Линклар

Moskvada muhojirlar millatchilarga qarshilik ko‘rsatdi


Moskvada hibsga olinganlarning katta qismi millatchilar hujumiga uchrgan mehnat muhojirlaridir.

Moskvada hibsga olinganlarning katta qismi millatchilar hujumiga uchrgan mehnat muhojirlaridir.

Moskvada millatchi guruhlar o‘tkazayotgan “noqonuniy muhojirlarni aniqlash” reydlaridan biri ommaviy mushtlashuv va otishma bilan yakunlandi. FMS jabrlangan muhojirlardan 20 nafari deportatsiya qilinishini ma‘lum qilmoqda. Rossiya muxolifatidagi RPR-Parnas partiyasi Moskvaning Kapotnya mavzesida bo‘lib millatchilar reydlarini qoralab chiqdi va mamlakatda millatchilik kayfiyati kuchayib borayotganidan xavotir bildirdi.

O‘tgan juma, 27 sentyabr kuni Moskvaning janubi-sharqidagi Kapotnya mavzesida mahalliy millatchilar va migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi.

Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot markazi rahbari Arkadiy Bashirov Ozodlik bilan suhbatda janjalda 60 yaqin odam ishtirok etgani va muhojirlarga hujum qilgan millatchi “faollardan” biri travmatik pistolet o‘qidan boshidan jarohatlanganini aytadi.

- 27 sentyabr kuni kechki 8:24 daqiqada “02” xizmatiga fuqarolardan Kapotnyaning 1-kvartali 6-uy yonida ommaviy mushtlashuv bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushdi. Hodisa joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari fuqarolarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘ydi. Aniqlanishicha, turli pudratchi tashkilotlar ishchilari yashovchi bu uyga 8:20 daqiqalarda 30 nafarcha yoshlar kelib, Moskvada qaydda turmasdan yashayotgan migrantlarni aniqlashga kelishganini aytishgan. Taraflar o‘rtasida janjal mushtlashuvga aylanib ketgan. Bu yerda registratsiyasiz yashayotgan shaxslardan biri ruxsatnomasi yo‘q travmatik pistoletdan bir necha bor o‘q uzgan. Jami politsiya bo‘limiga 60 kishi, jumladan 47 nafar mehnat muhojiri va 13ta millatchi yoshlar olib kelindi,- deya ma‘lum qildi Moskva politsiyasi rasmiysi Arkadiy Bashirov.

Shuningdek, hodisa joyidan poytaxtning tibbiy muassasalaridan biriga boshidan pistolet o‘qidan yarador bo‘lgan 1981 yilda tug‘ilgan ayol gospitalizatsiya qilinganini aytdi politsiya boshqarmasi vakili.

Politsiya 4 kishiga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 213-moddasi 2-qismi, ya‘ni “bezorilik” asosida jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Mahalliy tergov qo‘mitasi hozirda bu shaxslarni tergov yakuniga qadar hibsda qoldirish arizasi bilan sudga muojaat qilgani ma‘lum bo‘ldi.


“Shit Moskvi”ning muhojirlarga qarshi navbatdagi reydi barbod bo‘ldi


Kapotnyadagi mushtlashuvni boshlagan “Shit Moskvi” yoki “Moskva qalqoni” tashkiloti faollari bo‘lgan.

Tashkilotning yaqinda ishga tushgan rasmiy saytidagi telefon raqami va bu tashkilot rahbari Aleksey Xudyakovlarning shaxsiy qo‘l telefoni orqali o‘lanishning iloji bo‘lmadi. Ayrim manbalarga ko‘ra, hibs eitlganlar orasida Xudyakov ham bo‘lgan. “Qalqonchilar”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Kapotnyadagi otishma va janjal borasida biror izoh berilganicha yo‘q.

“Moskva qalqoni” tashkiloti saytida o‘zini “Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi buzilayotganini aniqlash bo‘yicha Jamoatchilik harakati” deb nomlayotganini ko‘rish mumkin.

Ular shaharning asosan markaziy-osiyolik mehnat muhojirlari yashayotgan “turar joylarni aniqlash va politsiyaga xabar berish”ni o‘ziga maqsad qilib qo‘yganiga qaramasdan, kuni kecha Youtube portalida paydo bo‘lgan videoda millatchi-taqirboshlar muhojirlar yashayotgan xonalar eshiklarini buzib, haqoratlab qirishga urinayotgani tasvirlangan.


