Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:48

Paxta viloyat va tuman markazlarini “o‘lik” shaharga aylantirdi


O‘zbekistondagi paxta mavsumi sabab aksariyat viloyat va tumanlarda kunduzi bozorlar yopib qo‘yilyapti, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va do‘konlar eshigiga qulf solinmoqda. Rasmiylar buning sababini paxtaga ommaviy safarbarlik bilan izohlamoqda.

Toshkent viloyatida 24 sentyabrdan boshlab savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining ish vaqti kechqurun 19.00 da boshlanishi belgilab qo‘yildi.

Bu haqda Toshkent viloyati hokimi boshchiligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida hokim og‘zaki buyruq berdi.

Buyruqqa ko‘ra, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining kech soat 19 dan oldin faoliyat yuritishi taqiqlanadi.

Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida istiqomat qiluvchi muhandis Narimonning aytishicha, bu buyruq shaharni "o‘lik" holatiga keltirmoqda:

- 24 sentyabrdan boshlab, bozor, magazin, oshxona-kafelar, hammasini yopib tashladi. Bu g‘irt axmoqchilik. Paxtaga chiqadigan odamning qorni yo‘qmi, axir u do‘kondan u bu narsa olishi kerakku. Hozir To‘ytepa o‘lik shaharga aylanib qolgan, ko‘chada odam juda kam. GAI xodimlari markazga turib olgan, kelib qolgan moshinalarni haydash bilan ovora, deydi Narimon.

Toshkent viloyati hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan suhbatda hokim tomonidan shunday buyruq berilganini tasdiqladi:

- Bu elga kelgan to‘y. Hammamiz dehqonga yordam bermasak bo‘lmaydi. Erta-indin yomg‘ir yog‘ib qolmasdan paxtani terib olish kerak. Odamlar ertangi bozorligini kechqurun qilib olishga ulguradi, dedi hokimlik mulozimi.

Jizzax shahri ham odamlarsiz huvillab qolmoqda. Shahardagi do‘konlardan birida ishlaydigan Mansurjon ham rasmiylar shaharda transport harakatini cheklaganini, do‘kon va bozorlarni yopib qo‘yganini aytadi:

- Paxta sezoni boshlanishi bilan odamlarni qiynab tashlashdi. Hozir bizda hamma ko‘chalar yopiq. Na avtobus, na marshrutka yurayapti. Odamlar o‘zlarini moshinasida ham yurolmayapti. GAIlar qo‘ymayapti. Biz o‘rnimizga odam chiqarsak ham, savdo qilgani qo‘ymayapti, dedi tadbirkor Mansurjon.

Ayni paytda O‘zbekistondagi paxta terish kampaniyasini Xalqaro mehnat tashkilotining sakkiz guruhga bo‘lingan ekspertlari kuzatmoqda.

Hyuman Rayts Uotch xalqaro inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati o‘tgan yilgi paxta mavsumida bir milliondan ortiq fuqarosini, jumladan o‘qituvchi, shifokor va hamshiralarni og‘ir sharoitda paxta terishga majbur qilgan.
XS
SM
MD
LG