Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:38

Uylanadigan o‘zbekistonlik OITSga qarshi ko‘rikdan o‘tishi shart


Bu me‘yor 24 sentabr kuni kuchga kirgan “Odam immun taqchilligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonunda belgilab qo‘yilgan.

Odam immun taqchilligi sindromi (OITS) ga qarshi kurash markazlari vrachlarga ko‘ra, bu kasallikka chalinish holatlari, ayniqsa, mehnat migrantlari orasida ko‘proq kuzatilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi joriy yilning 7 iyunida qabul qilgan, Senat 22 avgustda ma‘qullagan OITSga qarshi qonun 5 bob va 28 moddadan iborat bo‘lib, uning muqaddimasida mazkur hujjatning “kasallik tarqalishiga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishi” belgilab qo‘yilgan.

Qonunda OITV infektsiyasining tarqalishiga qarshi kurashning asosiy yo‘nalishlari sifatida bu kurashning yaxlit tizimi faoliyatini ta‘minlash, OITVga chalinganlarni bepul maxsus davolash va ularni ijtimoiy himoyalash, OITV tarqalishining oldini olish choralarini amalga oshirish kabi qator yo‘nalishlar belgilab qo‘yilgan.

Qonunning 15-moddasida OITVga qarshi maxsus tibbiy ko‘rikdan majburiy tarzda o‘tkaziladiganlar sanab o‘tilgan.

Qon va boshqa biologik suyuqliklar donorlari, yoshi 50 gacha bo‘lgan nikohga kirayotganlar, homilador ayollar, narkotik moddalarni in‘ektsiya yo‘li bilan qabul qiladiganlar, OITVga chalingan onadan tug‘ilgan bolalar, qon va biologik suyuqliklar hamda odamning boshqa organlari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlari, jinsiy aloqaga kirgan sherigida OITV aniqlangan shaxslar OITVga qarshi ko‘rikdan o‘tishga majbur ekanligi qonunda belgilab qo‘yilgan.

24 sentyabrь kuni kuchga kirgan qonunning zarurati to‘g‘risida Jizzax viloyati OITS-markazining vrachi bilan o‘tkazganimiz suhbatdan tasavvur hosil qilish mumkin.

Ozodlik savollariga ismini aytmasligimiz sharti bilan javob bergan vrachning aytishicha, qonun qabul qilingunga qadar ayni jaraën yuqori tashkilotlar qabul qilgan qarorlar asosida olib borilgan:

- Masalan, bir yildan beri, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi qarori bilan nikohlanuvchilar OITSga qarshi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda, chunki homiladorlar orasida ko‘payib ketdi bu kasallik. Qonun kuchga kirgandan keyin endi ular 100 foiz tekshiriladi. Endi yaxshi bo‘ldi.

OITSning homilador aëllar orasida ko‘payib ketganini ta‘kidlagan mutaxassis¸ o‘z viloyati miqësida ayrim raqamlarni tilga oldi:

- Protsentlarinigina ayta olaman. Lekin raqamni ayta olmayman. Umumiy aholiga nisbatan 0,01 foiz. Bugungi kungacha viloyatimizda 9 oy mobaynida 15 ta homiladorimizda aniqlangan, dedi Ozodlik bilan suhbatda jizzaxlik mutaxassis.

Vrachning aytishicha, keyingi yillarda xorijga ish izlab chiqib ketaëtgan o‘zbekistonliklar bugunga kelib OITVning asosiy tashuvchilariga aylangan: olganlar ko‘p.

- Migrantlar orasida hozir juda ko‘payib ketdi. Mana shu kungacha kasallik aniqlangan, deya turib suhbatdosh bugunga kelib mazkur jaraënni nazoratga olish choralari yo‘lga qo‘yilaëtganini bildirdi:

- Ichki migrantlar ham tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ichki migrant deganimiz qaysi? Masalan, viloyatimizdan boshqa viloyatlarga o‘tib kelganda ham o‘zlarini tekshirtirishadi. Ikkinchisi, tashqi migrant. Tashqi migrant bu o‘zimizning O‘zbekistonimizdan boshqa tomonlarga chiqib ketgan migrantlar. Undan keyin deport bo‘lganlar alohida tekshiriladi, jabr ko‘rganlar alohida tekshiriladi, hammasi prezidentimizning 911-sonli qarori bilan qamrab olingan. O‘sha yerda 100 foiz SPIDga tekshirilsin, degan joylari bor.

Ular majbur tekshiriladi. Masalan, ichki ishlarga, mahallalarga boshqa joylarga xat chiqaramiz. Qonuniy borib kelganlar 100 foiz tekshiriladi. Noqonuniy borib kelganlar ham bor. Shunday bilet olib, viza qildirmay noqonuniy ketaëtganlar ham ko‘p. Ularni mahalla, ichki ishlar bilan topib olib, keyin joyida tekshirishni yo‘lga qo‘yganmiz, dedi Jizzax viloyati OITS-markazining ismini aytmasligimizni so‘ragan xodimi.

“Odam immun taqchilligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi qonun 24 sentabr kuni kuchga kirdi.
XS
SM
MD
LG