Videoda yuziga maska taqib olgan millatchilar qo‘lida tayoq va to‘qmoq bilan odamlar uyiga kirib borayotganini ko‘rish mumkin.

Birdan pod‘ezdlardan birida 5-6 marta o‘q ovozi yangraydi.

Tum-taraqay bo‘lib ketgan millatchilar bilan birga “tez yordam” mashina orqasida yashirinib o‘tirgan politsiya xodimlarini ham ko‘rish mumkin. Otishma bo‘layotgan joydan boshi qonga belangan qiz chiqib keladi.

Videoda hodisa joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari millatchi-yoshlar tomonidan yoqilgan shashka tutuni qoplagan binoning xona va koridorlariga kirishga qo‘rqib turgani va otishma boshlanganida birinchilar qatorida qochib ketayotgani tasvirlangan.

Millatchilar o‘z forumlarida deyarli har bir xonada ularni osh pichoqlari bilan qurollangan muhojirlar kutib olganini iddao qilmoqda. Otishmadan 20 daqiqa o‘tib binoga bostirib kirgan OMON jangchilari 47 nafar muhojirni kaltaklab avtobuslarda politsiya bo‘limiga olib ketgani aytilmoqda. Janjal joyidan omonchilar “Shchit Moskvы” tashkilotining 13 nafar ishtirokchisini ham qo‘lga olgani xabar qilindi.


“Rossiya millatchilik domiga tortilmoqda”


Ozodlik so‘nggi paytlarda rus siyosatchilari saylovoldi kampaniya davomida millatchilik va migrantlarga qarshi ruhdagi qator bayonotlarni berganini xabar beran edi.

29 sentyabr kuni Rossiya millatchilik domiga tortilib ketilayotganidan xavotir RPR-Parnas muxolifatchilar partiyasining bayonoti paydo bo‘ldi.

Harakat yetakchisi Boris Nemtsov o‘zining sahifasida Kapotnyadagi millatchilarning migrantlarga hujumini qoralab chiqdi.

“RPR-Parnas partiyasi bu hujumni keskin qoralaydi. Partiya millatchilik ruhida qilingan bunday jinoyatlar, jumladan, ko‘plab rossiyalik siyosatchilarning nutqlaridan keyin avj oldi, deb hisoblaydi”, deyiladi muxolifatchilar rasmiy bayonotida. “Parnaschilar”, shuningdek, huquq-tartibot idoralaridan Kapotnyadagi hujum tashabbuschilarini aniqlash va javobgarlikka tortishni, kelajakda bunday harakatlarning oldi olinishi zarurligini talab qildi.

Moskvadagi “Vatandosh” O‘zbeklar jamiyati rahbari Usmon Baratov ham Rossiyaning turli shaharlarida bosh ko‘tarayotgan millatchilik Kreml yashirincha olib borayotgan siyosat natijasi ekanini aytadi.

- Bu Rossiya hukumatining norasmiy qilayotgan ishlari. Bu birinchi voqea emas, oxirgisi ham emas. Qonun bo‘yicha faqat politsiya shunaqa ishlar bilan shug‘ullanishi mumkin. Ming marotaba yaxshi tashkilot bo‘lishigi qaramasdan, bunday politsiya ishlarini qilsa, Rossiya Jinoyat Kodeksi asosida jinoyat hisoblanadi. Bunga Rossiya Federatsiyasi ko‘zini yumyapti. Kremlda katta lavozimda o‘tirgan rus millatchilar buni ochiq shior qilib chiqara olmaydi, mansabidan mahrum bo‘ladi, shuning uchun norasmiy tarzda qo‘llab-quvvatlaydi. Qani, rus millatchilaridan kim qamoqqa o‘tkazilgan? Hech kim!- deydi faol Usmon Baratov.

Federal migratsiya xizmati Moskva shahri bo‘yicha boshqarmasida Ozodlik so‘roviga Kapotnyadagi mushtlashuv paytida ushlab qolingan muhojirdan 20 nafari deportatsiya qilinishi, qolgan 19 kishi hujjatlari joyida ekani va ular mahalliy turar-joy kompleksida rasman farrosh bo‘lib ishlab kelayotgani aniqlanganini xabar qilishdi.

Shuningdek, 28 sentyabr kuni mahalliy Jinoyat Kodeksining 322.1 moddasi asosida 45 yoshli ukrainalik ayolga nisbatan noqonuniy migratsiya tashkil etganlik aybi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma‘lum bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG