardikor yollanadi yoki shu pulga paxta sotib olinadi.

- Mahalla kotibi bilan paxtaga ketadiganlarga maxsus odam belgilanadi. Gruppa sardorimi, boringki brigadir deng. Pul o‘shanga beriladi. U odam bilan kelishiladi. Pul bergan odamning o‘rniga boshliqning o‘zi odam topadi yoki bormagan odamni ham bordi hisobida 50 kilodan paxta sotib oladi o‘sha 300 ming so‘mga va bu odamning nomiga yozdiradi shuncha terdi deb, deydi toshkentlik Abdumannon aka.

Hozirda Toshkentning mardikor bozorlarida paxta borish uchun mardikorni bir kunga yollash o‘rtacha 40 ming so‘mga to‘g‘ri kelayapti.

“Bugun men Qo‘yliqdagi mardikor bozoriga bordim. Bitta mardikorni paxtaga jo‘natish uchun 40-45 ming so‘m so‘rashayapti. Ertalab 35 ming so‘mdan ham topish mumkin ekan. Lekin Bugungi kunda Toshkentdagi barcha mardikor bozorlari xuvullab qolgan. Hammasini ishchilar paxtaga yollab jo‘natayapti”, deydi toshkentlik manba.

Paxtaga borgan hasharchilarning xarajatlari:

Hasharchi talaba va ishchi-xizmatchilar uchun yotoq joyi tekinga berilayapti. Lekin bu joylar ombor va dala shiyponlari singari sharoiti yo‘q ob‘ektlar bo‘lgani uchun hasharchilar qishloqdagi aholi uylarida ijaraga yashayapti.

“Yotoqxonaning tekini bor. Lekin u yerda umuman yashab bo‘lmaydi. Sharoit yo‘q. Shuning uchun odamlarning uyida yashayapmiz. Oyiga 30-35 ming so‘mdan to‘layapmiz”, deydi Jizzax dalalarida paxta terayotgan toshkentlik talaba.

Hasharchilar uchun har kuni tayyor ovqat beriladi. Lekin bu ovqatga ketgan xarajat hasharchining tergan paxtasidan ushlab qolinadi.

“Yomon bo‘lsa ham har kuni ovqatimiz bor. Ovqat uchun har kuni tergan paxtamizdan har bir kishidan 30 kilodan ushlab qolishadi”, deydi Andijon institutlaridan birining hasharchi-talabasi.

Hozirgi kunda bir kilo paxtaga 180 so‘mdan haq berilayapti. Shundan kelib chiqib ovqat pulini hisob-kitob qilsak, 30 kilo paxtaning narxi 5400 so‘mni tashkil qiladi. Demak bir hasharchining bir kunlik ovqatining narxi 5400 so‘mni tashkil qiladi. Agar hasharchi 30 kun paxta tersa, ovqatining o‘ziga 162 ming so‘m pul ketadi.

Hasharchi manbalarimizga ko‘ra, ovqat puli uchun har bir talabadan 30 kilo paxta majburiy tarzda ushlab qolinadi.

“Lekin biz pishirgan ovqatini umuman yemaymiz. Chunki har kuni makaron. Biz qishloqdagi xonadonlarga pul to‘lab ovqat pishirtirayapmiz. Masalan¸ uchta mantini 1000 so‘mga olamiz. Keyin har kuni ichimlik suvini ham sotib olamiz. Har kuni ovqat bilan ichadigan suvimizga jami 6000-7000 so‘m ketayapti”, deydi Jizzaxda paxta terayotgan toshkentlik talaba.

Demak hasharchining 30 kuni uchun ovqatiga 210 ming so‘m pul sarflanadi.

Paxta davridagi harajatlarni hisob-kitob qilishda davom etamiz: har bir hasharchi paxta terish uchun etakning bir donasini 5000 so‘m ba‘zi joylarda 6000 so‘mdan sotib olishi lozim.

Shuningdek, hasharchilar hammomi bor qishloq xonadonlarida bir marta dush qabul qilish uchun 3000-4000 so‘mdan to‘laayapti.

Hasharchilar uchun bir kunlik norma o‘rtacha 50-60 kilo qilib belgilangan. Bu normadagi paxtani tera olmagan talaba paxtani sotib olishiga to‘g‘ri kelayapti.

“Bugun men 21 kilo paxta terdim. Yana 20 kilo paxtani qishloq odamlaridan sotib oldim. Bir kilosi uchun 200 so‘mdan jami 4000 so‘m to‘ladim. Ba‘zilar tarozibonning o‘zi bilan gaplashib paxta sotib olayapti. Narigi qishloqda soldatlar ham paxta terayapti. Ular qishloq odamlaridan bir kilo paxtani 300 so‘mdan sotib olayapti ekan”, deydi Jizzaxda paxta terayotgan toshkentlik talaba.

Endi paxtadan keladigan daromadga to‘xtalsak:

Agar hasharchi kuniga o‘rtacha 50 kilodan paxta tersa, bu bir oyda 1500 kilo paxta bo‘ladi. Lekin bundan kuniga 30 kilo jami 900 kilo paxtani ovqat puli uchun ayirib tashlaymiz. Qolgan 600 kilo paxtani kilosini 180 so‘mdan hisoblasak, bu 108 ming so‘m bo‘ladi.

Demak hasharchining cho‘ntagiga 108 ming so‘m qoladi.

Lekin hasharchi qishloq xonadonlarida pishirilgan ovqat uchun bir oyga 210 ming so‘m sarflashini hisobga olsak, talaba o‘z cho‘ntagidan qo‘shimcha yana 102 ming so‘m to‘lashi kerak. Yana etak puli, cho‘milish uchun dushga to‘lanadigan pul, yana ba‘zilar o‘z hisobidan transportga pul to‘lab hasharga borishi, yana paxta mavsumi uchun alohida olinadigan kiyim-kechaklar xarajati hisob-kitob qilinsa, hasharchi paxta terib daromad qilish o‘rniga¸ QARZDOR bo‘lib qolmoqda.
XS
SM
MD
LG