Линклар

Do‘stlik tumanida fermerlik qilayotgan Abdug‘ani Jumaboyevning kelini (ismi sharifini aniqlash imkoni bo‘lmadi - Ozodlik) paxta terayotgan paytda o‘lib qolgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan Do‘stlik tumanidagi manbaga ko‘ra, voqea kuppa-kunduz kuni paxta dalasida ro‘y bergan:

- Kelinchak to‘rtinchi sovxozdan kelin bo‘lib tushgan ekan. Yigirma yoshga kirgan, eri Toshkentda o‘qiydi ekan. Bitta yosh o‘g‘li bor ekan. Paxta terayotgan paytda birdaniga yomon bo‘lib, joyiga o‘tirib qolibdi. Atrofdagilar bu dam olyapti, deb parvo qilmapti. Keyin kelib ko‘rishsa, joyida o‘tirib o‘lib qolgan ekan.

Kelinchak shundan so‘ng darhol kasalxonaga olib borilgan, biroq shifokorlar uning joni allaqachon uzilganini qayd qilgan. Murdani yorib ko‘rib, o‘lim sababini aniqlashga uning yaqinlari ijozat bermagan. Taxminiy versiyaga ko‘ra, kelinchak qon bosimining birdaniga ko‘tarilib ketishidan jon taslim qilgan bo‘lishi mumkin.

Do‘stlik tumanidagi boshqa bir manba ham fermer kelinining paxtazorda o‘lib qolganini tasdiqladi. Unga ko‘ra, hozir militsiya xodimlari odamlarning kasalligiga, sharoiti bor-yo‘qligiga qaramay uyma-uy yurib paxtaga chiqarmoqda:

- Bizda Toshkentdan kelgan militsiya xodimlari uyma-uy yurib quvib chiqarmoqda, bormaganlarni bosib olib ketmoqda. Mening 33 yoshli o‘g‘limni ham majburlab olib ketishdi. Men mana 65 yoshga kirdim, hali bunaqa zo‘ravonlikni ko‘rmaganman, SSSR davrida ham bunday bo‘lmagan.

Marhum kelinchak yashagan qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Shodiyor Aliqobilov fermer Abdug‘ani Jumaboyevning kelini vafot qilganini tasdiqladi. Biroq uning aytishicha, kelinchak o‘z uyida jon taslim qilgan:

- Hech qanday paxta terimida o‘lgani yo‘q, u kelinchak. Bekorchi gap. Paxtaga chiqmagan, o‘z uyida o‘lib qolgan.

Har yili paxta terimiga jalb etilgan hasharchilar orasida o‘nlab qurbon qayd etiladi. Joriy yilda Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan "Paxta-2013" qurbonlari soni besh nafarni tashkil qiladi.

15 sentyabr kuni Buxoro viloyatining Vobkent tumani Narchoq qishlog‘ida 6 yashar bolakay Amirbek Rahmatov paxta ortilgan pritsepga chiqib uxlab qolgan va shom qorong‘usida uning ustiga terimchilar tergan paxta tagida bo‘g‘ilib o‘lgan.

Qarshi Davlat universiteti Tarix fakulteti milliy g‘oya yo‘nalishining 2-kurs talabasi shu fakulьtet 4-kurs talabalaridan 4 nafarini 16 sentyabr kuni paxta dalasida pichoqlab qo‘ydi. Pichoqlanganlardan biri voqea joyida halok bo‘ldi, yana biri kasalxonada jon berdi.

9 sentyabr kuni Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2 bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova paxta dalasida tok urib nobud bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG